Jahon | 21:34 / 29.10.2023
38060
12 daqiqa o‘qiladi

Isroilning G‘azo sektoridagi quruqlik amaliyoti. So‘nggi ma’lumotlar

Shanba kuniga o‘tar kechasi Isroil urush boshidan buyon G‘azo sektorida eng intensiv aviazarbalarini amalga oshirdi va quruqlik amaliyotini kengaytirdi. TsAHAL ham jangovar maqsadlarda, ham qo‘shimcha infratuzilma sifatida foydalanilgan 150 ta yerosti tunnellariga zarbalar yo‘llangani, shuningdek, HAMASning yuqori martabali qo‘mondonlari o‘ldirilgani to‘g‘risida ma’lumot bergan.

28 oktyabr kuni Isroil mudofaa armiyasi vakili, general-mayor Nir Dinar qo‘shin qismlari G‘azo sektoriga kirganini tasdiqladi. «Bizning qo‘shinlar va tanklar G‘azo sektorida bo‘lib turibdi. Ular o‘t ochadi va harakatlanadi», — deya uning so‘zlarini keltirgan The New York Times. Dinar Isroil qo‘shinlari va  tanklari «bir kun oldin ham sektorda bo‘lgani»ni qo‘shimcha qilgan. Katta ehtimol bilan u TsAHAL so‘nggi kunlarda sektorda o‘tkazgan reydlarni nazarda tutgan.

G‘azo sektori aholisi Isroilning urush boshlanganidan buyon eng intensiv hujumlari haqida xabar berdi. Haʼaretz nashri G‘azo sektorining sharqiy qismida yashovchi mahalliy aholi vakiliga asoslangan holda sektorning shimoliy qismi tunda «to‘xtovsiz bombardimon» qilinganini xabar qilgan. Nashr shuningdek sektorning markaziy qismida va janubda Xon-Yunisda ham harbiy harakatlar olib borilganini bildirgan. HAMAS va «Islom jihodi» vakillari G‘azo shimolida isroillik harbiylar bilan to‘qnashuv boshlanganini tasdiqlagan. Haʼaretz ayni vaqtda qurbonlar sonini baholash imkonsizligi, chunki tibbiy brigadalar bilan aloqa uzilib qolganini ma’lum qilgan.

HAMASdagilar isroilliklarning hujumlariga «to‘liq kuch bilan» qarshilik ko‘rsatilishini bildirgan. Sky News xabariga ko‘ra, 28 oktyabr kuni guruh Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va uning «mag‘lub armiyasi hech qanday harbiy g‘alabaga erisha olmasligi»ni bildirgan. 

AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin isroillik hamkasbi Yoav Galant bilan suhbatda «Isroil mudofaa armiyasining amaliyoti vaqtida tinch aholini muhofaza qilish» kerakligini aytgan. Ostin shuningdek G‘azoda tinch aholi vakillari uchun insonparvarlik yordamlari yetkazilishi muhimligini qayd etgan. 

Isroil rahbariyatining bayonotlari va va’dalari

Shanba kuni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Tel-Avivda yaqinlari HAMAS qo‘lida garovda bo‘lgan isroilliklar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Garovdagilarning oila a’zolari G‘azo sektoridagi harbiy harakatlar faollashganidan xavotir bildirishgan.

«Garovdagilar va yo‘qolganlarning oilalari forumi» Isroil qo‘shini G‘azo sektori shimoliga kirgan tun «eng dahshatlisi» bo‘lganini ma’lum qilgan.

Ular hech kim «quruqlik amaliyoti garovdagi 229 kishining hayoti va sog‘ligini xavf ostiga qo‘ydirishi mumkinligi» borasida hech qanday izoh bermayotganidan shikoyat qilishgan.

Netanyahu ularni uyga qaytarish uchun barcha imkoniyatlar ishga solinishiga va’da bergan.

Netanyahu Isroil quruqlik kuchlari «yovuzlik tayanchi» bo‘lgan hududga (u bu orqali G‘azo sektorini nazarda tutgan) HAMASni yo‘q qilish va garovdagilarni uyga qaytarish uchun kirganini qayd etgan.

U TsAHAL tinch aholi vakillari himoyasi uchun ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishini aytgan va HAMASni harbiy jinoyatlarda ayblab, guruh o‘z xalqidan jonli qalqon sifatida foydalanishini ta’kidlagan.

Bosh vazir isroillik askarlar va komandirlar «ayni vaqtda G‘azo sektorining barcha joylari bo‘ylab taqsimlangani»ni bildirgan.

G‘azo sektoridagi operativ vaziyat

TsAHAL rasmiysi Daniel Hagari shanba kungi brifingda frontdagi operativ vaziyat bo‘yicha qisqacha ma’lumot berdi.

