Iqtisodiyot | 19:46 / 20.10.2023
20022
2 daqiqa o‘qiladi

21 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxining o‘zgarishi tahlil qilindi

8 xil mahsulot bo‘yicha minimal narxlar arzonlashgan, 3 xil mahsulot bahosi o‘zgarmagan, 10 turdagi mahsulot narxlari esa qimmatlashgan.

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari 2023 yilning oktyabr oyida Toshkent shahridagi yirik supermarketlarda 21 nomdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxining o‘zgarishini ko‘rib chiqdi

Monitoring natijalari 8 xil mahsulot bo‘yicha minimal narxlar o‘tgan oydagiga nisbatan pasayganini ko‘rsatgan. Masalan, oq karamning narxi 61,5 foiz, olmaning narxi 15,4 foiz, sariq piyozning narxi 10,3 foiz, makaronning narxi 4,7 foiz, mol go‘shtining narxi 4,6 foiz, o‘simlik moyining narxi 3,1 foiz, limonning narxi 1,6 foiz, bodringning narxi 1,3 foiz pasaygan. Guruch, shakar va margarinning eng past narxlari esa o‘zgarishsiz qolgan.

10 turdagi mahsulot narxlari esa oshgan. Bu borada pomidor yetakchi bo‘lgan. Uning eng past narxi 5950 so‘mdan 9990 so‘mga ko‘tarilgan. Banan va sut narxi ham sezilarli darajada oshgan: ularning narxi mos ravishda 3000 so‘mga va 2110 so‘mga qimmatlashgan.

Tahlil 7 sentabr va 12 oktabr kunlari o‘tkazilgan monitoring ma’lumotlari asosida qilingan. 

Mavzuga oid