Xitoy va BRIKS G‘azodagi urushda qanday rol o‘ynashi mumkin?
Dushanba kuni arab davlatlari diplomatlari Pekinda, BRIKS a’zolari esa virtual tarzda Isroilning G‘azoga bosqini masalasini muhokama qildi. Xo‘sh, Xitoy va BRIKS a’zolari bu mojaroga qanday ta’sir qila oladi?
Mavzuni tahlil qilish uchun studiyamizga siyosiy tahlilchilar Farhod Tolipov, Kamoliddin Rabbimov va Hikmatilla Kazakbayevni taklif etdik.
— Dushanba kuni musulmon davlatlar diplomatlari Pekinga tashrif buyurib, Xitoy tashqi ishlar vaziri bilan G‘azodagi vaziyatni muhokama qildi. Xo‘sh, Xitoy G‘azoga real ta’sir qila oladimi?
Farhod Tolipov: Xitoy diplomatik tomondan qandaydir ishlar qilishi mumkin, lekin mojaroga fundamental yechim berishga ojizlik qiladi. Xitoy oxirgi yillarda o‘z faolligini turli yo‘llar bilan bayon etib kelyapti. Xitoy bilan hamma hisoblashishi kerak, degan gapni ham ochiq aytyapti. Xitoyning xalqaro munosabatlarda o‘rni ortayotganini tan olamiz, lekin har bir mojaro, vaziyatning o‘z kelib chiqishi, dinamikasi bor va ta’sir vositalari bo‘ladi. Shu nuqtayi nazardan Xitoydan ko‘ra boshqa qudratli davlatlarning tutadigan yo‘li muhimroq, xususan, AQShning. Bu mojarolarda AQShning o‘rni juda muhim. Xitoy ham boshqa bir diplomatik yo‘llar orqali o‘z hissasini qo‘shishi mumkin.
— Xitoy muammoning cho‘zilib, kollektiv g‘arbning uzoqroq obro‘sizlanishi va “Bir kamar, bir yo‘l” loyihasiga raqobatchi loyiha – Hindiston orqali Yevropaga o‘tuvchi yo‘lning kechikishidan manfaatdormi?
Hikmatilla Kazakbayev: Xitoy hech qachon Yaqin Sharqda birinchi raqamli ta’sir ko‘rsatuvchi davlat bo‘lmagan. Tarixan ham asosan AQSh, SSSR va Rossiyaning ta’siri bo‘lgan. Arab ligasi davlatlari vakillari Xitoyga borishidan maqsad, menimcha, Xitoydan yordam kutish emas, balki o‘zlarida mavjud vositalardan foydalanish nazarda tutilgan, masalan, Eron. Joriy yil bahorida Saudiya va Eron munosabatlari Xitoy vositachiligida yaxshilandi. Arab davlatlari mana shu vositachilikdan umid qilgan bo‘lishi mumkin.
Bilamizki, Eron tomonidan qo‘llanadigan guruhlar bor. Arab davlatlari mana shu vositalardan foydalanishni nazarda tutishgandir. Bu vaziyatda baribir asosiy o‘yinchi – AQSh. Oxirgi vaqtlarda ikki xalq uchun ikki davlat g‘oyasi ancha kengroq ilgari surilyapti, Bayden ham shu haqida gapirdi.
Kamoliddin Rabbimov: Xitoy Sovet ittifoqi qulagandan buyon yaqin 20 yil ichida Yaqin Sharq muammolariga aralashmas edi. Shu yil boshida Mahmud Abbos Pekinga taklif etildi. Geosiyosiy mantiqdan kelib chiqib, Isroilning homiysi AQSh bo‘lsa, Falastinning homiysi Xitoy bo‘lishi kerak degan tafakkur bor edi.
Arab-Isroil konflikti – pozitsiyalar, g‘oyalar va geomafkuraviy qarashlar kurashidir. Kim kim tarafda, qanday jamoalar bor, kimning pozitsiyasi qanday bo‘ladi, degan ma’noda. Xitoyning asosiy roli shundan iboratki, u istasa, kuchli spekulyant bo‘lishi mumkin. Dunyodagi kayfiyatni bo‘rttirish yoki vazminlikka chaqirishi mumkin.
