Jamiyat | 14:25 / 15.12.2023
20588
14 daqiqa o‘qiladi

Samarqand qozikaloni Abu Tohir Umar Xayyomning hayotini saqlab qolish uchun nega unga bo‘sh kitob bergan? – “Zakovat”ning qishki mavsumi ikkinchi o‘yinidan reportaj

XIX asr oxirlarida Qo‘qonda nimaning qo‘lbolasi teri, sim, mumga o‘ralgan gugurt va poroxdan yasalgan? – “Zakovat” teleo‘yini qishki mavsumining ikkinchi o‘yinida Nodira Turg‘unova jamoasi ishtirok etdi.

Jamoa a’zolari (suratda chapdan o‘ngga):

Nazokat Abdusayitova - pedagog;

Madina Mirzarahmatova - O‘zbekiston Milliy universiteti magistranti;

Nodira Turg‘unova - ingliz tili o‘qituvchisi (jamoa sardori);

Muazzam Uzoqova - arab tili o‘qituvchisi;

Nodira Rahmonova - O‘zbekiston Milliy universiteti magistranti;

Maysara Ochilova - Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi mutaxassisi.

Nodira Turg‘unova jamoasi 2023 yilning qishki mavsum ikkinchi o‘yinida ishtirok etadi.

1-raundda fransuz kompozitori Moris Ravelning “Balero” musiqasi qo‘yib berilib, jamoadan ushbu musiqani bastakor qanday zavodda bo‘lganidan ilhomlanib yaratgani so‘raldi. Jamoa muhokamada turli yo‘nalishlarga kirib ko‘rgan bo‘lsa-da, 1-savolga javob topa olmadi. Hisob – 0:1.

2-raundda Samarqand qozikaloni Abu Tohir Umar Xayyomni sud qilib uni o‘limdan saqlab qolgani va keyinchalik unga o‘zini ehtiyot qilishi uchun qanday kitob sovg‘a qilgani haqida savol o‘ynaldi. Ushbu savolda jamoa to‘g‘ri javobni osongina topdi va o‘yindagi ilk ochkoni qo‘lga kiritdi. Hisob – 1:1.

Jamoa sardori Nodira Turg‘unova 

3-raundda Xitoyda son va raqamlarni ifodalash uchun oddiy iyerogliflardan tashqari yana uchinchi turdagi noodatiy iyerogliflar ham bo‘lgani va ulardan qaysi hollarda foydalanilgani haqida savol o‘ynaldi. Muhokamada to‘g‘ri javobga juda yaqin kelingan bo‘lsa-da, javob berishda biroz boshqacha javob berildi. Boshlovchi javobni qabul qilish-qilmaslik bo‘yicha magistrlar fikrini so‘raganida magistrlar javobni noto‘g‘ri deb topdi va hisob teletomoshabinlar tomoniga og‘di. Hisob – 1:2.

Jamoa a’zosi Madina Mirzarahmatova 

4-raundda 1986 yilda rejissyor Garri Bardin tomonidan yaratilgan “Banket” multfilmida bir personajga ovoz berish uchun taklif qilingan tajribali aktrisa rejissyor Garri Bardindan nega suvi bor stakan talab qilgani haqida savol o‘ynaldi. Nazokat Abdusayitova tomonidan muhokamada to‘g‘ri javob aytilgan bo‘lsa-da, yakunda u boshqa variantni javob sifatida berdi va hisob 1:3 ko‘rinishini oldi.

Jamoa a’zosi Nazokat Abdusayitova 

5-raundda XIX asr oxirlarida Qo‘qonda nimaning qo‘lbolasi teri, sim, mumga o‘ralgan gugurt va xorijdan keltirilgan yana bir narsa orqali yasalgani  haqidagi savol o‘ynaldi. Jamoa har qancha urinmasin, bu savolga ham javob topa olmadi. Hisob – 1:4.

