Maktabgaça va maktab ta’limi vazirining birinçi örinbosari Usmon Şarifxöjayev bilan navbatdagi intervyuda öqituvçilik kasbining nima uçun jozibador emasligi, ta’limdagi hududlararo notenglik va hokimlarning maktab işiga aralaşuvi haqida suhbatlaşdik.
Mamlakat rivojlanişida har sohaning örni muhim. Ammo ular içida ta’limning örni beqiyos. Çunki ta’lim kelajak avlod va şunga muvofiq jamiyatni tarbiyalaydi.
Xöş, bugungi özbek maktab ta’limida qanday muammolar bor, ularni yeçiş yölida qanday işlar amalga oşirilmoqda?
Kun.uz navbatdagi suhbatda Maktabgaça va maktab ta’limi vazirining birinçi örinbosari Usmon Şarifxöjayev bilan şular haqida gaplaşdi.
– Maktab ta’limiga oid doim berişimiz kerak deb öylab yurgan qiziq savollar bor. Maktabgaça va maktab ta’limi vazirligiga Hilola Umarova kelgaç PIIMA (Prezident, ijod, ixtisoslaştirilgan maktablarni rivojlantiriş agentligi) tajribalarining implementatsiyasi kuçayganini köproq kuzatdik. Maqsad ta’lim sifatini yaxşilaş, pedagoglarni öqitiş böldi, bu borada heç qanday gap-söz bölişi mumkin emas.
Ammo bu ikki toifadagi maktablarda öqituvçilar uçun yaratilgan şaroitlar bir-biridan ança farq qilişini inobatga olsak, tajriba samara beradi deb hisoblaysizmi? Ya’ni ta’limda metodologiya ustida qança işlanmasin, avvalo, mehnat şaroiti yaxşilanmasa, uşbu tajriba samarasi susaymaydimi?
— Endi qarang, muşkul deb heç narsa qilmasdan ötirsak, 3-4 yildan keyin ham qiyin deb qolamiz. Bizga birinçi kompyuter qöyib beringlar, xonaga elektron doskalar qöyinglar, barça zamonaviy şaroitlarni qilib, keyin metodikaga ötaylik deb yondaşadigan bölsak, heç qaçon bölmaydi. Ikki tomondan ham bu işni qilib boriş kerak.
Ixtisoslaşgan maktablarning imkoniyati yaxşiroq deyişim qiyin. Masalan, hamma biladigan Qoraköl maktabi bor. Ularga zamonaviy maktab 2-3 yil oldin qurildi özi, lekin oldingi şaroitlarini esa avvalroq şu maktabni körgan odam biladi. Töğri, qança yaxşi şaroit bölsa, öquvçilar yaxşiroq natijaga erişadi. Lekin doim ham infratuzilma natija garovi emas. Men buni pedagoglar tarkibiga boğlagan bölardim. Pedagoglar yaxşi bölsa, yaxşi metodikani bemalol beradi. Ixtisoslaşgan maktablarning öqituvçilari bilim jihatdan ustunroq, boşqa maktablarda ham şunga urğu beriş kerak. Ya’ni umumta’lim maktab ustozlari ham şu daraja, bilim, intilişga harakat qilişi kerak.
Infratuzilmaga kelsak, ötgan yili davlat budjetidan maktablar qurilişi, ta’miri va jihozlanişiga 2 trln söm ajratildi, bu yil esa 4 trln nazarda tutilyapti. Ilgari bunday 2 barobar oşiriş bölmagan. Kerak bölsa, 4 karra oşirsa ham yaxşiroq böladi, lekin budjet imkoniyatlarini hamma tuşunişi kerak. Metodikani tezroq joriy qilişimiz lozim, infratuzilmaning töliq yaxşilanişini kutmasdan. Balki kamroq samara berar hozir, lekin sekin-asta yaxşi darajaga çiqib boradi.
















