12:00 / 16.11.2023
2557

O‘zbekistonda litsenziyalashga oid qonunchilikka o‘zgartirish kiritildi

Qonunchilikda nazarda tutilgan faoliyat turlari uchun 1 yil muddatga litsenziyani olish yoki sud qaroriga (hukmiga) asosan shaxsga nisbatan muayyan faoliyat turi bilan shug‘ullanish taqiqlangani litsenziyani yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berish to‘g‘risidagi arizani rad etish uchun asos bo‘ladi.

Prezident tomonidan imzolangan yangi qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, sanitariya qonunchiligini, sanitariya normalarini, qoidalarini va gigiyena normativlarini buzish:

fuqarolarga BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha (ilgari BHMning 1 baravaridan 3 baravarigacha edi); 

mansabdor shaxslarga 15 baravaridan 20 baravarigacha (ilgari 5 baravaridan 10 baravarigacha edi) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

“Lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlarga muvofiq, qonunchilikda nazarda tutilgan faoliyat turlari uchun 1 yil muddatga litsenziyani olish yoki sudning qaroriga (hukmiga) asosan shaxsga nisbatan muayyan faoliyat turi bilan shug‘ullanish taqiqlangani litsenziyani yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berish to‘g‘risidagi arizani rad etish uchun asos bo‘ladi.

Lisenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat quyidagi hollarda ham bekor qilinishi belgilandi:

lisenziat yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olgan shaxs tomonidan litsenziya yoki ruxsat berish talablari va shartlari muntazam ravishda (1 yil davomida ikki va undan ortiq marta) buzilganda;

litsenziya yoki ruxsat berish talablari va shartlari 1 marotaba qo‘pol ravishda buzilganda, agar mazkur qoidabuzarlik fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga ziyon, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga, jamoat xavfsizligiga zarar hamda atrof-muhitga ziyon yetkazilishiga, jamiyat va davlat manfaatlariga zarar yetkazilishiga, tinchlik va xavfsizlikka tahdid solinishiga olib kelgan bo‘lsa. 

Ushbu hollarda qonunchilikda belgilangan faoliyat turlari uchun 1 yil davomida qaytadan litsenziya berilmaydi. Mazkur talab tadbirkorlik sub’yektining muassisi yoki benefitsiar mulkdori tomonidan tashkil etiladigan yangi tadbirkorlik sub’yektlariga nisbatan ham tatbiq etiladi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi qator faoliyat turlari bo‘yicha litsenziyalash va xabardor qilish tartib-taomillari sohasidagi vakolatli organ etib belgilandi.

Top