O‘zbekiston | 09:07 / 14.11.2023
10363
9 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekistonda o‘zimni chet ellik deb his qilmayman” – Samarqanddagi universitetning turkiyalik rektori doktor Chidem Janbay Turkyilmaz

Foto: Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti

Doktor Chidem Janbay Turkyilmaz xonim 2021 yildan buyon Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti rektori lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda. Yaqinda turk nashrlaridan birida Turkyilmaz xonim bilan uning O‘zbekistondagi mehnat faoliyati, mamlakatda oliy ta’limni rivojlantirish bo‘yicha rejalari haqida suhbat e’lon qilindi.

O‘zbekistonga ilk bor qachon kelgansiz?

O‘zbekistonga birinchi marta 2021 yilning mart oyida, ikkinchi marta iyunda kelganman. Shundan so‘ng 2021 yilning sentabr oyidan boshlab Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti rektori lavozimida faoliyat boshladim. Shu bilan bir vaqtda Turkiyaning Yilduz texnika universiteti Arxitektura fakulteti professori ham hisoblanaman.

Turkiya fuqarosi sifatida xorijda rektor bo‘lib mehnat faoliyatimni olib borayotganim menga g‘urur bag‘ishlaydi. Bilishimcha, O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan birinchi turk ayol rektori hisoblanaman. Yaqinda men AQShda rektorlik lavozimida ish boshlagan yana bir turkiyalik ayol professor-o‘qituvchi haqidagi xabarni o‘qidim va bu menda, muvaffaqiyat hissini uyg‘otdi.

Menga shunday imkoniyat yaratib bergani va universitetimizni doimiy qo‘llab-quvvatlab kelayotgani uchun O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevdan minnatdorman.

Hozirda o‘zingiz rektor sifatida faoliyat yuritayotgan universitet haqida qisqacha ma’lumot bera olasizmi?

Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti 1966 yilda tashkil etilgan. Dastlab institut sifatida tashkil etilgan OTM 2022 yilda prezident qarori bilan universitetga aylantirildi.

Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetida 2023 yil 2-chorak ma’lumotlariga ko‘ra 7975 nafar talaba tahsil olmoqda. Hozirda 4 ta fakultet va 19 kafedrada 311 nafar professor-o‘qituvchilar faoliyat ko‘rsatadi. Universitet tasarrufida professional ta’lim muassasasi va akademik litsey ham mavjud.

Universitetda ish faoliyatingizni nimadan boshladingiz? Xorijiy mamlakatda oliy ta’lim muassasasi rahbari sifatida ishlash sizga qiyin bo‘lmadimi?

O‘zbekistonda ishlashga qaror qilganimni eshitganlarida bundan mening ba’zi yaqinlarim hayron bo‘lishdi, boshqalari esa tanlovimni qo‘llab-quvvatlashdi. Ko‘pchilik mendan nima uchun Istanbuldan ketib Samarqandni tanlaganim va o‘zimni xorijda begonadek his qilishim yoki yo‘qligi haqida so‘rashadi. Ilgari xorijiy mamlakatlarda istiqomat qilganim uchun, menimcha, O‘zbekistonda o‘zimni chet ellik deb his qilmayman.

O‘zbek va turk hamjamiyatlari o‘rtasidagi o‘zaro mushtarak tarixiy hamda tobora kuchayib borayotgan siyosiy, iqtisodiy va madaniy do‘stona aloqalar menga qo‘shimcha motivatsiya beradi.

Universitetga kelgan ilk kunlarimda dastlabki asosiy vazifam universitetdagi mavjud vaziyatni har tomonlama baholash deb bildim. Bunda inson resurslarini baholash, tahliliy materiallar tayyorlash va mavjud kamchiliklarni aniqlash uchun axborot texnologiyalari infratuzilmasini tekshirish ishlari amalga oshirildi.

Universitetimizda professor-o‘qituvchilar va talabalar bilan o‘zaro mustahkam aloqalar o‘rnatildi. Biz birgalikda universitetimizni rivojlantirishga intilyapmiz. Men xodimlarga ham, talabalarga ham ochiq eshiklar siyosatini olib boraman va ularning muammolariga yechim topish ustida astoydil mehnat qilaman. Biroq, bu borada ba’zida fikrlar va qarashlar turlicha ham bo‘lib turadi, ba’zilar universitet rektorining hamma bilan ham muloqot qilaverishi ma’qul emas deyishadi. Shunga qaramay, rahbar sifatida o‘z jamoam bilan inklyuziv va konstruktiv munosabatlarni rivojlantirishim kerakligiga qat’iy ishonaman va bu yondashuvni doim qo‘llab-quvvatlayman.

Fikringizcha, O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimida qanday muammolar bor va ularni hal qilish uchun nimalar qilinishi kerak?

Arxitektura va qurilish sohalarida yetarlicha tajribaga ega arxitektor sifatida men O‘zbekistondagi amaldagi oliy ta’lim tizimidagi muammolar haqida o‘z nuqtai nazarimni bildirib, ularga potensial yechimlarni taklif qilmoqchiman.

Muhim masalalardan biri – bu ta’lim sohalarida taqdim etilayotgan eng so‘nggi va dolzarb ma’lumotlarning yetishmasligi. Bundan tashqari, oliy ta’lim va sanoat ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasida, xususan, arxitektura-qurilish kabi amaliyotga bog‘liq ta’lim o‘rtasida sezilarli tafovut mavjud. Bu to‘siqlarni bartaraf etish uchun O‘zbekistonda ixtisoslik malakalarini qayta ko‘rib chiqish va ta’lim dasturlarini shunga moslashtirish muhim ahamiyatga ega hisoblanadi.

Turkiyaning Boloniya jarayonidagi ishtiroki va uning natijasida ixtisoslik, ilmiy daraja va unvonlarga qo‘yilgan talablarning qayta belgilanganligini o‘rganib, O‘zbekistonda ham xuddi shunday yondashuvni joriy etishni taklif qilaman.

Hozirgi kunda O‘zbekistonda berilayotgan ayrim mutaxassisliklar va ixtisosliklar xalqaro ekvivalentiga ega emas, bu esa o‘z navbatida diplom va unvonlarning xalqaro darajada tan olinishida qiyinchiliklarga olib kelmoqda. Diplomlarning tan olinishi xalqaro akkreditatsiyaga bog‘liq bo‘lib, bu diplom beruvchi oliy ta’lim muassasasi tomonidan taqdim etilayotgan ta’lim dasturlari qat’iy standartlarga javob berishini ko‘rsatadi. Diplom ekvivalentini hal qilish muhim ahamiyatga ega va bu sohadagi islohotlarni tezlashtirish uchun YuNeSKOdan boshlab birgalikda harakat qilish kerak.

Kelajakda O‘zbekistonda xorijlik mutaxassislarga ehtiyoj qolmasligini turli suhbatlarda bildirganingizni ta’kidlab o‘tdingiz. Bu boradagi fikrlaringiz bilan o‘rtoqlasha olasizmi?

Darhaqiqat, avval ham bir necha suhbatlarimda arxitektura va qurilish  sohasida O‘zbekistonda xorijiy mutaxassislarga bo‘lgan talab keyingi besh yil ichida asta-sekin kamayib, ularga ehtiyoj qolmasligiga ishonchim komil.

Bu boradagi eng muhim voqea Shavkat Mirziyoyevning 2022 yil 8 noyabrdagi qarori bilan Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutiga “universitet” maqomi berilgani bo‘ldi. Mazkur qaror universitetimizga nafaqat keng qamrovli vakolatlarni, balki o‘z navbatida katta mas’uliyatni ham yukladi.

Bizga yuklatilgan ushbu vazifani sifatli amalga oshirish harakatidamiz, chunki ularning amalga oshishi universitetimiz taraqqiyoti bilan bevosita bog‘liq. 

Ushbu qarorda nazarda tutilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, biz 2023 yilning sentabr oyidan boshlab to‘liq yangilangan o‘quv dasturlar va rejalarni amaliyotga joriy qildik.

Bitiruvchilarimiz yaqin kelajakda ishlab chiqarishning tegishli tarmoqlarda muhim mas’uliyatli vazifalarni o‘z zimmalariga oladilar, bu esa xorijiy mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojning asta-sekin kamayishiga olib keladi, deb umid qilamiz.

2021 yil sentabrida rektorlik faoliyatimni boshlaganimdan beri biz universitetimizda innovatsiyalar va o‘zgarishlar ustida ishlamoqdamiz. O‘ylaymanki, biz erishgan muhim yutuqlarni quyidagicha tasniflash yanada tushunarliroq bo‘ladi.

· Global ta’lim muhitini yaratish: Bu borada xorijiy mutaxassislar ta’lim jarayoniga jalb qilinyapti.

· Xalqaro darajadagi ta’lim dasturlari: Global sanoatning o‘zgaruvchan talablariga javob berish uchun xalqaro standartlarga muvofiq 22 ta yangi ta’lim dasturi ishlab chiqdik.

· Tadqiqot, innovatsiya va ishlab chiqarish bilan hamkorlik: Mahalliy hokimiyat organlari bilan hamkorlikda, xususan, Samarqand shahri va viloyati miqyosida arxitektura, dizayn va qurilish loyihalarini ishlab chiqishda faol ishtirok etyapmiz.

· Texnologiyalar transferi ofisi va Inkubatsiya markazi: 2023 yilning may va iyun oylaridan boshlab faoliyat yuritayotgan ushbu markazlar innovatsiyalar, tadbirkorlik va ilg‘or texnologiyalar transferini qo‘llab-quvvatlamoqda.

· Xalqaro loyihalar bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish: So‘nggi bir yarim yil ichida biz xalqaro loyihalardagi ishtiroklar sonini sezilarli darajada oshirdik.

· Global hamkorlikni kengaytirish: Ispaniya, Polsha, Janubiy Koreya, Turkiya va Vengriyadagi nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan o‘nlab yangi o‘zaro Anglashuv memorandumlarini imzolash orqali manfaatli xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik. Turkiya va Janubiy Koreya bilan hamkorlikda 2+2 qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, akademik mobillik hamda o‘quv-metodik hamkorlik ham shular jumlasidan.

Bu tashabbuslar xalqaro standartlarga asoslangan, innovatsion va inklyuziv ta’lim muhitini yaratish siyosatiga sodiq ekanligimizni ko‘rsatadi.

Reklama huquqi asosida