20:06 / 11.11.2023
8524

Vertikal olam odamlari yoxud cho‘qqilarni zabt etayotgan o‘zbekistonliklar

Ekstremal vaziyatlar, hayajon va qo‘rquvga soluvchi lahzalar... Tog‘ cho‘qqilarini zabt etishga urinayotgan odamlarni odatda Hollywood filmlari orqali ko‘ramiz. Shu bois ham alpinist deganda tasavvurimizga ajnabiy odamlar keladi. O‘zbekistonda ham alpinistlar borligi, ular ham dunyoning mashhur cho‘qqilarini allaqachon zabt etayotganini hamma ham bilavermasa kerak. Ushbu ko‘rsatuvda "cho‘qqilar ovchisi"ga aylangan hamyurtlarimiz haqida bilib olasiz.

«Sirli O‘zbekiston» jamoasi ancha yillardan beri tog‘ turizmi bilan shug‘ullanadi. Shu yil sentabrning o‘rtalarida jamoa a’zolari Sharof Egamberdiyev va Shuhrat Odilov Osiyo qit’asidagi eng baland – Eron shimolida joylashgan Damovand vulqon cho‘qqisini zabt etishdi. Dengiz sathidan 5 ming 610 metr balandlikda O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘tarishdi.

Ular Kun.uzʼga bergan intervyusida bundan avval boshqa mintaqalarda joylashgan eng baland tog‘ nuqtalarida bo‘lgani, bu jarayonda qanday voqealarga duch kelgani, xavfli vaziyatlardan qanday qilib chiqib ketishgani haqida batafsil gapirib berdi.

Sharof Egamberdiyev: Biologiya fanlari doktoriman, molekulyar genetika bilan shug‘ullanganman. Doktorlik dissertatsiyamni himoya qilib, fanlar nomzodi unvonini olgach dam olishga Himolay tog‘iga ketganman. Tog‘dagi 12 kunlik sayohat davomida ko‘plab odamlar bilan tanishdim, ular bilan gaplashib, tog‘larda bo‘lganimdan keyin dunyoqarashim o‘zgardi. Keyin kelib bo‘shash haqida arizamni yozdim va o‘sha vaqtdan hozirgacha tog‘ turizmi bilan shug‘ullanib kelyapman. Bu ishni 10 yildan beri qilib kelaman.

O‘zi tabiatga, tog‘ga chiqishga qiziqardim. Boshlanishida havaskor sifatida cho‘qqilarga chiqqanman, shu vaqt davomida adashib, alpinistlar seksiyasiga tushib qolganman. O‘shanda bir narsani tushunib yetdim – cho‘qqilarga chiqib, tog‘larni zabt etmoqchi, yangi ekspeditsiyalarga bormoqchi bo‘lsangiz alpinist bo‘lish shart emas. Alpinistlik bilan shug‘ullanadigan odamlarni 2 kategoriyaga bo‘lish mumkin: mashhur toifadagi alpinistlar va shu ishning ortidan yaxshi pul topadiganlar.

Birinchisi haqida gapirsak, chet elda juda katta sport brendlari bor. Mashhur toifadagi alpinistlarni mana shu brendlar ambassadori, ya’ni elchisi desak bo‘ladi. Bu atletlarning qiladigan ishini ko‘rangiz, havasingiz keladi. Chunki ular hech kim bormagan dunyodagi eng baland cho‘qqilarni zabt etishadi. Janubiy Amerikadagi yoki Antarktidadagi vertikal devorlarga chiqishadi, National Geographic, Discovery telekanallari bilan birgalikda ko‘rsatuvlar chiqarishadi.

Ikkinchi kategoriyadagilar bular – alpinist gidlar. Bizda bu ko‘proq hobbi bo‘lsa kerak. Umuman olganda, alpinizm juda xavfli va qimmatbaho sport turi hisoblanadi.

 Shuhrat Odilov: Tashqi reklama bilan shug‘ullanaman. Tog‘ga chiqish – hobbidek gap. 6-7 yil oldin Sharof akaning jamoasiga turist sifatida qo‘shilib qolganman. O‘sh vaqtlarda 1-2 kunlik yurishlarga chiqib turardim. Keyin Sharof aka bilan tanishganimizdan so‘ng, tijoriy bo‘lmagan yo‘nalishlarga ham chiqib yurishni taklif qilgandi. Shundan keyin tog‘ga chiqish hobbiyim boshlangan.

