2022 yilning 1 noyabridan Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxonaning B binosi 24/7 ishlashni boshlagandi. Kutubxona rasmiylarining Kun.uz’ga bergan izohiga ko‘ra, sinov tariqasidagi tizim o‘zini qisman oqlamagan.
Buning sabablarini kutubxona direktori o‘rinbosari Nasiba Xoldorova sanab o‘tdi. Uning ma’lumot berishicha, birinchi sabab tungi vaqtda faoliyat yuritadigan xodimlar uchun taklif qilingan maoshga ko‘pchilik rozi bo‘lmagan va yana tungi smenada ishlashga ayol xodimlarning oila a’zolari qarshilik qilgan.
Keyingi sabab, Milliy kutubxona foydalanayotgan “Ma’rifat markazi” ixtisoslashtirilgan direksiyasida farrosh xodimlar oylik maoshlarining (980 000 ming so‘m) kamligi tufayli 22 shtat birligidan 14 tasi vakant qolyapti. Natijada xizmat ko‘rsatish zallari va binoning umumiy foydalanish joylarini tozalash sanitar gigiyenik talablarga javob berishida muammolar yuzaga kelgan.
Uchinchi sabab kuz-qish mavsumi yaqinlashgani tufayli garderob xizmati zarur, tungi vaqtda garderobda xizmat ko‘rsatishga shtat birligi ajratilmagan.
Binoni qo‘riqlash va xavfsizlikni ta’minlashga jalb etilgan Milliy gvardiya xodimlarining bir smena tarkibi qisqartirilgani ham binoni to‘liq nazorat qilish (foydalanuvchilarning kirib-chiqishi) imkoniyatini cheklagan.
Xoldorova Milliy kutubxonaning tungi vaqtda faoliyat yuritishi jarayonida foydalanuvchilar tartibsizligi ham ko‘payganini aytadi.
“Foydalanuvchilar bir-birlari bilan kelishmovchilikka borishlari, o‘quv zallarida (stullarni birlashtirib) uxlab yotishlari, tungi vaqtda (borar joyi bo‘lmagan) uxlash maskaniga aylantirib olishi, spirtli ichimlik ichib kelish holatlari, o‘g‘riliklar kuzatilib, binoni qo‘riqlash va xavfsizligini ta’minlash xizmati, ichki ishlar organi xodimlari tomonidan bayonnomalar, Milliy kutubxona xodimlari tomonidan tushuntirish xatlari olingan va ogohlantirishlar rasmiylashtirilgan”, – deydi u.
Shuningdek, Kun.uz’ga kutubxona foydalanuvchilari kechki tartibda qanday mashg‘ulotlar bilan shug‘ullangani haqidagi statistika ham taqdim etildi. Unga ko‘ra, tungi vaqtda foydalanuvchilarning 66 foizi internet tarmog‘idan, 32,5 foizi YouTube’dan, 1,5 foizi kitoblardan foydalangan.
Nasiba Xoldorova aytayotgan tungi smenada ishlaydigan xodimlar yetishmasligi va oyliklar masalasini aniqlashtirish uchun Kun.uz “Ma’rifat markazi” ixtisoslashtirilgan direksiyasi direktori o‘rinbosari Botir Qurbonov bilan gaplashdi. Uning tushuntirishicha, shtat va oyliklar masalasida Vazirlar Mahkamasi yangi qaror chiqarishi kerak.