U Isroil kuchlari G‘azo sektoriga kirganini tasdiqlab, armiya haqiqiq urush bosqichidan o‘tayotganini ma’lum qilgan. U amaliyotda havo kuchlari ko‘magidagi piyodalar, zirhli tanklar, muhandislik va artilleriya kuchlari ishtirok etayotganini qo‘shimcha qilgan.

TsAHAL shuningdek havodan va dengizdan yoppasiga zarbalar amalga oshirmoqda.

«Qo‘shinlar hamon jang maydonida va harbiy harakatlarni davom ettirmoqda. Biz o‘z oldimizga qo‘yilgan va biz uchun belgilangan maqsadlarga erishish uchun harakat qilmoqdamiz: HAMASni yakson qilish, chegaralar xavfsizligi va o‘g‘irlab ketilganlarni qaytarish bo‘yicha harakatlarni kuchaytirish. Vaziyatni baholashda va Bosh shtab hamda tegishli qo‘shinlar shtablari tomonidan qaror qabul qilinishida bularning barchasi birgalikda hal qiluvchi ahamiyatga ega», degan Daniel Hagari.

U yakshanba kungi brifingda G‘azo sektoriga qo‘shimcha kuchlar yuborilayotganini ma’lum qildi.

«Tunda biz sektorga TsAHALning yangi bo‘linmalarini tashladik va ular allaqachon harbiy harakatlar olib borayotgan kuchlarga qo‘shildi.

Biz G‘azo sektoridagi quruqlik amaliyotlarimiz va harakatlanuvchi kuchlarimiz sonini bosqichma-bosqich kengaytirmoqdamiz. Quruqlikdagi amaliyot murakkab va bizning harbiylar uchun ham xavflarni o‘z ichiga oladi. Biz qo‘shinlarimiz xavfsizligini ta’minlash va bu urushdagi maqsadlarga erishish uchun qo‘limizdan kelgan  barcha ishni qilamiz — havodan, dengizdan va quruqlikdan», degan u.

So‘nggi kunlardagi asosiy voqealar

Isroil armiyasi HAMAS «havo kuchlari komandiri» Asem Abu Rakabe yo‘q qilingani hamda harakatning yerosti tunnellarining bir qismi yo‘q qilingani to‘g‘risida hisobot bergan.

TsAHAL ma’lumotiga ko‘ra, Rakabe harakatning dronlari, paraplanlari, havo jismlari va havo hujumidan mudofaasi uchun mas’ul bo‘lgan. «U 7 oktyabr kungi qirg‘inni rejalashtirishda qatnashgan, Isroil hududiga paraplanlarda bostirib kirgan terrorchilarni boshqargan va dronlarning TsAHAL postlariga uyushtirgan hujumlariga mas’ul bo‘lgan», — deyilgan xabarda.

Shuningdek G‘azo harbiy-dengiz brigadasi komandiri va HAMASning bir necha taktik bo‘linmalari komandirlari o‘ldirilgani ma’lum qilingan, ularning nomlari keltirilmagan.

Isroil aviatsiyasi HAMASning yerosti tunnellari tarmog‘iga jiddiy shikast yetkazgani aytilgan. Harbiy va boshqa maqsadlardagi 150 ta yerosti obektlari vayron qilingan.

Isroillik harbiylar 29 oktyabr kuni G‘azo shimolida HAMAS a’zolari bilan to‘qnashuvlar ro‘y berganini xabar qildi.

Isroil mudofaa armiyasi telegram-kanalida «G‘azo sektorining shimoliy qismida quruqlik amaliyoti davom etayotgani» va sektor hududida isroillik harbiylarga o‘t ochgan HAMAS a’zolari bilan to‘qnashuv ro‘y bergani, hujum qilganlar yo‘q qilinganini ma’lum qildi. Shuningdek, Isroilning G‘azo sektori bilan chegarasida joylashgan Zikim kubutsida bir guruh falastinlik jangchilar aniqlanib, ularga ham zarba berilgan

HAMASning harbiy qanoti bo‘lmish «Qassam brigadasi» telegram-kanalida G‘azo sektori shimolidagi Beyt-Lahiya hududida isroillik harbiylarga pistirmaga tushib qolgani haqida xabar berilgandi.

Yaqin vaqtlarda nima kutish mumkin?

Isroil mudofaa armiyasi yaqin kunlar uchun rejasini oshkor qilmayapti, ammo hozircha G‘azo sektori shimoliy qismidan qo‘shinlarni olib ketish rejalashtirilmayapti.

Ayrim operativ ma’lumotlarga ko‘ra, isroillik harbiylar bu yerda qator tunnellarni tozalashni rejalashtirayotgan bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, aftidan, maxsus xizmatlar o‘ta muhim nishonlarni aniqlash va alohida – garovdagilarning joylashuvini aniqlash bo‘yicha amaliyotlar o‘tkazmoqda.