Jamoa a’zosi Muazzam Uzoqova 

Keyingi raundda “Zakovat” sandiqchasi olib chiqilib, u haqidagi she’riy savol berildi. Muhokama boshidayoq Nodira Rahmonova jamoani to‘g‘ri yo‘nalishga boshlashga uringan bo‘lsa-da, fikrlar tarqoq bo‘ldi va vaqt tugashi bilan jamoa klub yordamini olish istagini bildirdi. Klub jamoaga yordam berishi natijasida jamoa o‘zining ikkinchi ochkosini oldi. Hisob – 2:4.

Jamoa a’zosi Nodira Rahmonova 

7-raundda mashhur yozuvchilar va ularning asarlari haqidagi blits savollari tushdi. Gazetada bir navnihol yigitni Grenobl shahar sudi o‘limga hukm qilganligi haqidagi xabarni o‘qib qolganidan so‘ng qaysi yozuvchi o‘zining mashhur asarini yozishga kirishgani haqidagi ilk savoldayoq jamoa noto‘g‘ri javob berdi va hisob yiriklashdi. Hisob – 2:5.

Jamoa a’zosi Maysara Ochilova 

8-raundda 2009 yilda dunyo bo‘ylab katta iqtisodiy inqiroz ro‘y bergach, hamma xalqlar inqiroz davrida o‘ta tejamkor bo‘la boshlagani haqidagi savol o‘ynaldi. Ushbu davrda fransuzlar qachon o‘z hisoblaridan otgul olishgani so‘ralgan savolga ham afsuski jamoa to‘g‘ri javob topa olmadi va o‘yin nisbatan erta yakunlandi.

Shunday qilib, mavsumning ikkinchi o‘yini Nodira Turg‘unova jamoasining 2:6 hisobidagi mag‘lubiyati bilan tugadi. Ushbu mag‘lubiyatdan so‘ng jamoaning keyingi mavsumga o‘tish imkoniyati pasayib ketdi. Hammasi keyingi o‘yinlarning natijasiga bog‘liq bo‘ladi. 

O‘yin stenogrammasi bilan quyida tanishib chiqishingiz mumkin. 

1-raund. Savol muallifi: Saidakbar Maqsudov, Toshkent shahri

Boshlovchi: Fransuz kompozitori Moris Ravelning Balero asaridan parcha:

Moris Ravel bu asarini ispan va arab ohanglaridan ilhomlanib yaratgan. Shu yaratish paytida nogahon bir ishlab chiqarish korxonasiga kirib qoladi. Zavod ishlab chiqarayotgan mahsulotning konveyerlardagi harakatini kuzatib, yaratayotgan kuyining ritmini bu mahsulotning harakati tezligiga qarab belgilagan.

Diqqat savol: U nima ishlab chiqaradigan zavodda bo‘lgan?

Javobni Nazokat Abdusaitova beradi: O‘yinchoq askarchalar.

To‘g‘ri javob: Nimaningdir sekin harakatlanishiga o‘xshaydi. U po‘lat eritish zavodida bo‘lgan. Maxsus ariqlarda oqishiga qarab musiqa ritmini belgilagan.

Hisob: 0 - 1

Savol muallifi Saidakbar Maqsudov 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi. 

2-raund. Savol muallifi: Abdurahim Sultonov, Sirdaryo viloyati

Boshlovchi: Samarqand qozikaloni Abu Tohir Umar Xayyomni sud qilib uni o‘limdan saqlab qoladi. Keyinchalik uning ijodining muxlisi sifatida bir kitob sovg‘a qiladi. “Buni ol, bundan keyin lablaring va tishlaring mustahkam darvoza bo‘ladi” – deydi.

Diqqat savol: Ayting-chi, u bergan kitobning boshqa kitoblardan farqi nimada bo‘lgan?

Javobni Madina Mirzarahmatova beradi: Fikrimizcha, o‘sha kitobning boshqalaridan farqi uning ichida hech nima yozilmaganligi, bo‘sh varaqlardan iboratligi.

