G‘azo markazidagi Bureyj qochqinlar lageridagi vayron bo‘lgan uylar orasida yurgan falastinlik bola. Foto: Muhammad Sabr / EPA-EFE

21 noyabr kuni Xalqaro jinoyat sudi Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu va uning sobiq mudofaa vazirini urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi jinoyatlar uchun hibsga olishga order berdi. Bu order Rim statutini ratifikatsiya qilgan mamlakatlarga Isroilning yuqoridagi mansabdorlari qadam qo‘ysa, ularni hibsga olish majburiyatini yuklaydi.

Xalqaro sud, Isroil rasmiylariga ko‘ra G‘azoda o‘ldirilgani aytilayotgan, Hamas harbiy yetakchisi Muhammad Deyfni hisbga olish uchun ham order bergan. Sud prokurorlari uning o‘limini tasdiqlay olmagani uchun buyruqni ma’qullaganini aytgan. Shuningdek, Hamasning boshqa yetakchilari Ismoil Haniya va Yahyo Sinvar Isroil tomonidan o‘ldirilgani tasdiqlangach, ular uchun yana ikkita order arizasi bekor qilindi.

Washington Post nashrining yozishicha, Netanyahu va sobiq mudofaa vaziri Gallantga qo‘yilgan ayblar Isroilning G‘azo sektoridagi harbiy amaliyotlari bilan bog‘liq. Urushda o‘n minglab falastinliklar o‘ldirildi, 2 millionga yaqin odam mamlakat ichkarisida ko‘chishga majbur bo‘ldi. Sektor sog‘liqni saqlash tizimi va infratuzilmasining katta qismi vayron qilindi. Sud bayonotida aytilishicha, Netanyahu va Gallant u yerdagi jinoyatlar: urush usuli sifatida tinch aholini ochlikda qoldirish, shuningdek, qotillik, ta’qib va boshqa g‘ayriinsoniy harakatlar uchun javobgarlikni zimmalariga olishlariga yetarli asoslar topilgan.

Muhammad Deyf esa 2023 yil 7 oktyabrda Hamas harbiylari Isroilga hujum uyushtirgani uchun insoniyatga qarshi jinoyatlar: qotillik, qiynoqlar, zo‘rlash va garovga olinganlarni o‘g‘irlashda ayblangan. Hamas o‘sha hujumda mingdan ortiq isroillikni o‘ldirgani va yana 250 kishini G‘azoga asirlikka olib ketgani aytilmoqda.

Huquqshunoslar sud qarori muhimligini ta’kidlagan. 124 davlat, jumladan Yevropadagi AQShning ko‘pchilik ittifoqchilari o‘z hududiga Isroil bosh vaziri kirsa, uni hibsga olishga majbur bo‘ladi. Shu bilan birga Isroil ham, AQSh ham XJS sud nizomini imzolagan emas. Ekspertlar Hamas vakilining ham tarkibga kiritilishi 7 oktabr hujumlari qurbonlari uchun adolat yo‘lida muhim qadam bo‘lganini aytishmoqda.