Isroil armiyasi G‘azo sektorida keng ko‘lamli quruqlik amaliyotini boshladi deb hisoblash mumkinmi?

Ekspertlar formulirovkada shoshilmaslikni ma’qul ko‘rmoqda. Ammo, ularning so‘zlariga ko‘ra, biz katta amaliyotning boshlang‘ich bosqichi bo‘lishi mumkin bo‘lgan keng ko‘lamli quruqlik reydiga guvoh bo‘layotganimiz aniq.

G‘azo sektoridan so‘nggi xabarlar

BBC News muxbiri Rushdi Abualaf G‘azo sektoridagi vaziyat «to‘liq xaos» deb baholagan. «G‘azo sektori shimolida misli ko‘rilmagan kuchli bombardirovka bo‘lmoqda. <…> Bu yerda, shifoxonada tez yordam mashinasi haydovchisi hech kim bilan bog‘lana olmayotgani, shu tufayli shunchaki portlash bo‘lgan tomonga qarab yurayotganini aytdi. Hamma yoqni vahima chulg‘ab olgan, hatto bombardirovka nisbatan kam bo‘lgan Xon-Yunisda ham. Odamlar boshqa hududlardagi yaqinlari bilan bog‘lanishga harakat qilmoqda, ammo aloqa uzilgan. Bu to‘la xaos», — degan jurnalist. 

Juma kunidan sektor bilan aloqa uzilib qolgandi, harbiy harakatlar faollashganda hududda telefon va internet aloqasi uzilib qolgandi. NetBlocks kompaniyasi yakshanba kuni aloqa tiklana boshlaganini ma’lum qildi, G‘azodagi ayrim jurnalistlar telefon qo‘ng‘iroqlaridan foydalanayotgani hamda ijtimoiy tarmoqlarga kirishga muvaffaq bo‘lganini aytishgan.

Isroil G‘azo sektorini suv bilan ta’minlaydigan uchta quvurdan ikkinchisini qaytadan ochdi va bu anklavga kuniga 28,5 mln litr suv olib keladi – bu Isroil urushga qadar yetkazib bergan suvning taxminan yarmidir. 9 oktyabr kuni Isroil G‘azoga suv yetkazib berishni butkul to‘xtatib qo‘ygandiya, o‘tgan haftada esa janubiy suv quvurlaridan birining faoliyatini tiklagandi.

Qizil Yarimoy jamiyatining Falastin bo‘limi Isroil hukumati G‘azo sektori shimolidagi «Al-Quds» shifoxonasini evakuatsiya qilishga ko‘rsatma bergani haqida ma’lum qildi. Uning bayonotida tibbiy muassasa xodimlari shifoxonaga havo zarbalari yo‘llanishi mumkinligi va zudlik bilan xavfsiz joyga ketish kerakligi to‘g‘risida ogohlantirilgani aytilgan.

Isroil harbiylari yaqin vaqtlar ichida G‘azo sektoriga insonparvarlik yordamlari ortilgan yangi yuk mashinalari kelishi kutilayotganini ma’lum qilib, oziq-ovqat, suv va dori-darmon yetishmovchiligi to‘g‘risidagi xabarlarni rad etgan.

Isroilning boshqa chegaralaridagi vaziyat

Shimoliy frontda (Livan bilan chegarada) juma kuni TsAHAL Isroil tomon o‘t ochilishiga javoban «Hizbulloh»ning harbiy infratuzilmasiga hujum qildi, deb xabar bergan shanba kungi brifingda Daniel Hagari.

Iordan daryosining G‘arbiy sohilida so‘nggi kunlarda tinchlik hukm surayotgan bo‘lsa ham Isroil armiyasi yuqori shaylik holatida turibdi.

«Ichki frontga keladigan bo‘lsak, men jamoatchilikni o‘zini qanday tutish kerakligi, nima hayot uchun xavfliligi, himoyalangan kengliklardan qanday foydalanish kerakligi bo‘yicha Ichki front qo‘mondonligi yangilab borayotgan ko‘rsatmalarga rioya etishni davom ettirishga chaqiraman. Bizning ko‘rsatmalarimizga, shuningdek, rasmiylarning ko‘rsatmalariga amal qilish juda muhimdir», degan TsAHAL vakili brifing yakunida.

Isroil mudofaa armiyasi ma’lumotiga ko‘ra, HAMASga qarshi urush boshlanganidan buyon 311 nafar isroillik harbiy halok bo‘lgan.

Jami yo‘qotishlar soni allaqachon 2006 yilgi Ikkinchi Livan urushidagi yo‘qotishlardan oshib ketgan. O‘shanda 121 nafar harbiy halok bo‘lgandi.

Isroil armiyasining eng katta yo‘qotishi 1973 yilgi Mahshar kuni urushida ro‘y bergan – 2656 kishi.

Mavzuga oid