20:49 / 11.12.2023
8337

Buxoro XSR rahbari Usmonxo‘ja Po‘latxo‘jayevning uyi muzeyga aylantirilmoqda

Buxoro xalq sovet respublikasi rahbari, jadid Usmonxo‘ja Po‘latxo‘jayevning uyi davlat tomonidan qayta sotib olinib, u yerda jadidlar muzeyi tashkil qilinmoqda. Bu haqda uning Turkiyada yashaydigan o‘g‘li Temur Xo‘ja ma’lum qildi. Muzey Madaniyat va san’at jamg‘armasi ko‘magida shakllantiriladi. O‘zFA Tarix instituti direktori Azamat Ziyo bu katta voqea ekanini aytdi.

Usmonxo‘ja Po‘latxo‘jayev

Buxorolik jadid Usmonxo‘ja Po‘latxo‘jayevning uyi davlat tasarrufiga o‘tib, u yerda dunyodagi birinchi jadidlar muzeyi tashkil qilinadigan bo‘ldi. Bu haqda jadidchilikka bag‘ishlab Toshkentda o‘tkazilayotgan anjumanda ma’lumot berildi.

Usmonxo‘ja Po‘latxo‘jayevning Turkiyada yashaydigan o‘g‘li Temur Xo‘janing ma’lum qilishicha, muzey Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ko‘magida shakllantiriladi.

O‘zFA Tarix instituti rahbari Azamat Ziyoning aytishicha, Usmon Xo‘janing uyini bir paytlar sovet hokimiyati musodara qilgan. O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan keyin ham uy boshqalarga o‘tib ketgan.

Eng katta yutug‘imiz – ushbu masalaning davlat rahbariyati darajasida hal qilinganida bo‘ldi. Shuningdek, o‘sha uyning egasi rozi qilinib, qayta sotib olindi va u yerda hozir jadidchilik muzeyi tashkil qilinyapti. Shu ishni qilsa bo‘larmikan deb yurardim. Shu uy egasiga qaytganiga, ham u yerda jadidchilik tarixiga bag‘ishlangan muzey ochilayotganiga juda xursand bo‘ldim”, – dedi Azamat Ziyo Kun.uz'ga bergan intervyusida.

Tarix instituti rahbari jadidchilik harakati faollaridan biri bo‘lgan Sadriddin Ayniyga asoslanib aytishicha, Buxoroning o‘zida 3 mingdan ortiq jadid bo‘lgan. Tarixchilar ayni paytgacha ularning 250 ga yaqinining shaxsi aniqlangan.

Ulardan ko‘pchiligining tarjimayi hollarini topib yozdik. Hayoti va faoliyati bilan bog‘liq yig‘ish mumkin bo‘lgan ma’lumotlarini, jadidchilik bo‘yicha qilingan ilmiy ishlarini ham to‘pladik”, – deydi Azamat Ziyo.

Ma’lumot uchun, Usmonxo‘ja Po‘latxo‘jayev 1920 yilda Buxoro amirligi tugatilganidan keyin tashkil etilgan Buxoro Xalq Sovet Respublikasining moliya noziri, 1922 yilda Markaziy ijroiy komiteti (hukumat) rahbari lavozimini egallagan. U davlat arbobi bo‘lib, Buxorodagi ilk jadid maktablaridan biriga asos solgan.

BXSR 1924 yilda, milliy-hududiy chegaralar belgilanishi ortidan tugatilgan.

Top