Jahon | 21:12 / 09.11.2023
39714
7 daqiqa o‘qiladi

«Vahima va taslimchilik»: Zalujniy atrofida nimalar bo‘lmoqda?

Avvallari bunday voqea jiddiy mojaro sifatida ham ko‘rilmagan bo‘lardi, ammo endi bu Ukraina siyosatini larzaga keltirmoqda.

Foto: Reuters

7 noyabr kuni Rada deputati, «poroshenkochi» Volodimir Ariyev feysbukdagi sahifasida o‘zidagi ma’lumotlarga ko‘ra mudofaa vaziri Rustem Umerov parlamentga Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniyni iste’foga chiqarish bo‘yicha taqdimnoma kiritgani haqida xabar tarqatdi. Ijtimoiy tarmoqlarda vahima va «zrada» tarqaldi – ukrainlarning siyosiy jargonida xoinlik muvaffaqiyatsizligi shunday ataladi.

BBC’ning Kiyevdagi muxbiri Svyatoslav Xomenko Ukraina QK bosh qo‘mondoni atrofidagi voqealarni tahlil qildi.

General Zalujniy – ukrainlarning bugunning o‘zida yozilayotgan harbiy dostonining juda mashhur qahramonidir. Uning iste’fosi – keng omma tomonidan qabul qilinadigan va qo‘llab-quvvatlanadigan qadam emasligi aniq.

Ariyev bir soat o‘tmasdan o‘z postini o‘chirib tashladi: Zalujniyning iste’fosi to‘g‘risidagi ma’lumot tasdiqlanmaganini aytdi.

«Zrada» bekormi? Yo‘q. Bu komik vaziyat bo‘lib ko‘rinadi – kim qanday qilmasin, Ariyev esa sobiq jurnalist sifatida o‘z manbasiga sinchkovroq yondashishi mumkin edi, lekin buning o‘rniga yana bir bor jamoatchilik e’tiborini Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni atrofidagi vaziyatga qaratdi.

Sezdirmay hasad qilish

Barchasini o‘z nomi bilan atagan ma’qul. Prezidentning atrofidagilar, balki Volodimir Zelenskiyning o‘zi ham hamisha Valeriy Zalujniyga nisbatan ma’lum darajada hasad his qilishgan.

U – xalq tomonidan qo‘llab-quvvatlash darajasi bo‘yicha Zelenskiy bilan raqobatlasha oladigan yagona ukrainalikdir va bu, saylov istiqbollari bo‘yicha muhim eng muhim jihat. Ha, Ukrainada hozircha saylovlar rejalashtirilmayapti, lekin qachondir baribir bo‘ladi .

Ammo hozirga qadar bu hasad zimdan edi. Zalujniy hozirgi harbiy kampaniya bo‘yicha shokka tushiruvchi baholarini bildirgan maqolasidan keyin Ukraina prezidenti ofisi tomonidan nazorat qilinadigan telegram-kanallar va prezident pulidagi siyosatchilar xori qarshi qo‘yildi.

Zalujniyni taslimchilik, g‘alabali yakunga qadar kurashishni istamaslik (ya’ni Ukraina qurolli kuchlari mamlakatning 1991 yilgi chegaralarigacha chiqishi)da ayblashdi. Nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilish niyatida ekani va hatto yaqin yordamchilaridan birining fojiali o‘limi ham Zalujniyga qarshi qo‘yilmoqda.

Bularning bari xalqning suyuklilaridan biri, Ukraina qurolli kuchlarining Rossiya armiyasiga qahramonlarcha qarshilik harakati ramzlaridan biri, «ataman Zalujniy» iste’foga chiqarilishiga jamoatchilikni tayyorlashayotgandek ko‘rinadi.

Agar vaziyat kengroq kontekstda ko‘rib chiqilsa, Zalujniyni hozirning o‘zida iste’foga chiqarish Volodimir Zelenskiy uchun eng to‘g‘ri qaror bo‘lib ko‘rinmaydi.

Fotoda: Zalujniy (markazda), Ukraina QK bosh shtabi boshlig‘i Sergey Shaptala (o‘ngda) va mudofaa vaziri Rustem Umerov (chapda)

Time jurnalidagi shov-shuvli maqoladan keyin (unda boshqa narsalar qatori, eng yaqin safdoshlari ham prezidentga frontdagi vaziyat haqida achchiq haqiqatni aytishga jur’at qila olmasligi haqida so‘z boradi), g‘arblik hamkorlarning korrupsiyaga qarshi kurashni faollashtirishga chaqiriqlari, yaqin kelajakda g‘arbdan yordam olish qiyinlashishi mumkinligi fonida Zelenskiyning aksiyalari mamlakat ichida ham, xorijda ham, yumshoq qilib aytganda, biroz qadrsizlandi.

Bunday vaziyatda Ukraina QK bosh qo‘mondonini iste’foga chiqarish ukrainlarning «Ombor yonsa – kulba ham yonadi» degan maqoliga illyustratsiya bo‘lib qoladi.

Siyosatchi va harbiy

Boshqa tomondan, keling barchasiga yana real qaraylik. Volodimir Zelenskiy ukrainlarning hujum salohiyati hali tugamagan va Ukraina QK 1991 yilgi chegaralarga chiqmagunicha jang qilishda davom etishi kerak, deb turib olgan.

Valeriy Zalujniy urush pozitsion bosqichga o‘tayotgani va ukrainlar endi strategik mudofaa haqida qayg‘urishi lozimligini aytmoqda.

O‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, mamlakatning siyosiy va harbiy yetakchilari jang maydonidagi mavjud vaziyat va uning yaqin kelajakdagi rivoji bo‘yicha turlicha tasavvurlarga ega. Va agar ulardan biri kapitan ko‘prigini tark etishi kerak bo‘lib qolsa, qonunchilikka ko‘ra, kimgadir bu yoqadimi, yo‘qmi, Zelenskiy Zalujniyni iste’foga chiqarish huquqiga ega, Zalujniy Zelenskiyni emas.

Zelenskiy va Zalujniy frontdagi vaziyatni turlicha ko‘radi. Foto: Reuters

Rasman shunday. Ammo katta urushning bir yarim yilida Ukrainada unikal model shakllandi, aholi orasida katta mashhurlik va qo‘llovga erishgan shaxslardan biri – prezident Volodimir Zelenskiy – turli xalqaro maydonlarda o‘z mamlakati manfaatlarini targ‘ib qilish bilan shug‘ullanib, unga tsiviliziya dunyosi qo‘llovini ta’minlab, g‘arblik hamkorlarning yordamlari bo‘yicha kelishuvlarga erishgan bo‘lsa, boshqa shunday katta shaxs – Valeriy Zalujniy – jang qilish, bosqinchilarni yo‘q qilish va ukrain zaminini ozod etish bilan band bo‘ldi.

Va ular bir-birining ishiga aralashmadi: Zalujniy siyosat bilan shug‘ullanmadi, Zelenskiy harbiylarga qanday jang qilish kerakligini aytib aql o‘rgatmadi.

Valeriy Zalujniyning faraziy iste’fosi – ayniqsa G‘arbning Ukrainani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qat’iyligi biroz bo‘shashgandek ko‘rinayotgan vaziyatda – bu muvozanatning buzilishi bo‘ladi.

Ha, bunday iste’fo qonunga mos keladi. Ammo u jamoatchilikning hukumatdan kutilmalariga mos emas. Va jamoatchilik, ayniqsa, qo‘lga qurol olib Ukrainaning yashab qolish huquqini himoya qilayotgan qismi bunday qadamni indamay qabul qilishi fakt emas.

Mavzuga oid