To‘g‘ri javob: U kitobning farqi sahifalari bo‘sh bo‘lgan. Xuddi bloknotga o‘xshash oppoq, hech narsa yozilmagan kitob bo‘lgan. Umar Xayyom yozgan she’rlarini omma oldida yodlab o‘qib yurgan. "Xudoni mensimayapti" deb – din peshvolari, "bizni ustimizdan kulyapti" deb – savdogarlar uni qozining oldiga olib kelaverishgan. Qozi unga rahm qilib "mana bu kitobni ol, she’rlaringni omma oldida o‘qib, o‘zingga dushman orttirmay shu kitobga yozib yur" deydi.

Hisob: 1 - 1

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi. 

3-raund. Savol muallifi: Latofat Zoirova, Buxoro viloyati, Qorovulbozor tumani

Boshlovchi: Ekranga qarang.

Odatda Xitoyda son va raqamlarni ifodalash uchun oddiy iyerogliflardan foydalanishadi. Suratda 3 ta ustun berilgan. Birinchi ustunda 1 dan 9 gacha raqamlar zamonaviy ko‘rinishda berilgan. 2-ustunda Xitoy iyerogliflari orqali tasvirlangan. Lekin ba’zan Xitoyda 3-ustundagi maxsus iyerogliflardan foydalanishadi.

Diqqat savol: Qanday hollarda uchinchi ustundagi iyerogliflardan foydalanishgan?

Javobni Nodira Rahmonova beradi: Demak, uchinchi ustundagi raqamlarning ifodalanishi ikkinchi ustundagidan murakkabroq. Bu rasmiy hujjatlarda davlat darajasidagi hujjatlarda ishlatiladi. Umumiy rasmiy hujjatlarda ishlatiladi.

To‘g‘ri javob: Odatiy hayotda foydalanadigan iyerogliflarni o‘zgartirish oson. 3-ustundagi sonlar ancha murakkab ko‘rinishga ega, ularni o‘zgartirish juda qiyin. Shuning uchun bank operatsiyalari vaqtida 3-ustundagi murakkabroq iyerogliflardan foydalanishadi.

Hisob: 1 - 2

Savol muallifi Latofat Zoirova 2 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi. 

4-raund. Savol muallifi: Dilobar Abdiyeva

Boshlovchi: 1986 yilda rejissyor Garri Bardin tomonidan yaratilgan “Banket” multfilmida personajlar yo‘q. Faqat predmetlar va kadr orti ovozlari bor. Dublyaj uchun 10ga yaqin mashhur aktyor va aktrisalarni taklif qilishgan. Multfilmdagi bir personajga ovoz berish uchun taklif qilingan tajribali aktrisa rejissyor Garri Bardindan suvi bor stakan talab qilgan. Bu aktrisaga ovoz berishda yordam beradi, degan.

Diqqat savol: Ayol aktrisaga stakan va suv nima uchun kerak bo‘lgan?

Javobni Nazokat Abdusaitova beradi: Menimcha, bu aktrisa qari ayolning ovozini o‘xshatish uchun og‘ziga ozgina suv olib gapirgan.

To‘g‘ri javob: Aktrisaning yoshi katta bo‘lgan, unda o‘z tishlari bo‘lmagan. Tishlari yasama tanglay tish bo‘lgan. Dublyaj vaqtida yasama tanglay tishini stakanga solib qo‘ygan. Obrazi shunday o‘qishga mos bo‘lgan.

Hisob: 1 - 3

Savol muallifi Dilobar Abdiyeva 3 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi. 

5-raund. Savol muallifi: Karimjon Matxoliqov, Namangan viloyati, Chust tumani

Boshlovchi: Marhamat, bir necha predmetlar olib chiqilsin!

XIX asr oxirlarida Qo‘qonda Ularning qo‘lbolasi bor yo‘g‘i 4 ta mahsulotdan yasalgan. Teri, sim, mumga o‘ralgan gugurt va xorijdan keltirilgan yana nimadir. 

Diqqat savol: Nimaning qo‘lbolasi shu alfozda yasalgan va xorijdan olib kelinadigan narsa nima edi?

Javobni Nodira Turg‘unova beradi: Aytaylik, Qo‘qonda qo‘lbola usul bilan kamarlar yasashgan, chet eldan maxsus metall olib kelingan.