Xitoy manfaatlari shundayki, ayni vaqtda arab davlatlarini o‘ziga og‘dirish va shu jarayonda Isroilga dushman bo‘lib ko‘rinmaslik. Oktyabr oyida Xitoy rahbari Isroil o‘zini himoya qilishga haqli deb, Isroilning yonini oldi. Lekin tinch aholi o‘lavergach, urush to‘xtatilishi kerak, degan pozitsiyaga o‘tdi.
Xitoyning ichki xavotirlari ham bor. Chunki uning o‘zida musulmonlar yashaydigan katta hududlar bor. Xitoyning o‘ziga qarata savol qo‘yilishi mumkin. Bayden va Si uchrashuvida asosiy e’tibor berilgan masalalardan biri – ehtiroslarga berilmaslik, dunyodagi Falastin tarafdorlariga u qadar mujda berib qo‘ymaslik bo‘ldi. Eronni nazorat qilish masalasi ham bor.
— Odatda BRIKS a’zolari iqtisodiy masalalar sabab yig‘iladi va oxirgi vaqtlarda ularni antig‘arb jamoasi deyish ham mumkin, lekin bu galgi onlayn sammitda G‘azo masalasi muhokama qilindi. BRIKS G‘azo inqirozida G‘arbga ta’sir qila oladimi?
Farhod Tolipov: BRIKS – iqtisodiy tashkilot, lekin uning siyosiy va geosiyosiy motivi doim bo‘lgan. Avgust oyidagi sammitda milliy valuta g‘oyasini ham ilgari surishdi. Milliy valuta taklifining o‘zi BRIKSning aksilg‘arb tashkilot ekanini ko‘rsatadi, geosiyosiy omil baribir bor ekan.
BRIKS a’zolarining AQSh bilan savdo-iqtisodiy aloqalari kuchli, dollarda bo‘ladi aylanmalar. Milliy valutalari ham u qadar ko‘lamli, qadrli emas. G‘azo masalasini ham ko‘tarishdi, oldinroq Ukraina urushi masalasida faollik ko‘rsatishga harakat qilishgandi, garchi foydasiz bo‘lsa-da. Falastin masalasida ham BRIKS ojiz, menimcha. Shunchaki o‘z pozitsiyalarini bildirish uchun platforma sifatida foydalanishgan bo‘lishi mumkin.
Rossiya, Xitoy, Argentina, JAR prezidentlari turlicha fikr bildirdi bu masalaga. Ya’ni yakdillik yo‘q bu bo‘yicha. Ular o‘z pozitsiyalarini ifodalab, yakdil emasliklarini ham ko‘rsatishdi. Sammitning qo‘shma bayonoti yoki deklaratsiyasi ham qabul qilinmadi.
Hikmatilla Kazakbayev: BRIKS G7 davlatlariga qarama-qarshi tuzilgan tashkilotga o‘xshab qolgan. Global Janub sifatida G‘arbga qarshi turishi kerak degan tushuncha ham shakllanyapti oxirgi paytda.
Bu safargi BRIKS sammitiga Eron ham taklif etilgan. Eron tashkilot a’zosi emas, lekin shunga harakat qilyapti. Falastin-Isroil masalasida Raisiy tomonidan fikrlar bildirildi. Bu narsa Saudiya tomonidan qo‘llab-quvvatlandi, lekin Arab ligasi va Islom hamkorlik tashkiloti qo‘shma sammitida bunday bo‘lmagandi.
Yuqorida aytilgandek, tashkilot doirasidagi davlatlarning yakdilligi masalasi bor. Mahmud Abbosning Pekinga tashrifi paytida strategik sheriklik shartnomasi tuzilgan. Xitoy 1967 yilgi chegaralarga qaytishni qo‘llagan. Lekin Hindistonning pozitsiyasi boshqacha, Rossiyaniki ham farqli. JAR butkul Falastin tarafida, Isroil bilan diplomatik aloqalarni uzishni ham ko‘rib chiqdi. Umuman olganda, tashkilotda bu masalada yakdillik yo‘q. Shuning uchun ham BRIKSning ta’siri kuchli bo‘lmaydi.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
08:08
Borrel YeIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
20:39 / 13.11.2024
Xitoy orbitaga yuk tashuvchi ko‘p martalik kosmik kemasini namoyish etdi
17:53 / 13.11.2024
O‘zbekiston oltin ishlab chiqaruvchi davlatlarning yetakchi o‘ntaligiga kirdi
18:44 / 12.11.2024