19:06 / 07.12.2023
17573

128 ta ma’muriy jarimani to‘lamay yurgan Malibu haydovchisi qo‘lga tushdi

2023 yil davomida MIB va YHXX hamkorligida o‘tkazilgan tadbirlarda – yo‘l qoidalarini buzib, jarimani o‘z vaqtida to‘lashdan bo‘yin tovlagan shaxslarga tegishli 14,6 mingdan ortiq transport vositasi vaqtinchalik saqlash uchun jarima maydonlariga joylashtirildi.

Foto: MIB

Majburiy ijro byurosi va YHXX hamkorligida yo‘l harakati qoidalari buzilgani uchun qo‘llangan ma’muriy qarorlar ijrosini ta’minlash borasida tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. MIB matbuot xizmati Kun.uzʼga taqdim qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yilning 11 oyida byuro organlari tomonidan yo‘l harakati qoidalarini buzish bilan bog‘liq 722 mlrd so‘mlik 2 millionga yaqin hujjatlarning ijrosi ta’minlangan.

“Ma’lumki, huquqbuzar unga jarima solish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan kunidan boshlab 15 kun ichida jarima miqdorining 50 foizini, 30 kun ichida 70 foizini ixtiyoriy to‘lagan taqdirda, u jarimaning qolgan qismini to‘lashdan ozod qilish amaliyoti joriy etilgan. Biroq yo‘l harakati qoidalarini buzgan haydovchilar jarimani imtiyozli muddat u yoqda tursin, ixtiyoriy muddatda ham to‘lashdan bo‘yin tovlab, huquqbuzarlik uchun jazo muqarrarligini mensimasdan, qayta yo‘l harakati qoidalarini buzish holatlariga yo‘l qo‘yib kelmoqda”, — deyiladi MIB axborotida.

Shu sababli, MIB va YHXX “Qo‘shma ko‘rsatma” asosida tuzilgan Ishchi guruhlar tomonidan “AutoCon-SC/M-onlayn” va planshetlar yordamida tuman (shahar) markaziy ko‘chalarida hamda hududiy yo‘l-patrul xizmati statsionar postlarida tadbirlar o‘tkazib kelmoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, bu davrda jarimani o‘z vaqtida to‘lamagan va tadbir davomida qarzdorlikni to‘lashdan bo‘yin tovlagan shaxslarga tegishli 14,6 mingdan ortiq transport vositasi vaqtinchalik saqlash uchun jarima maydonlariga joylashtirildi, qidiruvdagi 2 ming 684 ta transport vositalari topildi.

MIB, shuningdek, o‘nlab ma’muriy jarimalarni to‘lamasdan kelayotgan fuqarolar va ularga ko‘rilgan choralar haqida ma’lumot berdi.

Xususan, qarzdor A.R.dan 55 ta (26,8 mln so‘m) ma’muriy jarimalarni undirish maqsadida, Venucia rusumli avtotransport vositasi jarima maydoniga qo‘yilgan.

Qarzdor S.Sh.dan 18 ta (9,5 mln so‘m) ma’muriy jarimalarni undirish maqsadida, Tracker 2 hamda qarzdor Yu.Ochilovdan 19 ta (29,8 mln so‘m) ma’muriy jarimalarni undirish uchun Kaptiva rusumli avtotransport vositasi jarima maydoniga qo‘yildi.

Qarzdor M.X.dan 9 ta (4,5 mln so‘m) ma’muriy jarima va 1 ta (224,8 mln so‘m) kredit qarzdorligini undirish maqsadida, transport vositasi jarima maydoniga qo‘yildi.

MIB Uchtepa tuman bo‘limi tomonidan qarzdor X.Sh.dan ma’muriy jarima undirish haqidagi 128 ta (59 mln) va bankdan kredit qarzdorligini undirish haqidagi ijro hujjati bo‘yicha «200» davlat raqamiga ega bo‘lgan Malibu rusumli transport vositasi vaqtinchalik saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirildi.

Shu kabi, qarzdor «V.INV.TUM» MChJdan jami 372,9 mln so‘m ma’muriy jarimalar va soliq qarzdorligi undirish maqsadida, Jeep rusumli avtotransport vositasi jarima maydoniga qo‘yildi.

MIBga ko‘ra, avtomashinasini jarima maydonidan olib chiqish uchun ayrim fuqarolar qarzdorligini joyida bartaraf etgan.

Shuningdek, jarimalarni undirishda Toshkent viloyatining “Chinor” yo‘l-patrul xizmati statsionar postida 2022 yilning 1 dekabr kunidan ishga tushirilgan “Yashil” va “Qizil” yo‘lak tamoyili tizimidan ham samarali foydalanmoqda. Mazkur YPX postida 2022 yilning 1 dekabr kunidan joriy yilning 1 dekabr kuniga qadar Byuro organlari ish yurituvidagi yo‘l harakati qoidalarini buzishga oid 4,4 mlrd so‘mlik (28 ming 885 ta) qarzdorliklar undirilishi ta’minlandi.

Top