20:26 / 02.11.2023
15855

G‘azoning janubiy qismiga aviazarbalar: anklavning «xavfsiz» deyilgan hududlari ham o‘qqa tutilmoqda

Isroil hukumati G‘azo sektori shimolida yashovchilarni o‘z uylarini tark etishga chaqirganidan so‘ng yuz minglab falastinliklar anklavning janubiy qismiga ko‘chishdi. Biroq TsAHAL G‘azoning janubiy qismiga ham zarba bera boshladi, natijada BMT va boshqa tashkilotlar G‘azoda «ortiq xavfsiz joy yo‘qligi»ni ta’kidlashdi.

Foto: ASHRAF AMRA / ANADOLU

BBC Verify bo‘limi G‘azodagi bir nechta lokatsiyalarga berilgan aviazarbalar hamda Isroil hukumatining evakuatsiya to‘g‘risidagi ogohlantirishlarni tahlil qilib chiqdi.

TsAHAL tomonidan e’lon qilingan ayrim ogohlantirishlar evakuatsiya qilinishi lozim bo‘lgan yo‘nalish strelkalarda ko‘rsatilgan joyning xaritalari bilan e’lon qilingan.

BBC o‘rgangan uchta aviazarba bayonotlar chiqqanidan so‘ng ko‘chish so‘ralgan o‘sha hududlar yoki ularga yaqin joylarga berilgan.

Xon Yunus. 10 oktyabr

10 oktyabr kuni TsAHAL o‘zining qiruvchi samolyotlari G‘azo sektori shimolidagi Rimal tumanida va anklav janubidagi Xon Yunus shahrida 200 dan ortiq obektlarni bombardimon qilgani haqida bayonot berdi.

BBC Xon Yunusdagi nishonlarga berilgan zarba oqibatlarini o‘rgandi. Aviazarbadan so‘ng e’lon qilingan videotasvirda shahar markazidagi binolarga zarar yetkazilgani va vayron qilinganiga guvoh bo‘lish mumkin.

Zarba berilgan joy yaqinida bo‘lgan obektlarga, jumladan, Xon Yunusdagi Katta masjid minorasiga qarab bomba tushgan joyga aniqlik kiritilgan.

Shuningdek, vayron bo‘lgan binolar, uylar va mashinalarning bo‘laklarini saralayotgan odamlarning fotosuratlari ham o‘rganilgan.

Fotosuratlar va videotasvirda bitta joy ko‘rsatilgan, chunki har ikki lokatsiyada dorixona peshlavhasini ko‘rish mumkin. Shuningdek, fotosuratlar avvalroq ro‘y bergan hodisaga taalluqli emasligiga ishonch hosil qilish uchun, tasvirlar avvalgi sanalarga qarab izlangan.

8 oktyabr kuni ertalab TsAHAL rasmiy vakili Avixay Adrae X («Twitter») tarmog‘ida arab tilida G‘azoning bir necha tumanlari aholsini o‘z uylarini tark etib, xavfsizroq joyga ko‘chish to‘g‘risidagi chaqirig‘ini e’lon qildi.

Xon Yunusning janubiy-sharqiy qismida joylashgan Abasan al-Kabiyra va Abasan al-Sag‘iyra tumanlari aholisi shahar markaziga ko‘chishi kerakligi aytilgan.

X tarmog‘ida e’lon qilingan xaritada Xon Yunus yo‘nalishini ko‘rsatuvchi strelkalarni ko‘rish mumkin. O‘sha kuni boshqa bir tavsiyalar ham berilgan bo‘lishi mumkin, biroq BBC bunga dalil topa olmagan.

Rafah. 11 oktyabr

11 oktyabr kuni anklavning eng janubiy qismi — Misr bilan chegarada joylashgan Rafah shahri markazidagi Najma maydoniga aviazarba berilgan.

BBC maydondagi vayronagarchiliklarni o‘rgangan: bu kadrlar aviazarbadan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan.

8 oktyabr kuni Isroil armiyasi Rafah aholisi «shaxsiy xavfsizligini ta’minlash maqsadida» shahar markazidagi boshpanaga qarab yurishlari lozimligi haqida ogohlantirish chiqaradi.

BBC shu davr ichida TsAHALning ijtimoiy tarmoqlardagi arab tilidagi barcha xabarlarini tahlil qilgan, biroq dastlabki chaqiruv bekor qilinganini isbotlovchi boshqa chaqiruvlarni topa olmagan.

Xon Yunus. 19 oktyabr

19 oktyabr kuni anklavning janubiy qismida Jamol Abdunnosir ko‘chasi bo‘ylab joylagan Xon Yunus shahriga yana aviazarba berilgan. Bundan shaharning bosh magistralidagi vayron qilingan binolarning videosi guvohlik berib turibdi.

Videoda tasvirlangan binolarni o‘sha joyda tushirilgan fotosuratlar bilan taqqoslab, BBC tahlilchilari bu bitta joy ekaniga aniqlik kiritishgan.

Ayrim videoyozuvlarda halok bo‘lganlar va yaradorlarni vayronalar ostidan chiqarib, eng yaqinda joylashgan Nosir shifoxonasiga olib ketishayotganini ko‘rish mumkin.

