Jahon | 22:28 / 31.10.2023
8836
2 daqiqa o‘qiladi

BMT Ukrainaning Groza qishlog‘i Rossiya tomonidan o‘qqa tutilganini tasdiqladi 

U yerda 59 kishi halok bo‘lgan, ularning barchasi tinch aholi vakillari edi. 

Foto: Reuters

BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi (OHCHR) Ukrainaning Harkiv viloyati, Groza qishlog‘ida 59 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan raketa zarbasi yuzasidan olib borilgan tergov yakunlari bo‘yicha hisobotni (.pdf) e’lon qildi.

Hisobot BMT mutaxassislari tomonidan o‘qqa tutilgan joyni tekshirish, shuningdek, mahalliy aholi, guvohlar, omon qolgan ikki kishi, tibbiyot xodimlari va o‘likxona xodimlaridan iborat 35 kishining ko‘rsatmalari asosida tuzilgan. 

Tekshiruvdan so‘ng BMT ekspertlari halok bo‘lgan 59 kishining barchasi tinch aholi ekani haqidagi xulosaga kelgan. 

«Ma’raka vaqtida hodisa joyida yoki uning yonida qonuniy harbiy nishonlar mavjudligiga oid hech qanday dalil topilmadi», deyiladi hisobotda. 

Mualliflar xulosasiga ko‘ra, Rossiya harbiylari nishon harbiy maqsad ekanini tekshirish uchun barcha imkoniyatni ishga solmagan yoki ataylab tinch aholini nishonga olgan. Ikkala holat ham xalqaro huquqning buzilishi ekani aytilmoqda. 

Hodisa yuzasidan BMT Rossiyaga xalqaro gumanitar qonunlarga rioya qilishni, harbiy amaliyotlar chog‘ida tinch aholi xavfsizligi haqida qayg‘urishni va jabrlanganlarga munosib tovon to‘lashni ta’minlashni tavsiya etgan. 

Rossiya harbiylari 5 oktyabr kuni Ukrainaning Groza qishlog‘iga raketa zarbasini berdi. Unda urush boshida halok bo‘lgan ukrainalik harbiy Andrey Kozirni xotirlash marosimi o‘tkazilayotgan edi. Zarba oqibatida 59 kishi halok bo‘ldi. Rossiyaning BMTdagi vakili Vitaliy Nebenzya so‘zlariga ko‘ra, bu «yuqori martabali natsist»ning ma’rakasida «uning ko‘plab natsist sheriklari» yig‘ilgan edi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid