Jahon | 20:29 / 07.12.2023
23832
2 daqiqa o‘qiladi

BMT bosh kotibi G‘azodagi qurbonlar tufayli birinchi marta 99-moddaga murojaat qildi 

Antoniu Guterrish o‘z faoliyatida ilk marotaba shunday huquqdan foydalandi. 

Foto: Adam Gray / Getty Images

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish G‘azo va Isroildagi qurbonlar sonini hisobga olib, 6 dekabr kuni Xavfsizlik Kengashiga maktub yo‘llab, BMT Nizomining 99-moddasiga birinchi marta murojaat qildi. 

Tashkilot Bosh kotibi o‘z murojaatida BMT Xavfsizlik Kengashi a’zolarini insonparvarlik falokatining oldini olish va gumanitar otashkesimga erishish uchun sa’y-harakatlarni amalga oshirishga chaqirdi. 

«Isroil harbiy amaliyotlari tufayli G‘azodagi tinch aholi jiddiy xavf ostida, tinch aholini himoya qilish uchun xavfsiz joy yo‘q, sog‘liqni saqlash tizimi quladi. G‘azodagi vaziyat Isroil kuchlarining doimiy bombardimonlari tufayli muhim gumanitar operatsiyalarni amalga oshirishni imkonsiz qiladi», deyiladi maktubda. 

99-moddada shunday deyilgan: «Bosh kotib o‘z ixtiyoriga ko‘ra, xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlashga tahdid solishi mumkin bo‘lgan har qanday masalani Xavfsizlik Kengashi e’tiboriga havola qilishi mumkin». 

Guterrish g‘azoliklarning uylarini yo‘qotgani, asosiy ehtiyojlarini qondira olmayotgani, mintaqaga insonparvarlik yordami yetkazish imkonsiz bo‘lib qolganini va shu sababli jamoat tartibining tez orada butunlay buzilishi kutilayotganini ta’kidladi. 

«Vaziyat epidemiyalarning tarqalishi va qo‘shni mamlakatlarga ommaviy migratsiya bilan yomonlashishi mumkin», dedi u. 

Bosh kotib xalqaro hamjamiyat o‘z ta’siridan foydalanib, G‘azoda zo‘ravonliklarning yanada kuchayishiga yo‘l qo‘ymaslik va inqirozga barham berishga majbur ekanini ta’kidladi.

«Xavfsizlik Kengashi a’zolarini gumanitar falokatning oldini olish uchun bosim o‘tkazishga va tomonlarni zudlik bilan sulh tuzishga chaqiraman», dedi u.

99-modda BMT bosh kotibi arsenalidagi vositalardan biridir. Tashkilot tarixida u ko‘p ishlatilmagan.

Mavzuga oid