O‘zbekiston | 22:43 / 30.10.2023
18244
5 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyat SSB boshlig‘i tibbiyot xodimlariga hasharga chiqish bo‘yicha topshiriq berdi 

Telegramʼda tarqalgan audioda Ulug‘bek Abdug‘aniyev viloyatda ikki kunlik hashar e’lon qilingani, shu munosabat bilan hasharda barcha tibbiyot xodimlari qatnashishi shartligini aytadi. U Kun.uz bilan suhbatda audio haqiqiyligini tasdiqladi. 

“Toshkent viloyatida bugun, ertaga hashar e’lon qilingan va viloyatdagi har bir tibbiyot muassasasi hududida xodimlar bilan hashar tashkil qilib, barglar bo‘ladimi, “musor” bo‘ladimi, narsalardan tozalab, hududlaringni tozalashlaringni so‘rayman.

Viloyat rahbarlari xududlarda aylanib, joylarda reydlar o‘tkazmoqda. Uyaltirib qo‘ymaslik uchun bugundan, mana, ish vaqtidan keyin va ertalab umumhashar”, – deyiladi tarqalgan audioda.

Ulug‘bek Abdug‘aniyev

Ulug‘bek Abdug‘aniyevning ushbu topshirig‘i ba’zi tibbiyot bo‘limi rahbarlarida e’tiroz uyg‘otgan bo‘lishi mumkin. Jumladan SSB boshlig‘i o‘zining keyingi sms xabarida shunday e’tirozlarga quyidagicha javob beradi:

Assalomu alaykum urtoklar dustlar! Gapim Axmadjon va unga uxshab negativ fikr bildirayotgan dustlarimga (agar sizlarni dust deyish mumkin bulsa, vaxolangki bunga loyik bulmasangiz xam)! Kancha vaktdan beri kuzataman, kuyosh chiksa xam negativ, mushuk tugsa xam negativ fikr berasiz! Ozmi-kupmi shu Davlat sizni odam kildi, ukitdi, ustingizga ok xalat kiydirdi, mana endi xalol kilib oilangizga lukma tashiydigan buldingiz! Insonda ozgina vatanparvalik, xalkparvarlik xissi bulishi kerak, uzi ishlayotgan joyga mexri bulishi kerak, subbotnik ish joyida deyilyapti, tilim bor deb kaltafaxm gaplarni gapiraverishga xojat yuk! Mansabda, uzgaribdi degan gaplarni gapirish sizga emas, sizga yokmasa ba’zi sirkulyar mushaklaringizni xarakatga keltirib fikr bildirmasangiz xam sizdan xech kim talab kilmaydi! Ishxona xam oiladay gap, jamoa, mexr degan narsalar bor, uzingizga karashli territoriyaga chikib bitta daraxt eking, tozalikka e’tibor kilib kuying, shunda kuch tilingizga emas kulingizga boradi! Vakti keladi bu ishlarni kilishga xojat kolmaydi, shugullanadigan insonlar buladi, lekin bugun biz kollektiv bilan bulishimiz kerak! Gaplarim kimgadir yokmasa uzr surayman!

Ulug‘bek Abdug‘aniyevga tegishliligi aytilgan audio tarmoqlarda tarqalarkan, u foydalanuvchilarning e’tirozlari va “majburiy mehnat qaytyaptimi?” – mazmunidagi savollar tug‘ilishiga sabab bo‘lmoqda.

Kun.uz muxbiri Toshkent viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Ulug‘bek Abdug‘aniyev bilan bog‘landi va holat yuzasidan izoh oldi.

Abdug‘aniyev muxbir bilan gaplasharkan, viloyat va tumanlardagi sog‘liqni saqlash xodimlarini hasharga jalb qilishni majburiy mehnat deb hisoblamasligini ma’lum qildi.

“Har bir hududda kuz-qishga tayyorgarlik, shanbalik, axlatdan tozalash, ko‘chat ekish va boshqa ishlarni amalga oshirsin, deb topshiriq berganman. Uni qanday talqin qilishayotganidan esa xabarim yo‘q. Yo‘q, bu majburiy mehnatga kirmaydi. Muhtaram prezidentimizning o‘zlari aytdilar. Maktab, shifoxona hududida tozalash ishlarini olib borish qanday qilib majburiy mehnatga kiradi? Hech kim ularga ko‘chaga chiqib ishla deyayotgani yo‘q-ku”, – dedi Ulug‘bek Abdug‘aniyev.

SSB boshlig‘i shuningdek, maktab va tibbiyot birlashmalari hududini tozalash o‘qituvchi va shifokorlarning funksional vazifasiga kiradimi, deya berilgan savolga ham javob qaytardi.

“Bunday ishlar hamshira va o‘qituvchilarning kasbiy vazifasiga kirmaydi, ammo xodimlarning jamoa shartnomasida ularning jamoaviy, ommaviy tadbirlarda qatnashishi kerakligi Kasaba uyushmalari va boshqalar tomonidan ko‘rsatiladi. Xodimlar ko‘cha tozalashga jalb qilinayotgani yo‘q-ku. Har bir tashkilot hududida bo‘limlar obodonlashtiradigan, qarab turadigan hududlari bor, o‘sha joylarga mas’ul qilib belgilab qo‘yilgan”, – dedi u.

Mavzuga oid