To‘g‘ri javob: Ular terining ichiga poroxni joylab, ichiga mum solib, sim bilan o‘rab bog‘lab, yoqib turib otishgan. Qo‘qonda XIX asrda shu tariqa granata yasashgan. Hatto qo‘qonlik temirchilar miltiq va to‘plargacha yasashni o‘rganishgan.

Hisob: 1 - 4

Savol muallifi Karimjon Matxoliqov 4 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi. 

6-raund. Savol muallifi: Sherali Sulaymonov, Sirdaryo viloyati, Guliston tumani

Boshlovchi: Marhamat, "Zakovat" sandiqchasi olib chiqilsin! 

Quyidagi 4 misraga quloq bering: 

Kunduz avqotim sening xajringda nolon kechadur.

Kecha ham zulfing kabi holim parishon kechadur,

Anbaring zulfing xayolimdan ko‘zimga, ey pari,

Oy-u, hafta-yu, kun bori yakson kechadur. 

Birinchi qatordagi avqotim so‘zining ma’nosini bildiruvchi narsa sandiqcha ichidan joy egallagan.  

Diqqat savol: Sandiqchada nima bor?

Jamoa klub yordamidan foydalandi.

Javobni Nodira Rahmonova beradi: Avqotim so‘zi vaqt so‘ziga o‘xshash, shuning uchun sandiqchada soat bor.

To‘g‘ri javob: Sandiqchada soat bor. Avqotim so‘zining ma’nosi – vaqt.

Hisob: 2 - 4

Savol muallifi Sherali Sulaymonov 3 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi. 

7-raund. Blits savollari. Savol muallifi: Mohichehra Eraliyeva

Boshlovchi: Bu mashhur yozuvchi odatdagi kunlarning birida gazetalarni varaqlab o‘tirib, shapaloqdek keladigan xabarni o‘qib qoladi. Unda bir navnihol yigitni Grenobl shahar sudi o‘limga hukm qilganligi yozilgan. 19 yoshli tarbiyachi bu yigitning fojiali hayoti, bu yozuvchini qattiq ta’sirlantiradi. Shundan keyin u, shu xabar asosida dunyoga mashhur asarni yozadi.

Diqqat savol: Qaysi yozuvchining, qaysi asari haqida gap ketmoqda?

Javobni Nodira Turg‘unova beradi: Bu asar "Jinoyat va jazo", yozuvchi F. Dostoyevskiy.

To‘g‘ri javob: Stendalning “Qizil va qora” romani haqida

Hisob: 2 - 5

Savol muallifi Mohichehra Eraliyeva 5 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi. 

8-raund. Savol muallifi: Qosimxon Ahrorov, Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumani

Boshlovchi: 2009 yilda dunyo bo‘ylab katta iqtisodiy inqiroz ro‘y bergach, hamma xalqlar inqiroz davrida o‘ta tejamkor bo‘la boshladilar. Masalan, koreys ayollari erlariga qo‘ng‘irroq, kulrangroq ko‘ylaklar sotib ola boshlaydilar. Kamroq yuvish uchun albatta. AQShda “tekinga beraman” degan saytlarga kiruvchilar ko‘paygan va hokazo. Fransuzlar ba’zi kunlari o‘z hisoblaridan otgul, dam olishga chiqishar ekan.

Diqqat savol: Qachon ular o‘z hisoblaridan otgul olishgan?

Javobni Madina Mirzarahmatova beradi: Dam olish kunlari

To‘g‘ri javob: Xorijda shunday an’ana bor. Yilda 2-3 marta yirik do‘konlarda 70-80 foizlik chegirmalar bo‘ladi. Bunday kunlar ular soatlab, tuni bilan navbatda turib, katta-katta uy jihozlarini sotib olishadi.

Hisob: 2 - 6

Savol muallifi Qosimxon Ahrorov 6 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

Eng yaxshi savol muallifi - Karimjon Matxoliqov, porox haqidagi savol bilan

Karimjon Matxoliqov 10 mln so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

O‘yinning to‘liq videosini ushbu havolada tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid