O‘tgan hafta oxirida vaqtinchalik sulh uzaytirilmay, Isroil armiyasi HAMASga qarshi harbiy harakatlarni qaytadan boshlagach, aholi zich yashovchi ushbu shahar isroilliklar yurishining asosiy maqsadiga aylandi.

TsAHAL rasmiy vakili, kontr-admiral Deniyel Hagarining qayd etishicha, armiya raqibning mustahkamlangan pozitsiyalari mavjud bo‘lgan barcha joyda harakatlanadi.

Isroil rasmiylari fikricha, Xon Yunusda HAMAS rahbariyati vakillari yashiringan bo‘lishi mumkin, qolaversa, bu harakat yetakchisi Yahyo Sinvar tug‘ilgan shahar hisoblanadi.

Misr bilan chegaradagi «Rafah» nazorat-o‘tkazish punktidan 10 km masofada joylashgan Xon Yunus G‘azo janubidagi eng yirik shahar bo‘lib, bu yerda 400 ming atrofida aholi istiqomat qiladi.

Isroil harbiylari Xon Yunusning ayrim hududlaridan evakuatsiya bo‘lishni tavsiya etmoqda

Isroil quruqlik amaliyoti boshlanganida jon saqlash uchun shimoldan qochgan yuz minglab falastinliklar aynan Xon Yunusda vaqtincha boshpana topishgandi.

Ammo 4 dekabr tongida TsAHAL Xon Yunusning ko‘plab tumanlari aholisini yanada janubroqqa ketishga chaqirib varaqa tarqatdi.

Isroillik harbiylar G‘azodagi tinch aholi vakillari Saloh-ad-din yo‘lining shimoldan janubga olib o‘tuvchi muhim uchastkasidan foydalanmasligi kerakligi, bu yo‘nalish o‘ta xavfli ekanidan ogohlantirgan.

Isroil harbiylari vakili tinch aholi vakillari Xon Yunusdan shimoldagi hududlardan janubga sohil bo‘yidagi yo‘llar orqali borishi mumkinligini qayd etgan.

Isroil armiyasi oldinga siljigan sari xalqaro hamjamiyat, xususan, uning asosiy ittifoqchisi AQSh tomonidan tinch aholi muhofazasi uchun faolroq choralar ko‘rishga chaqiriqlar ko‘proq yangramoqda.

Foto: Reuters

Isroil aholini ogohlantirayotgani, jumladan G‘azoning qayerdan qayerga evakuatsiya qilish mumkinligi ko‘rsatiladigan onlayn xaritalarini e’lon qilayotganini aytmoqda.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning maslahatchisi Mark Regev esa BBC muxbiriga falastinliklarning G‘azoda endi xavfsiz joy qolmagani haqidagi so‘zlariga qo‘shilmasligini bildirgan.