Binance asoschisi iste’foga chiqmoqda. Kompaniya 4,3 mlrd dollar jarima to‘laydi
Dunyodagi eng yirik kriptovaluta birjasi – Binance asoschisi, moliyaviy jinoyatlarda ayblanayotgan Changpeng Chjao aybiga iqror bo‘ldi va 50 million dollar jarima to‘lagan holda, kompaniya bosh direktori lavozimidan ketishga rozi bo‘ldi. Binance'ning o‘zi kriptobirja litsenziyasini saqlab qolish uchun jami 4,3 mlrd dollar jarima to‘laydi.
Binance kriptobirjasi asoschisi Changpeng Chjao moliyaviy qonunbuzarliklarda gumonlanishi ortidan iste’fo berdi.
The New York Times'ning yozishicha, Changpeng Chjao o‘z aybiga iqror bo‘lib, kompaniya tomonidan hukumatga bir nechta jarimalar yig‘indisi sifatida jami 4,3 milliard dollar to‘lanishini bildirgan.
Ayni paytda Binance Adliya vazirligi, G‘aznachilik departamenti va tovar fyuchers savdo komissiyasi bilan kelishuvga erishgan, ular kompaniyani yillar davomida tekshirib kelayotgandi.
Sud hujjatlariga ko‘ra, Chjao va boshqa yuqori martabali Binance xodimlari qonunlarni chetlab o‘tgan. Shu jumladan, bank siriga oid qonunning ayrim qismlari – moliyaviy institutlar va ularning xodimlaridan mijozlarining asl shaxsini aniqlash, jinoyatchilar yoki iqtisodiy sanksiyalangan shaxslar bilan biznes yuritmaslik va AQShda joylashgan har qanday biznesni tartibga soluvchi organlarda ro‘yxatdan o‘tkazish qoidalarini buzgan.
Sud hujjatlarida qayd etilishicha, sanksiyalarga duchor bo‘lgan Eron, Kuba va Suriyadan kelgan mijozlar Binance platformasiga kirish imkoniga ega bo‘lgan. Shuningdek, Binance terrorchi guruhlar ishtirokidagi shubhali tranzaksiyalar haqida xabar berish dasturlarini amalga oshira olmagani ta’kidlangan.
Prokurorlar Binance'ni litsenziyasiz pul o‘tkazmalari biznesini yuritish, bank va sanksiyalar to‘g‘risidagi qonunlarni buzganlikda aybladi.
Ayblovlarga ko‘ra, Binance ba’zi mijozlarga jinoiy faoliyat bilan shug‘ullangani tufayli savdodan chetlashtirganidan keyin, ularga asosiy savdo platformasiga qayta kirish imkoniyatini bergan. Hujjatlarda 2020 yil iyul oyida sodir bo‘lgan voqea keltirilgan. Unda Binance xodimlari muayyan foydalanuvchini “noqonuniy faoliyatga eng ko‘p hissa qo‘shganlar” ro‘yxatiga qo‘shadi va foydalanuvchining platformaga kirishini taqiqlaydi, ammo keyin unga yangi Binance hisobini ochish bo‘yicha ko‘rsatmalar berishni muhokama qilgan.
Sud jarayoni fonida, Chjao 50 million dollar jarima to‘lashga va kompaniya bosh direktori lavozimidan ketishga rozi bo‘lgan. U 18 oygacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin, ammo prokurorlar qattiqroq jazoni talab qilish imkoniyatini saqlab qolmoqda. Sud uning Binance'dagi har qanday ishtirokini 3 yilga taqiqlashi mumkin.
Uzoq vaqt davomida kriptovaluta sohasidagi eng boy odam hisoblangan Chjao kriptosanoatning eng ko‘zga ko‘ringan va diqqat bilan kuzatiladigan shaxsi bo‘lib, X (Twitter)da 8,5 milliondan ortiq obunachiga ega.
Binance brendi ostidagi Binance Holdings Ltd kriptovalutalarning kunlik savdo hajmi bo‘yicha eng yirik kriptovaluta almashinuvini boshqaradigan global kompaniya hisoblanib, unga 2017 yilda asos solingan.
Binance dunyodagi eng yirik kriptovaluta birjasi bo‘lib, yaqin vaqtgacha u kriptovaluta spot savdo bozorining deyarli 60 foiziga egalik qilib kelgan.
Mavzuga oid
11:36 / 16.11.2024
1 dona Bitcoin 1 kilo oltindan qimmat. Narxlar nega keskin oshdi?
11:40 / 10.11.2024
Oltin va kumush arzonlashdi, Bitcoin narxi keskin oshdi - xalqaro moliya bozori sharhi
12:10 / 20.10.2024
Dollar mustahkamlandi, Bitcoin va oltin narxi keskin qimmatlashdi - xalqaro moliya bozori sharhi
11:36 / 04.08.2024