Jahon | 23:34 / 09.11.2023
13138
2 daqiqa o‘qiladi

Oktyabr oyida dunyoda harorat rekordi yangilandi

Dengiz sathining o‘rtacha harorati 20,79°S bo‘lgani qayd qilindi, bu ham rekord darajadagi yuqori ko‘rsatkichdir.

Foto: Getty Images

Oktyabrda dunyoda oylik harorat rekordi yangilandi. Butunjahon meteorologiya tashkiloti (WMO) xabariga ko‘ra, «oktyabr global harorat rekord darajaga ko‘tarilgan qatorasiga beshinchi oy bo‘ldi».

Hisobotda WMO bu kuzatuvlar davridagi eng issiq oktyabr bo‘lganini ta’kidlanadi. «Oktyabr oyidagi harorat 1991-2020 yillardagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 0,85°S va oldingi rekorddan 0,40°S yuqori bo‘ldi», dedi tahlilchilar.

Ularning ta’kidlashicha, oktyabrda global harorat anomaliyasi barcha oylar ichida ikkinchi o‘rinni egalladi. Birinchi o‘ringa shu yilning sentabr oyi «sazovor bo‘lgan» edi.

Shu bilan birga, ekspertlarning fikriga ko‘ra, 2023 yil yanvardan oktyabrgacha bo‘lgan davrda o‘rtacha global harorat rekord darajadagi eng yuqori ko‘rsatkichdir: 1850-1900 yillardagi sanoatdan oldingi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 1,43°S va 2016 yilning o‘n oylik o‘rtacha darajasidan 0,10 °S yuqori.

Bundan tashqari, WMO oktyabr oyida dengiz sathining o‘rtacha harorati 20,79°S bo‘lganini qayd qildi, bu ham rekord darajadagi yuqori ko‘rsatkichdir.

Olimlar va sinoptiklar uzoq vaqtdan beri global isish Yerga keskin sur’atlar bilan yaqinlashayotganini aytib kelmoqda. Masalan, may oyida ular insoniyatni «do‘zaxdek issiq yoz» kutayotgani haqida ogohlantirdilar. Natijada ularning bashorati amalga oshdi. Keyinroq olimlar bu yil so‘nggi 125 ming yil ichida «deyarli» eng issiq bo‘lishini aytishgan edi.

Mavzuga oid