Jahon | 09:53 / 08.12.2023
3876
4 daqiqa o‘qiladi

YeI Xitoyni «tinchlik formulasi» bo‘yicha muloqotda ishtirok etishga chaqirdi

Xitoyning Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaroda tutgan pozitsiyasi uning YeI bilan munosabatlariga bevosita ta’sir qiladi, dedi Yevrokomissiya rahbari. Xitoy bilan bo‘lib o‘tgan sammitda Yevropa Ittifoqi yetakchilari Pekinni kelishuvga yanada faolroq hissa qo‘shishga chaqirdi.

Foto: Picture Alliance

Yevropa Ittifoqi yetakchilari 7 dekabr, payshanba kuni Pekinda Xitoy rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda Ukraina urushi bilan bog‘liq uchta asosiy fikrni aytib o‘tdi. Birinchidan, Xitoyning Volodimir Zelenskiyning «tinchlik formulasi»ga bag‘ishlangan navbatdagi xalqaro yig‘ilishlarda ishtirok etishi muhimligi, ikkinchidan, Xitoydan Rossiyaga harbiy tovarlar eksport qilinmasligi va uchinchidan, Rossiyaning jazo choralarini chetlab o‘tishiga yo‘l qo‘ymaslikda yordam berish. Bu haqda sammit yakunida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen va Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel ma’lum qildi.

«Urushning boshidanoq biz Xitoyning Ukrainadagi holatga nisbatan qanday pozitsiyani egallashi Yevropa Ittifoqi va Xitoy munosabatlarini belgilab berishini aniq aytdik, - dedi fon der Leyen. - Biz Ukrainaga bo‘lgan tajovuzni ekzistensial tahdid deb bilamiz va Xitoy o‘zini qanday tutayotganiga juda katta e’tibor qaratmoqdamiz». 

Xitoyning BMT Xavfsizlik kengashi a’zosi sifatidagi mas’uliyati 

Mishelning ta’kidlashicha, XXRga BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a’zosi ekani alohida mas’uliyat yuklaydi. «Biz Xitoyning yanada qat’iyroq bo‘lishini istardik, - dedi u jurnalistlarga. - Biz Xitoy BMT nizomini qo‘llab-quvvatlashini va Ukraina urushini qoralashini ochiq-oydin bildirishini istardik». Bunga Xitoy rahbari Si Jinping qanday javob berishi mumkinligini Yevropa Ittifoqi yetakchilari uning o‘zidan so‘rashni taklif qildi. 

Xitoyning Rossiya xalqaro sanksiyalarni chetlab o‘tishiga yo‘l qo‘ymaslik niyati qanchalik jiddiyligi haqida so‘ralganda, Yevrokomissiya rahbari bu muloqot davom etayotgani va o‘z natijasini berayotganini aytdi. Buning uchun Yevropa Ittifoqi to‘g‘ridan to‘g‘ri Pekin bilan gaplashyapti, Xitoydagi kompaniyalar sanksiyalarni chetlab o‘tgani to‘g‘risida dalillarni taqdim etyapti va undan chora ko‘rishni so‘rayapti. «Dalillarni taqdim etgandan so‘ng, ular harakat qilishyapti», dedi fon der Lyayyen va bu sanksiyalar rejimini buzgan kompaniyalar joylashgan mamlakatlarning o‘z manfaatiga xizmat qilishini tushuntirdi. Sharl Mishelning qo‘shimcha qilishicha, Bryusselda sanksiyalarni chetlab o‘tganlikda gumon qilingan korxonalar ro‘yxati bor va tomonlar bu yo‘nalishda «ko‘proq ishlash muhim» degan fikrga kelgan. 

Pekin Rossiyaga ta’sir ko‘rsatish imkoniga shubha bildirdi 

Yevropa Ittifoqi rahbarlari, shuningdek, Pekinni urushni to‘xtatish uchun Rossiyaga barcha ta’sirini ishga solishga va imkon qadar tezroq «tinchlik formulasi» bo‘yicha muloqotda ishtirok etishga chaqirdi. 

YeI va Xitoy sammitdan keyingi matbuot anjumanlari alohida o‘tkazildi. Bryusselda tushuntirilganidek, avvalgi tadbirlarda ham shunday bo‘lgan. 

AFP xabar berishicha, Xitoy tomoni brifingida Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Yevropa departamenti bosh direktori Van Lutun Pekin Moskvani ko‘ndira olmasligini taxmin qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya «juda mustaqil suveren davlat». «Prezident Putin o‘z milliy manfaatlari va xavfsizligidan kelib chiqqan holda qarorlar qabul qiladi», - deya Lutun so‘zlarini keltiradi AFP. 

Oktyabr oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Xitoyga rasmiy tashrif bilan borgan va u yerda Si Jinping ularning «chuqur do‘stligi»ni olqishlagandi. 

Mavzuga oid