O‘zbekiston | 20:22 / 26.11.2023
40303
6 daqiqa o‘qiladi

O‘ziga 100 mln, murabbiyiga 50 mln. Shaxmat bo‘yicha jahon chempioni Afruza Hamdamova tantanali kutib olindi

Italiyaning Montesilvano shahrida o‘tgan shaxmat bo‘yicha yoshlar o‘rtasida jahon chempionatida o‘zbekistonlik shaxmatchi, 14 yoshli Afruza Hamdamova g‘olib bo‘lib, jahon chempioni bo‘ldi. Bugun Toshkent Xalqaro aeroportida Afruza tantanali tarzda kutib olindi.

12−25-noyabr kunlari Italiyaning Montesilvano shahrida shaxmat bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati bo‘lib o‘tdi. Unda o‘zbekistonlik 3 nafar shaxmatchi ham qatnashib, mamlakatimiz sharafini himoya qildi. E’tiborlisi, chempionatning 14 yoshgacha bo‘lgan yosh toifasida Afruza Hamdamova muddatidan oldin jahon chempioni bo‘ldi va Afruza O‘zbekiston tarixida qizlar o‘rtasidagi ilk jahon chempioniga aylandi.

Toshkent xalqaro aeroportida shaxmat bo‘yicha yoshlar o‘rtasida jahon chempionatida ishtirok etgan shaxmatchilarni kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva 26-noyabr tongida O‘zbekistonga qaytib kelgan Afruzani shaxsan kutib oldi. Saida Mirziyoyeva qizning bosh murabbiyi — otasi Akbar Hakimovga alohida minnatdorlik bildirdi.

O‘z g‘alabalari bilan barcha tashabbuslarimiz, biz kurashayotgan maqsadlarimiz to‘g‘ri ekanini tasdiqlagan Afruzadan juda minnatdorman. Teng imkoniyatlar, xotin-qizlarga hurmat va ular iqtidorining e’tirofi shular jumlasidan. Qizaloqning bosh murabbiyi – otasi Akbar aka Hakimovga alohida rahmat aytmoqchiman. Qizingizning iste’dodini rivojlantirishga kuch va vaqtingizni ayamaganingiz uchun tashakkur”, deb yozadi Saida Mirziyoyeva o‘z telegram sahifasida.

Foto: Telegram/Saida Mirziyoyeva

Afruza O‘zbekiston tarixida qizlar o‘rtasidagi ilk jahon chempioniga aylandi. E’tiborlisi, Afruza Hamdamova Shengen vizasini rasmiylashtirish kechikkani uchun birinchi raundni o‘tkazib yubordi, ammo texnik mag‘lubiyatga qaramay, 9 ta g‘alabaga erishdi.

Men ushbu g‘alabamni xalqimga, prezidentimga bag‘ishlayman. Raqiblarimning barchasi yaxshi shaxmatchilar edi. Ularga qarshi bir necha yildan buyon o‘ynab kelganim sababli, qanday yurishlarni amalga oshirishini yoddan bilardim. Asosiy o‘yinlarda qora ranglarda o‘ynash qiyinchilik tug‘dirdi. Agar ular xato qilsagina mening g‘alaba qozonish imkoniyatim oshardi. Xato qilmasa, o‘yin durang bilan yakunlanardi. Raqiblarimning asosiy kamchiligi oxirida endshpilda yaxshi o‘ynay olmasligi bo‘ldi. Shu sababli qaysi rangda bo‘lishimdan qat’i nazar endshpilda g‘alaba qozondim. Eng katta maqsadim — O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘tarish, ayollar o‘rtasida eng yosh grossmeysterga aylanish”, deydi shaxmat bo‘yicha yoshlar o‘rtasida jahon chempioni Afruza Hamdamova.

Afruza Hamdamova, shaxmat bo‘yicha yoshlar o‘rtasida jahon chempioni Foto: Kun.uz

14 yoshgacha bo‘lgan yosh toifasida hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan 10-turda Samarqand shaxmat maktabi tarbiyalanuvchisi Afruza Hamdamova Anna Shukmanga qarshi bahs olib borib, muhim g‘alabaga erishdi. Shu tariqa, o‘zbekistonlik yosh shaxmatchi muddatdan avval jahon chempioniga aylandi. U ochkolar bo‘yicha unga yetib olishi mumkin bo‘lgan yagona ta’qibchisi — qozog‘istonlik shaxmatchini o‘zaro o‘yinda mag‘lub etgan. Turnir reglamentiga ko‘ra, ochkolar teng kelib qolsa, o‘zaro o‘yinga qaraladi.

Ona sifatida judayam xursandman. Farzandining yutug‘ini ko‘rish, har qanday onaning orzusi. Musobaqaga ketishdan oldin viza bilan bog‘liq muammolar bo‘ldi. Shu sababli 1 ta turni o‘tkazib yubordi. Shunda ham boraverasanmi, yutishingga ko‘zing yetadimi, degan savolga o‘ylanib qoldi-da, yutishimga 80 foiz ishonchim komil deb javob berdi. Qizim chempionligi bilan O‘zbekiston tarixiga kirdi. Dadasi qo‘ng‘iroq qilib, xabarni yetkazganida, judayam xursand bo‘ldim.Oilaviy muhit - eng asosiy sabab. Chunki dadasi ham, amakilari ham shaxmat bilan shug‘ullanib kelgan. Dadasi murabbiy sifatida juda qattiqqo‘l. Dada sifatida qaraganda, bu yutuqlarga erisha olmasdi deb o‘ylayman”, deydi Afruzaning onasi Shabnam Ismatova.

Yoshlar press klubida Afruza Hamdamovaga 100 million so‘m, murabbiyiga esa 50 million so‘m pul mukofotlari topshirildi.

Eslatib o‘tamiz, mamlakat o‘smirlar o‘rtasidagi shaxmat tarixida Nodirbek Abdusattorov (8 yoshgacha toifa) va Shamsiddin Vohidov (14 yoshgacha) jahon chempionatlarida klassik nazoratda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. O‘zbekistonlik qizlar o‘rtasidagi bunday chempionatlarda haligacha oltin medal olinmagandi. Shu tariqa Afruza Hamdamova O‘zbekiston tarixida shaxmat bo‘yicha birinchi ayol jahon chempioni bo‘ldi. Shu paytga qadar Gulruhbegim Tohirjonova va Bahora Abdusattorova o‘z yosh toifalarida kumush medalni qo‘lga kiritgan edi.

Mavzuga oid