Sharof Egamberdiyev: Hozirgi kunda butun dunyoda juda ko‘p alpinistik dasturlar bor. Shulardan birinchisi – “7 cho‘qqi” dasturi. Har bir mintaqadagi 7 ta eng baland cho‘qqiga chiqib, ularni zabt etsangiz, alpinistlarning yopiq klubiga a’zo bo‘lasiz. Shu vaqtgacha yer yuzida faqat 400 nafar odam mana shu dasturni yakunlagan. Biz bu yildan “7 ta vulqon” degan dasturni boshladik, unga ko‘ra, har bir mintaqadagi eng baland vulqon cho‘qqilariga chiqish kerak bo‘ladi. Yil boshida Afrikaning eng baland vulqoni – Klimanjaroga chiqdik, iyulda Yevropaniki – Elbrusga, ana endi hozir Osiyoning gali keldi. Birinchidan, Eron bizga yaqinligi, ikkinchidan dasturda uchinchi cho‘qqi bo‘lgani sabab Damovand tanlandi.

Shuhrat Odilov: Damovand cho‘qqisi haqida umuman eshitmaganman. Hech Eronga boraman deb ham o‘ylamagan edim, hatto xayolimga ham kelmagan. Sharof aka shu “7 ta vulqon” dasturi haqida aytdi, shunda variant sifatida Damovandni aytganlarida hammamiz rozilik bildirdik. Shu bilan 2-3 oyda tashkillashtirib, Eronga ketdik.

Qishki yurishlarda biz doimiy ravishda qorni eritib, choy damlab ichamiz. Bu – tabiiy hol, bu narsa hamma joyda bor. Ovqatlanishga kelsak, bizda o‘zimizning ratsion bor. Masalan, 2-3 kunlik yurishga ketilganda ryukzak qancha og‘ir bo‘lsa, sayohat shuncha qiyin o‘tadi. Shuning uchun bizda nonushta, tushlik va kechki ovqatlarimiz detallarigacha hisoblanib, olinadi. Har bir ovqatni grammigacha o‘lchab olamiz. Necha kunga ketayotganimizga qarab, hamma narsani hisoblab, keyin chiqib ketamiz. Chunki ortiqcha og‘irlik hech kimga kerak emas.

Sharof Egamberdiyev: Hollywood filmlarini olsangiz, unda asosan yorqin lahzalar aks ettiriladi, kimdir o‘ladi, muzlikka uchib tushib ketadi, kimdir arqonni kesadi. Haqiqiy baland tog‘larga chiqish doimo mashaqqat bo‘lgan. Bu – umuman dam olish emas. Bu jarayonda har bir qilingan ishda odam juda qiynaladi. Chunki bosim o‘zgaradi, ikkinchidan shahar bilan solishtirganda nisbatan kislorod molekulalari uzoq bo‘ladi. Nafas olganingizda juda kam kislorodni yutasiz. Bu narsa ko‘p protsesslarga olib keladi, shuning uchun organizm moslashishi kerak bo‘ladi. Keyin ko‘ngil aynishi, bosh og‘rishi, muskul kuchsiz bo‘lib qolishi boshlanadi. Bu narsa 4-5 ta holatdan o‘limgacha olib borishi mumkin. Alpinistlar tog‘da hech qachon pastdan tepaga qarab chiqmaydi, ular birinchi lagerda qoladi, keyin ikkinchi lagerda – bu narsani akklimatizatsiya deydi, ya’ni organizmni moslashtirib olish.

Shuhrat bilan Eronga borganda, o‘z badanimiz ustidan tajriba qilib ko‘rdik. Akklimatizatsiyasiz Osiyoning eng baland vulqoniga bir yarim kunda chiqdik.

Yakshanba kuni Toshkentdan uchib ketgan bo‘lsak, dushanba kuni shturma lageriga keldik, balandlik 4 ming 200 metr. O‘sha payt menda tog‘ kasalligining simptomlari boshlandi. Bosh og‘rib, ko‘ngil aynib, muskullar charchab qoldi. Bu – oddiy holat. Tur davomida juda ko‘plab yevropalik jamoalar bilan tanishdik, ular tog‘da 4 kun bo‘lgan ekan. Ertasiga tog‘ga chiqib ketdik.

Birinchidan, Eronda eng qiziq jihat – gidlarning ishlash tizimi hisoblanadi. Biz 2 soat ichida gidimizni yo‘qotib qo‘ydik. Qayerga ketganini bilmadik. Keyin cho‘qqigacha Shuhrat ikkalamiz qolib ketdik. So‘ng esa men tog‘ kasalligining 2-3-darajalarini seza boshladim, juda og‘ir bo‘ldi. Balki, akklimatizatsiya bo‘lganida osonroq o‘tar edi.

Eronda eng xavfli narsa bu – shamol ekan. Mayda toshlar bilan tezligi o‘rtacha 60 km/soat, dengiz sathidan 5 ming 400 metr balandlikka chiqqaningizdan so‘ng, vulqondan parlar chiqa boshlaydi. 650 gradusli par zaharli hisoblanadi. Bu shamol bilan birgalikda yuzga urilganida kislorodni umuman kuydirib yuboradi

Intervyuning to‘liq shaklini yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi.
Tasvirchi Mirvohid Mirrahimov,
Montaj ustasi Nuriddin Nursaidov.

Mavzuga oid
Top