Yangi “dom”larda dudburon qurilish me’yorlariga zid ravishda o‘rnatilmoqda – Senat
2020 yildan buyon O‘zbekistonda 421 kishi is gazidan halok bo‘lgan. Senat yig‘ilishida yangi qurilgan ko‘p qavatli uylardagi dudburon va shamollatish kanallari amaldagi qurilish me’yorlariga zid ravishda o‘rnatilayotgani is gazidan zaharlanishga sabab bo‘layotgan omillardan biri sifatida qayd etildi.
Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishida aholi o‘rtasida is gazidan zaharlanish holatlarining oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, mazkur sohada o‘tkazilgan o‘rganishlar natijalari muhokama qilingan.
Ma’lum qilinishicha, 2020–2022 yillar va 2023 yilning 9 oyi davomida is gazidan zaharlanish bilan bog‘liq 245 ta noxush holat yuz bergani oqibatida 200 kishi jarohatlangan, 421 kishi halok bo‘lgan. Senatorlar bunday holatlarga ushbu sohada hali ham qator tizimli muammo hamda kamchiliklar mavjudligi sabab bo‘layotganini ta’kidladi.
Xususan, yakka tartibdagi uy-joylar, ko‘p qavatli uylarda o‘rnatilgan gazda va qattiq yoqilg‘i yoki neft mahsulotlarida ishlovchi aksariyat qurilmalarning dudburon va shamollatish kanallari soz holatda emas. Ular sifatli tozalanmagan va belgilangan muddatlarda texnik ko‘rikdan o‘tkazilmagan. Shuningdek, yangi qurilgan ko‘p qavatli uylardagi dudburon va shamollatish kanallari amaldagi qurilish me’yorlariga zid ravishda o‘rnatilmoqda.
Shuningdek, turar joylardagi gaz plitalari, isitish qozonlari, dudburonlar va ventilyatsiya tizimini taftishdan o‘tkazish va profilaktika xizmatlari ko‘rsatishni tizimli tashkil etish asosiy vazifalardan biri sifatida belgilangan. Biroq shu kunga qadar mazkur xizmatlarni ko‘rsatish tizimini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjat mavjud emas. Oqibatda tegishli ishlar mutaxassis bo‘lmagan xodimlar tomonidan sifatsiz va yuzaki bajarilmoqda.
Is gazi bilan bog‘liq noxush holatlarning oldini olish borasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi yaxlit normativ-huquqiy hujjat mavjud emas, bu borada vakolatli davlat organi aniq belgilanmagan. Vazirlar Mahkamasining 2021 yildagi 64-sonli qarorida turar joylardagi dudburon va shamollatish kanallarining texnik holatini taftishdan o‘tkazish, aniqlangan nosozliklarni bartaraf etish hamda bu sohada profilaktika xizmatlarini ko‘rsatish Favqulodda vaziyatlar vazirligi zimmasiga yuklangan bo‘lsa-da, mamlakatdagi 7,5 milliondan ortiq xonadonni to‘liq qamrab olish va ushbu vazifani amalga oshirish uchun vazirlikning texnik imkoniyati yo‘q.
Senatga ko‘ra, gazda ishlovchi qurilmalarni o‘rnatish va ta’mirlash uchun mutaxassislarga maxsus ruxsatnoma beruvchi tizim ham mavjud emas.
“Yana bir muhim masala — bugungi kunda dudburon va shamollatish kanallarini tozalash, sinovdan o‘tkazish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan 200 dan ortiq xo‘jalik yurituvchi sub’yekt faoliyati ustidan ta’sirchan nazorat o‘rnatilmagan, ularning xodimlari attestatsiyadan o‘tkazilmaydi.
Amaldagi qonunchilikda xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar tomonidan o‘tkazilgan texnik ko‘rikning sifati uchun javobgarlik masalasi belgilanmaganligi sababli ushbu sub’yektlar mutaxassislari tomonidan aholiga yolg‘on ma’lumotlar berish, tamagirlik kabi qonunbuzarliklar sodir etilmoqda.
Xususan, mutaxassis bo‘lmagan xodimlar tomonidan muayyan mablag‘ evaziga hatto xonadonga kirmasdan turib ham dudburon va shamollatish kanallarida tozalash ishlari hamda gaz jihozlari va isitish moslamalari texnik ko‘rikdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida qalbaki dalolatnomalarni rasmiylashtirish holatlari ko‘paygani fuqarolarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Is gazidan zaharlanish oqibatlarini hisobga olishning aniq tizimi haligacha yaratilmagan, turli tuzilmalar tomonidan baxtsiz hodisalar hisobini yuritishda jiddiy tafovutlar mavjud”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, is gazidan zaharlanishga olib kelayotgan omillar negizida qo‘lbola gaz pechlardan va isitish uchun mo‘ljallanmagan nostandart moslamalardan foydalanish, dudburonlarning nosoz holatda bo‘lganligi hamda dudburon va shamollatish kanallarining yo‘qligi sabab bo‘lmoqda.
Yig‘ilishda Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining ushbu kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan aniq takliflari aks etgan qarori qabul qilingan.
Mavzuga oid
16:36 / 20.12.2024
Qarshida bir oilaning to‘rt a’zosi is gazidan zaharlangan - ekspertiza
16:25 / 20.12.2024
Chorvoqda bir oilaning uch a’zosi gazdan zaharlanib vafot etdi
17:32 / 19.12.2024
Qarshidagi fojianing gaz yoki is gazi bilan bog‘liqligi ehtimoldan yiroq - “Hududgazta’minot”
12:07 / 19.12.2024