Jahon | 23:45 / 30.10.2023
16921
2 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiyning Qrimda musodara qilingan kvartirasi auksionda sotildi

Rossiya tomonidan musodara qilingan uy-joy uchun xaridor 44,3 mln rubl to‘ladi.

Foto: RIA Novosti

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va uning rafiqasi Olenaga tegishli bo‘lgan kvartira kimoshdi savdosi orqali sotildi. Qrimning Yalta shahrida joylashgan uy-joy uchun xaridor 44,3 million rubl (5,8 mlrd so‘m) to‘ladi, bu boshlang‘ich bahodan 20 million rubl ko‘proq. Xaridor kvartira Ukraina prezidenti oilasiga tegishli ekanini bilmaganini aytdi. 

Kimoshdi savdosi Rossiya davlat va munitsipal mulk obektlarini sotish bo‘yicha auksionlar o‘tkaziladigan «GIS Torgi» portalida elektron shaklda o‘tkazilgan. Kvartira uchun faqat ikki ishtirokchi kurashgan. Yakunda moskvalik Olga Lipovetskaya g‘olib deb topilgan. Uning turmush o‘rtog‘i Igorning qo‘shimcha qilishicha, o‘zi ham, rafiqasi ham o‘tmishda kvartira kimga tegishli ekanini kimoshdi savdosi tugaguniga qadar bilmagan. 

Zelenskiy oilasining sobiq kvartirasi Livadiya qishlog‘ida, «Imperator» elita turar-joy majmuasining beshinchi qavatida joylashgan. Uy-joy Olena Zelenskaya nomiga ro‘yxatga olingan. U kvartirani 2013 yilda sobiq deputat Aleksandr Buryakdan 163,8 ming dollarga (2 mlrd so‘m) sotib olgan. 

Qrim yarimoroli 2014 yilda Rossiya tomonidan istilo qilingach, ko‘plab mulklarni musodara qilish kampaniyasi boshlandi. Jumladan, Igor Kolomoyskiy, Rinat Axmetov, Arseniy Yatsenyuk, Nestor Shufrich, Sergey Taruta va boshqa ko‘plab ukrainalik oligarxlar, siyosatchilar va biznesmenlarning mulki Rossiya tomonidan o‘zlashtirildi. 

Shuningdek, Qrim Davlat kengashi 2023 yil 24 may kuni Yaltadagi Zelenskiy kvartirasini ham musodara etish to‘g‘risidagi qarorni qabul qildi. Yarimorolga Rossiya tomonidan rahbar qilib tayinlangan Sergey Aksyonov so‘zlariga ko‘ra, 2014 yildan beri Qrimda 700 ta obekt musodara qilingan.

 

Mavzuga oid