O‘zbekiston | 18:13 / 06.11.2023
18011
3 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekiston tabiiy gazdan voz kechmaydi» - energetika vaziri

Qayta tiklanadigan energiya (QTE) manbalari ulushini oshirish rejalariga qaramay, O‘zbekiston tabiiy gazdan foydalanishni davom ettiradi. 

Foto: Sankt-Peterburg xalqaro gaz forumi

O‘zbekiston elektr energiyasi ishlab chiqarishda quyosh, shamol va gidroenergetika kabi qayta tiklanadigan energiya (QTE) manbalari ulushini oshirish rejalariga qaramay, «tabiiy gazdan voz kechmaydi». Bu haqda O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov 1 noyabr kuni Sankt-Peterburg xalqaro gaz forumida aytib o‘tdi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, buning sababi — O‘zbekistonda aholining yillik o‘sishi deyarli 1 million kishini tashkil etadi, iqtisodiyot esa qariyb 6 foizga o‘smoqda, bu esa energiya iste’molini kamida 10−15 foizga oshiradi. 

«So‘nggi 6 yil ichida elektr energiyasi iste’moli 40 foizga oshdi va 2030 yilgacha ham xuddi shunday sur’atda o‘sishni kutmoqdamiz. Tabiiyki, savol tug‘iladi, buni qanday ta’minlash kerak? Darhaqiqat, biz gaz qazib oluvchi davlatmiz, avval gaz eksportchisi bo‘lganmiz, ammo hozirgi sharoitda iqtisodiyot tarmoqlari va aholini ta’minlash uchun tabiiy gazni import qilishga majburmiz», dedi u. 

O‘zbekiston gazni Turkmaniston va Rossiyadan import qilmoqda, ammo «bu bilan to‘xtab qolmaydi». 

«Biz bu bilan to‘xtab qolmaymiz, hamkorlikni uzoq muddatga rivojlantirish niyatidamiz. QTE joriy etish bo‘yicha juda katta rejalar, xususan, quyosh va shamol energiyasi ulushini ko‘paytirish, energiya saqlash tizimlarini yaratish, gidroenergetika ustida ishlash kabi rejalarga qaramay gazdan voz kechmaymiz. Hozirda elektr energiyasining 75 foizi tabiiy gazdan foydalanib ishlab chiqarilmoqda», dedi vazir. 

Jo‘rabek Mirzamahmudovning ta’kidlashicha, ishlab chiqarish tarkibida gaz ulushi qisqaradi, «lekin elektr energiyasi iste’molining umumiy ko‘rsatkichlarda o‘sishi hisobga olinsa, miqdori o‘zgarmaydi». Bundan tashqari, O‘zbekiston va Rossiya gaz-kimyo sohasida gazni qayta ishlash bo‘yicha ham hamkorlikni oshiradi. 

Mavzuga oid