Jahon | 22:58 / 05.12.2023
9063
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil G‘azoda harbiy operatsiyaning uchinchi bosqichi boshlanganini e’lon qildi 

TsAHAL G‘azo janubida hamaschilar istehkomlariga qarshi jang qilayotganini ma’lum qildi. 

Foto: AP

Isroil G‘azo sektorida Falastinning HAMAS harakati kuchlariga qarshi quruqlikdagi harbiy operatsiyaning uchinchi bosqichini boshladi. Bu haqda Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL) bosh shtabi boshlig‘i, general-leytenant Gersi Ha-Levi xabar berdi.

 «Biz quruqlikdagi harbiy operatsiyaning uchinchi bosqichiga o‘tdik. Biz G‘azo sektorining shimolida HAMAS harakatining ko‘plab tayanch nuqtalarini egalladik, endi esa janubdagi hamaschilar istehkomlariga qarshi jang qilyapmiz», dedi bosh shtab rahbari. 

Harbiyning ta’kidlashicha, bir hafta davom etgan otashkesimdan so‘ng TsAHAL operatsiyasining muvaffaqiyatiga shubha qilganlarning barchasi «adashgan va HAMAS buni allaqachon his qilmoqda». 

Avvalroq isroillik general Yaron Finkelman TsAHAL qo‘shinlari G‘azo sektori janubidagi eng yirik shahar markaziga yetib borganini ma’lum qilgandi. 

«Biz Jabaliyaning, Shejayaning yuragidamiz va shu oqshomdan boshlab Xon Yunisning markazidamiz», dedi u. 

Finkelmanning qo‘shimcha qilishicha, 5 dekabr G‘azoda harbiy operatsiya boshlanganidan beri TsAHAL uchun eng og‘ir kun bo‘lgan.

Mavzuga oid