Jahon | 20:20 / 08.11.2023
8613
2 daqiqa o‘qiladi

YeOTB Markaziy Osiyoda ochlikka qarshi kurash uchun 1 mlrd dollar ajratadi 

Mablag‘lar oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlariga sarflanadi. 

Yevroosiyo taraqqiyot banki (YeOTB) Markaziy Osiyo mamlakatlarida ocharchilikni bartaraf etish va oziq-ovqat bilan ta’minlash uchun 1,2 milliard dollardan ortiq mablag‘ ajratmoqchi. Bu haqda bankning texnik ko‘maklashish jamg‘armasi koordinatori Anna-Mariya Chkoniya ma’lum qildi. 

Uning fikricha, COVID-19 pandemiyasi Markaziy Osiyoning ayrim davlatlarida ochlik darajasini pasaytirish sur’atini sekinlashtirdi va hatto vaziyatni yanada yomonlashtirdi. 

Yo‘l infratuzilmasi zichligini oshirish va sifatini yaxshilash tranzit yuklarni tashishda yo‘qotishlarni sezilarli darajada kamaytirishi mumkin, bu oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun muhim ahamiyatga ega, deb qo‘shimcha qildi Chkoniya. 

Shuningdek, mintaqa aholisi semizlik va muhim mikroelementlar tanqisligining ortib borishiga duch kelgani ta’kidlanmoqda. Shu bilan birga, foydali oziq-ovqat har yili qimmatlashmoqda va Markaziy Osiyo aholisining katta qismi uni sotib ololmaydi. 

Yevroosiyo taraqqiyot banki (YeOTB) Yevroosiyo makonida investitsiya faoliyatini amalga oshiruvchi xalqaro moliyaviy tashkilotdir. U 17 yildan ortiq vaqt mobaynida faoliyat yurityapti. Bankning ustav kapitali 7 mlrd dollarga teng. YeOTB portfelidagi asosiy ulushni transport infratuzilmasi, raqamli tizimlar, yashil energiya, qishloq xo‘jaligi, sanoat va mashinasozlik sohalarida integratsiya effektiga ega bo‘lgan loyihalar egallaydi.

Mavzuga oid