Arktikaning yovvoyi bag‘rida zamonaviy hayot me’yorlariga to‘g‘ri kelmaydigan qishloq joylashgan. Qishloq Nyu-Alesunn deb ataladi. U Shpitsbergen ( Shimoliy Muz okeanining g‘arbiy qismidagi arxipelag) hududiga kiradi, qishloq havosi eng toza hududlardan biri sanaladi.

Tseppelinfellet tog‘lari yonbag‘rida atrof olmos kabi tovlanadi. Havo esa sovuq, biroq kristall kabi toza. Bu muz kristallar nafas bilan qo‘shilib ichga kiradi. Nyu-Alesunn qishlog‘i shunday hududda joylashgan. Unda qishda 45 kishi atrofida, yozda esa 150 kishigacha odam yashaydi. Qishloq Yerning eng shimolida joylashgan odam yashaydigan aholi punktlaridan biri hisoblanadi. Bir tarafida tog‘, bir tarafida chuqur va tor daryo bilan o‘ralgan Nyu-Alesunnda havo sifatidan tashqari manzara ham misli ko‘rilmagan go‘zal.


Nyu-Alesunn qishlog‘iga 1916 yilda ko‘mir qazib olish maqsadida asos solingan. Shaxtalarda ish yaxshi bo‘lganda hududdan yiliga 200 tonnagacha ko‘mir qazib olingan. Lekin oradan 18 yil o‘tib, ko‘mir qazish butunlay to‘xtatiladi. Orada bir muddat shaharni odamlar tashlab ketadi va deyarli butunlay unutiladi. Keyinchalik 60-yillarning oxirida tadqiqotlar o‘tkaziladigan hudud sifatida yana qayta tiklanadi.
Nyu-Alesunn hududida doimiy yashovchilar, asosan, olimlar. 1989 yilda Zeppelinfellet tog‘ yonbag‘rida, yer sathidan 472 metr balandlikda Zeppelin observatoriyasi tashkil qilingan. Bu observatoriya atmosferadagi ifloslanishni monitoring qilib boradi.
Vaqt o‘tishi bilan bu tadqiqot stansiyasi iqlim o‘zgarishiga asosiy sababchi bo‘layotgan issiqxona gazlarini o‘lchash bo‘yicha muhim obektga aylangan.