16 oktyabr kuni TsAHAL G‘azo aholisini «agar o‘zingizning va yaqinlaringizning xavfsizligi siz uchun muhim bo‘lsa», deb janubga — Xon Yunusga ko‘chish haqida ogohlantirgan.

Isroil harbiylari boshqa ogohlantirish ham chiqargan bo‘lishi ehtimoli bor, biroq BBC bunga dalil topa olmagan.

Markaziy G‘azodagi lagerlar. 17, 18 va 25 oktyabr

G‘azoning markaziy qismida to‘rtta qochqinlar lageri joylashgan. BBC ularning ikkitasiga berilgan aviazarbalarni tahlil qilishga muvaffaq bo‘lgan: Al-Burayj (17 oktyabr kuni vayron etilganlik videolari tahlil qilingan va ko‘z ko‘radigan masofadagi masjidning minorasiga qarab lokatsiya aniqlashtirilgan); an-Nuseyrat (18 oktyabr kungi vayronagarchiliklar videosi tahlil qilingan va videoyozuvlarda tushib qolgan do‘konlarning nomi bombalashgacha e’lon qilingan tasvirlardagi do‘konlar bilan solishtirilgan).

Mag‘azi tumanining sharqiy va janubiy qismida istiqomat qiluvchi aholiga G‘azo markazidagi lagerlarga ko‘chish to‘g‘risidagi 8 oktyabr kuni avvaldan e’lon qilingan ogohlantirishga qaramasdan, X tarmog‘ida e’lon qilingan xaritada ko‘rsatilgan joyda hech qanday lager bo‘lmagan.

Biroq, BBC o‘sha joydan sal narida joylashgan uchta lager borligini aniqlagan: al-Burayj va an-Nuseyrat 17 va 18 oktyabr kunlari bombalangan, undan tashqari yana bir lager — Dayr ul-Balah bo‘lgan.

BBC TsAHALning boshqa ogohlantirishlari ham bo‘lganini rad eta olmaydi, biroq bunga dalil topilmagan.

Al-Jazeera telekanali 25 oktyabr kuni an-Nuseyrat lageriga berilgan yana bir zarba oqibatlarini namoyish etgan.

Internetda e’lon qilingan kadrlarda Al-Jazeera muxbiri Voil ad-Dahduh kasalxonada o‘zining yetti yoshli qizining qo‘lida ko‘tarib, o‘smir o‘g‘li o‘ligi ustida yig‘layotgani tasvirlangan. Uning rafiqasi ham o‘ldirilgan.

«G‘azoda ortiq xavfsiz joy qolmadi», — degan u.

Voil ad-Dahduh uning oilasi Isroil hukumati chaqiriqlariga bo‘ysunib, shimoldan janubga ko‘chgan bo‘lganini aytgan.

TsAHALning reaksiyasi

BBC TsAHALga ushbu materialda qayd etib o‘tilgan joylarning koordinatalari va sanalari to‘g‘risida ma’lumot taqdim etib, tushuntirish so‘ragan.

Chunonchi, ushbu nuqtalar Isroil harbiylari aviazarbasiga duchor bo‘lgan yoki yo‘qligi va TsAHAL bombalashdan avval mahalliy aholini ogohlantirgani yo yo‘qligi so‘ralgan.

O‘z javobida Isroil mudofaa armiyasi «ushbu lokatsiyalar borasida hech qanday qo‘shimcha ma’lumot taqdim eta olmasligi»ni bildirgan.

Javob xatida Isroil armiyasi, shuningdek, «G‘azoning tinch aholisini o‘z shaxsiy xavfsizligini ta’minlash uchun anklavning janubiy qismiga ko‘chishga chaqirgani»ni qayd etgan va «G‘azoning barcha qismidagi terrorchilik obektlariga zarba berishda davom etishlari»ni bildirgan.

«Xalqaro huquqlarga muvofiq TsAHAL tinch aholiga ziyon yetkazmaslik uchun ehtiyot choralarini ko‘rmoqda. Bu choralar fursat tug‘ilgan paytda [tinch aholini] ogohlantirishni ham qamrab oladi», — deya qo‘shimcha qilgan TsAHAL.

BBC G‘azoning u yoki bu qismiga tushgan raketalar aslida kimga tegishli ekanini aniqlash imkoni yo‘q. TsAHAL ma’lumotlariga ko‘ra, 7 oktyabrdan so‘ng HAMAS tomonidan uchirilgan 7 mingdan ortiq raketalarning 500 dan ziyodi G‘azo hududiga tushgan.

Mavzu
HAMAS–Isroil urushi
7 oktyabr kuni G‘azo bo‘lgasidagi HAMAS kuchlari Isroilga yoppasiga raketa zarbalari berdi va chegaradagi aholi punktlarini egallay boshladi. Bunga javoban Isroil tashkilotga qarshi urush ochdi. Bu safargi eskalatsiya avval kuzatilmagan darajada ko‘p qurbonlarga olib keldi.
Barchasi
Top