Jahon | 23:10 / 11.11.2023
15527
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada yuk poyezdi izdan chiqdi, «terakt» bo‘yicha jinoyat ishi ochildi

Temir yo‘lda qo‘lbola portlovchi qurilma ishga tushgani aytilmoqda.

Foto: RIA Novosti

Rossiya Tergov qo‘mitasi Ryazan viloyatida yuk poyezdi vagonlari temir yo‘ldan chiqib ketgani bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 11 noyabr kuni ertalab Ryazan viloyatidagi «Ribnoye – Blok post 204-km» stansiyasida qo‘lbola portlovchi qurilma ishga tushgan. Oqibatda, yuk poyezdining 19 ta vagoni relsdan chiqib ketgan. Tergov qo‘mitasining qo‘shimcha qilishicha, ulardan 15 tasi zarar ko‘rgan.

Hodisa yuzasidan departament Jinoyat kodeksining terrorchilik xuruji va portlovchi moslamalarni noqonuniy olish, o‘tkazish yoki saqlash moddalari bo‘yicha ish qo‘zg‘atgan.

11 noyabr kuni ertalab «Moskva temir yo‘llari» Ryazan viloyatida «begona shaxslar ta’sirida» yuk poyezdining 19 ta vagoni relsdan chiqib ketganini ma’lum qildi. Hodisa oqibatida haydovchining yordamchisi yengil tan jarohati olgan. Kompaniya, shuningdek, atrof-muhitga hech qanday tahdid yo‘qligi (vagonlarda mineral o‘g‘it bo‘lgan), hodisa yo‘lovchi va shahar poyezdlari harakatiga ta’sir etmasligini qo‘shimcha qildi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid