23:35 / 11.11.2023
12337

Arab davlatlari Ligasi G‘azoda urushni to‘xtatish talabi to‘g‘risidagi deklaratsiyani qabul qildi

Arab davlatlari ligasi (AL) va Islom hamkorlik tashkiloti (OIC) Ar-Riyozda o‘tkazilgan qo‘shma sammit yakunlari bo‘yicha deklaratsiyani imzoladi.

Unda BMT Xavfsizlik Kengashidan «Isroilning G‘azo sektoridagi tajovuzini to‘xtatish uchun majburiy qaror qabul qilish» talabi bor.

«Biz Isroilning G‘azo sektoriga bo‘lgan tajovuzini va Isroil tomonidan sodir etilgan harbiy jinoyatlar, bolalar, ayollar va jurnalistlarning o‘ldirilishi, shuningdek, tibbiyot xodimlariga qilingan hujumlarni qoralaymiz», deyiladi hujjatda.

Arab-Islom sammiti ishtirokchilari, shuningdek, Isroilning kimyoviy qurol qo‘llagani bo‘yicha tekshiruv o‘tkazishni talab qilib, barcha davlatlarni «Falastin xalqiga qarshi istilochi ma’muriyat qo‘llagan qurollarni eksport qilishni to‘xtatishga» chaqirdi.

«G‘azo sektoriga tajovuz qilish katta harbiy jinoyat hisoblanadi. G‘azodagi urushni to‘xtatish uchun zudlik bilan xalqaro choralar ko‘rish kerak», deyiladi bayonotda.

Arab davlatlari Ligasi va IHT davlatlari rahbarlari «barcha mahbuslar va tinch aholini ozod qilish zarurligini» ta’kidladilar, shuningdek, «G‘azo blokadasini to‘xtatish va insonparvarlik, oziq-ovqat, tibbiy yordam va yoqilg‘i importini ta’minlashni» talab qilishdi. Shu bilan birga, ishtirokchilar «falastinliklarni G‘azo sektori, G‘arbiy Sohil yoki Quddusga majburan ko‘chirishga qaratilgan har qanday urinishlarni» rad etishdi.

Mavzuga oid
Top