O‘zbekiston | 22:29 / 17.11.2023
93825
2 daqiqa o‘qiladi

Kattaqo‘rg‘ondagi harbiy poligonda Mi-8 vertolyoti halokatga uchradi

Vertolyot ekipaji halok bo‘lgan.

2023 yil 17 noyabr kuni soat 20:15 da Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligiga tegishli Mi-8 vertolyoti «Kattaqo‘rg‘on» poligonida o‘quv parvozini amalga oshirayotganida halokatga uchradi. Bu haqda Mudofaa vazirligi xabar berdi. 

Qayd etilishicha, fojia oqibatida vertolyot ekipaji halok bo‘lgan. Ularning soni xabarda keltirilmadi. 

Hodisa joyida maxsus komissiya avariya sabablarini aniqlash ustida ish olib borayotgani ta’kidlanmoqda.

«Kattaqo‘rg‘on» poligoni O‘zbekistondagi eng yirik harbiy poligon bo‘lib, 2019 yil noyabrida ochilgandi.

Ma’lumot uchun, Mi-8 1960-yillar boshlarida M.L.Mil eksperimental konstruktorlik byurosi tomonidan ishlab chiqilgan ko‘pmaqsadli vertolyot hisoblanadi. U aviatsiya tarixidagi eng mashhur vertolyotdir. Turli fuqarolik va harbiy vazifalarni bajarish uchun dunyoning 50 dan ortiq mamlakatlarida keng qo‘llanadi.  

Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yil holatiga ko‘ra O‘zbekistonda 52 ta Mi-8 vertolyoti mavjud.

Eslatib o‘tamiz, 2016 yil 18 oktyabr kuni Farg‘ona viloyati hududida mudofaa vazirligining Mi-171 vertolyoti qulab tushishi oqibatida 9 nafar harbiy halok bo‘lgandi.

Mavzuga oid

E`lonlar