O‘zbekiston | 21:34 / 31.10.2023
8379
5 daqiqa o‘qiladi

“Bu – advokaturaning oyog‘iga bolta urish” - advokatlar ularning erkini cheklaydigan yangi loyiha haqida 

Advokat Jahongir Mutalipov, Saidali Muxtoraliyev va inson huquqlari himoyachisi Abdurahmon Tashanov Kun.uz’ga bergan intervyusida yangi tahrirdagi “Advokatning kasb etikasi qoidalari” loyihasining konstitutsiyaga zid jihatlarini sanab o‘tdi.

Ma’lumot uchun, Advokatlar palatasi muallifi bo‘lgan Advokatlarning kasb etikasi qoidalarida “amaldorlarni muhokama qilmaslik va fuqarolarda islohotlarga ishonchsizlik uyg‘otmaslik” talabini qo‘yish ko‘zda tutilmoqda.

 

Saidali Muxtoraliyev:

— Advokat sifatida shaxsan menga bu loyiha juda og‘ir ta’sir qildi. Loyihaning 55-bandida ko‘tarilayotgan masala shuki: advokat davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatini ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilishga haqli emas ekan. Ko‘ryapsiz, taklif juda ko‘p muhokama qilindi va palata unga rasmiy bayonot ham berdi.

Bizdagi asosiy fikr shuki, bu loyiha advokatlarning so‘z erkinligini mutlaq cheklaydi. O‘zi advokatlarning faoliyati gapirish, izohlash va muhokamadan iborat. Bu narsa advokaturaning oyog‘iga bolta urish deb qabul qilamiz.

Jahongir Mutalipov:

— Bilasiz, bir necha yildan buyon advokatlarning ijtimoiy tarmoqlarda faolligi ortishi bilan odamlarda ularga nisbatan ishonch ortdi, obro‘si bir qadar ko‘tarildi. Xo‘sh, loyiha tasdiqdan o‘tib ketsa nima bo‘ladi?

Deylik, advokat o‘z mijozi bilan ko‘risholmagani va buning qonunga zid ekani haqida ijtimoiy tarmoqlarda o‘z fikrini yozdi. O‘sha yozgani taklif qilinayotgan loyiha bo‘yicha o‘z-o‘zidan jazoni ijro etuvchi muassasani (JIM) obro‘sizlantirgan hisoblanadi.

Advokat istalgan qonun hujjatidagi xatolarni, kamchiliklarni tarmoqda muhokama qilishi kerak. Ijtimoiy tarmoqqa chiqmasa, ishlar bitmayapti. Shunaqa «kasal» bo‘lib qoldi jamiyat.

Saidali Muxtoraliyev:

— Yangi loyihadagi bir bandni  o‘qib beraman. Xulosani siz chiqarasiz. Eski tahrirning 63-bandida shunday qoida bor: «Advokat tomonidan advokatura to‘g‘risidagi qonun hujjatlari va ushbu qoidalar talablari buzilsa, biroq kam ahamiyatli bo‘lgani sababli advokatning sha’ni, qadr-qimmatiga dog‘ tushirmaydigan, advokatura obro‘sini to‘kmaydigan hamda ishonch bildiruvchi shaxsga zarar keltirmaydigan holatlar bo‘lsa, advokatga intizomiy jazo qo‘llanmaydi» deyilgan. Yangi tahrirda bu chiqarib tashlanmoqda, deyilyapti va asoslovchi qismda aytyapti: «Advokat sodir etgan qilmishi katta yoki kichikligidan qat’i nazar belgilangan javobgarlikka tortilishi lozim», deyilmoqda.

Amaldagi etika qoidasida kam ahamiyatli qoida buzilsa,intizomiy jazoga tortilmaydi, deyapti. Yangi tahrirda esa bunday emas. Shunga ham e’tirozimiz bor. Katta ehtimol bilan bu band o‘tib ketishi mumkin.

Abdurahmon Tashanov:

— Judayam g‘alati holat. Nimaga endi hammaga berilgan konstitutsion huquq advokatdan tortib olinyapti? Bir sohani bo‘g‘ib qo‘yish bu. Chindan shunday qilmoqchi bo‘lishsa, ana, konstitutsiyani o‘zgartirishsin. Bizda Konstitutsion sud degan organ bor, xo‘sh, u o‘zi nimaga kerak? Bu sud har qanday hujjatning konstitutsiyaga zid bo‘lmasligini ta’minlashi kerak emasmi? Bu vaziyatda konstitutsiyaviy sud loyihani bekor qilishi lozim.

Saidali Muxtoraliyev:

— Yangi loyihada xuddi 55-bandga o‘xshash yana 9 ta band bor. Menimcha, loyihani ishlayotganlar biri bo‘lmasa birining o‘tib ketishini o‘ylashgan. Deylik, loyihaning bir joyida «advokat o‘zini va advokatlik tuzilmasini reklama qilishi mumkin emas» deyilyapti. Ammo bu “Reklama to‘g‘risida”gi qonunga zid. Unda hamma narsa belgilangan. Bir advokat men falon yo‘nalish bo‘yicha advokatman desa ham, litsenziyaga daxl qilishi mumkin yangi loyiha bo‘yicha.

Palata yangi loyihaning faqat 55-bandiga qarshiligini bildirdi, boshqalarini aytmadi. Shuning uchun ham bayonotdan qoniqmadik biz.

Advokatlarga amaldagi kasb etikasi qoidalari yetarli, yangilashga ehtiyoj yo‘q. 18 noyabrda bo‘ladigan konferensiyada yangi loyiha umuman muhokamaga qo‘yilishi kerak emas. Asosiy masala yangi rahbariyat saylanishiga qaratilishi kerak. O‘shandan keyin, yangi tarkib bilan yangi loyiha ishlab chiqsak, to‘g‘ri bo‘ladi. Hech qanday g‘arazsiz, haqiqatparvar rahbarlar boshchiligida bo‘lsin.

Илёс Сафаров
Tayyorlagan Илёс Сафаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid