22:09 / 17.12.2023
23446

Baydenga impichment bo‘yicha surishtiruvlar boshlandi: shu vaqtgacha nimalar ma’lum?

AQSh Kongressining respublikachilar soni ko‘proq bo‘lgan Vakillar palatasi Jon Baydenga impichment e’lon qilish bo‘yicha surishtiruv o‘tkazishni qonuniylashtiruvchi va bunga formal huquqiy asos yaratuvchi rezolyutsiyani yoqlab ovoz berdi. Xo‘sh, ayblovlarning mazmuni nimalardan iborat va buyog‘iga nima bo‘ladi?

Hozircha tekshiruvlar Jo Bayden tomonidan biror narsa suiiste’mol qilinganini ko‘rsatmagan. Foto: GETTY IMAGES

Qonunchilarning ovozlari partiyaga mansubligiga qarab bo‘lingan, rezolyutsiya respublikachilar ko‘pchilik ekani tufayli biroz ustunlik bilan qabul qilingan. Unda Jo Bayden poraxo‘rlik, korrupsiya va o‘z «brendi»ni ilgari surish uchun o‘z mansabidan foydalanganlikda ayblanadi.

Vakillar palatasining respublikachilar tomonidan boshqariladigan uchta qo‘mitasi Bayden Barak Obama prezidentligi davrida vitse-prezident lavozimini egallab turganida poraxo‘rlik va korrupsiya bilan shug‘ullanganini iddao qilishmoqda, biroq hanuz birorta dalil-isbot keltira olishmagan. Prezidentga qarshi ayblovlar nafaqat demokratlarning, balki ayrim respublikachilarning ham ensasini qotirmoqda.

Respublikachilar yetakchisi Bayden administratsiyasi surishtiruvga xalaqit berayotganini aytib, ko‘proq dalil topish uchun surishtiruvchilarni kengroq vakolat bilan ta’minlash kerak, degan vaj bilan kongressmenlarning qo‘lloviga ega bo‘lgan.

Oq uy esa, o‘z navbatida, surishtiruvni qoralagan va amaldagi prezidentning qayta saylanishiga xalaqit berish uchun uyushtirilgan «siyosiy tryuk» deb atagan, deb yozadi BBC.

Surishtiruv qanday bosqichda?

Surishtiruvni shu yil sentabr oyida Vakillar palatasining sobiq spikeri Kevin Makkrati o‘rtaga tashlagan. U respublikachilar Bayden atrofidagi «korrupsiya madaniyati»ni fosh qilishganini ta’kidlagan.

Biroq o‘sha oyda bo‘lib o‘tgan dastlabki eshittiruvlarda respublikachi ikki ekspert impichment uchun yetarli dalillar borligidan shubhalanayotganini aytgan.

Shundan so‘ng Vakillar palatasi nazorat qo‘mitasi prezident oilasining bir necha vakillari, jumladan, uning ukasi va o‘g‘liga ko‘rsatma berish uchun sud chaqiruv qog‘ozlari jo‘nata boshlagan.

Chorshanba kuni ertalab Jo Baydenning o‘g‘li Hanter yopiq eshiklar ortida ko‘rsatma berish uchun Kongressga chaqiruv qog‘ozini e’tiborsiz qoldirgan. Jurnalistlarga u faqat omma oldida chiqish qilishini aytib, surishtiruvchi respublikachilarda «uyat ham, vijdon ham yo‘q»ligini ta’kidlagan.

Ayblovning katta qismi Hanter Baydenning xorijdagi bitimlari va unga otasining ehtimolli aloqadorligi bilan bog‘liq.
Foto: GETTY IMAGES

Yuqori martabali respublikachilar Oq uy ularga axborot taqdim etishni rad etib kelayotgani, Milliy arxivdan minglab hujjatlarni o‘rganishga qo‘ymayotgani, asosiy guvohlar ko‘rsatma berishiga to‘sqinlik qilayotganini ta’kidlashmoqda.

Vakillar palatasining hozirgi spikeri Mayk Jonson USA Today nashrida yozishicha, mansabni suiiste’mol qilish dalillari ko‘paymoqda va «Oy uy va boshqalar tomonidan qarshilikka nimanidir qarshi qo‘yish fursati yetgan».

«Bizda boshqa iloj qolmadi, — degan u seshanba kungi matbuot anjumanida, — biz keyingi qadamni tashlashga majburmiz va bu siyosiy qadam emas, qonunchilik qarori bo‘ladi».

Surishtiruvni qonuniylashtirish bo‘yicha ovoz berish respublikachilarga «zarur axborotlarni to‘plash va sudga chaqiruv qog‘ozlari jo‘natish uchun o‘ta asosli yuridik asoslar» taqdim etadi, — degan reglament bo‘yicha qo‘mita raisi, respublikachi Tom Koul.

Lekin uning ayrim partiyadoshlari impichment g‘oyasiga skeptik munosabatda, garchi ular surishtiruvni qo‘llab-quvvatlashgan bo‘lishsa-da, hali bu Baydenga impichment e’lon qilishga tayyor ekanliklarini bildirmasligini ta’kidlashgan.

Xo‘sh, surishtiruvga asos qilib olingan Jo Baydenga tirkalayotgan asosiy ayblar nimalardan iborat?

Baydenning «brendi»

Vakillar palatasining nazorat qo‘mitasi Baydenlar oilasi va ularning ishbilarmon hamkorlari 2014 yildan 2019 yilgacha Xitoy, Qozog‘iston, Ukraina, Rossiya va Ruminiya kabi davlatlardagi shubhali manbalardan 20 mln dollar mablag‘ni olgani xususida dalillarga ega ekanini ta’kidlagan.

Qo‘mita qo‘lga kiritgan bank hujjatlari sinchiklab o‘rganilganiga qaramasdan, o‘sha paytda vitse-prezident bo‘lib ishlagan Baydenga qandaydir muayyan pullar to‘lab berilgani yoki u bu pullardan qandaydir to‘g‘ridan to‘g‘ri foyda olganini isbotlab berisholmagan.

Biroq, kentukkilik respublikachi Jyeyms Komer Hanter o‘z otasidan «brend» yasab olgani va korrupsion sxemalarda millionlar ishlash uchun otasining nomidan foydalanganini ta’kidlagan. U shuningdek, Hanter Baydenning sobiq sherigi Devon Archerning ko‘rsatmalariga ishora qilgan. Unga ko‘ra Hanter vitse-prezident otasiga yo‘l ochiqligi to‘g‘risidagi «illyuziyalarni pullagan».

Keyinroq, garchi Komer «aftidan, hech qanday real xizmatlar taqdim etilmaganga o‘xshayapti», degan bo‘lsa ham.

O‘tgan haftada Komer o‘zi ta’kidlaganidek, Hanter Xitoydan pul tushirgan o‘ziga tegishli kompaniya orqali otasiga to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘lovlar amalga oshirgani xususida bank vedomostlarini e’lon qilgan.

Bunga javoban Hanterning advokatlari Komer bu to‘lovlarni noto‘g‘ri talqin qilayotgani, to‘lovlarni hech kim yashirmagani va ular Jo Bayden vitse-prezident lavozimini tark etganidan 2 yil o‘tib amalga oshirilganini ta’kidlashgan.

«Haqiqat shundaki, Hanter ichkilikka berilib ketganidan so‘ng moliyaviy muammolar girdobiga tushib qolgan chog‘ida, u yuk mashinasi sotib olishi uchun otasi unga puldan qarashib turgan, Hanter oyoqqa turgach, otasiga qarzlarini qaytargan», — degan advokat.

Bitimlar xususidagi yolg‘on

Jo Bayden o‘g‘li Xitoyda yoki boshqa davlatda «pul qilmagani»ni ta’kidlab kelmoqda. Shuningdek, u hech qachon o‘g‘li bilan uning biznesi xususida suhbatlashmaganini takrorlab keladi.

Biroq, respublikachilar ular qo‘lga kiritgan dalillar Baydenning bu ikki ta’kidi yolg‘onligini isbotlashi haqida bong urishmoqda.

Oq uy Nazorat qo‘mitasi raisi Jyeyms Komerni impichment bo‘yicha eshittiruvlar mobaynida dalillarni bir necha marta noto‘g‘ri talqin qilganlikda ayblamoqda. Foto: GETTY IMAGES

Komer prezident bir necha bor o‘g‘lining xorijiy ishbilarmon sheriklari bilan «muloqot va tushlik qilgani, munosabatlar o‘rnatgani»ni ta’kidlagan.

Biroq bu uchrashuvlar fakti va mazmuni impichment uchun loyiq suiiste’mollik darajasiga mos bo‘lgan-bo‘lmagani noaniq bo‘lib qolmoqda.

Avgust oyida Hanter Baydenning sobiq sherigi Devon Archer Vakillar palatasida qasamyod ostida ko‘rsatma berib, Jo Bayden «10 yil mobaynida 20 martacha» o‘g‘lining ishbilarmon hamkorlari bilan telefon orqali muzokaralar chog‘ida ovozli aloqa bilan ishtirok etganini ta’kidlagan.

Biroq u qonunchilarga bu «oddiy telefon suhbatlari» bo‘lgani, hech qanday bitimlar imzolanishiga olib kelmaganini ta’kidlagan. Bu esa respublikachilarning pora, manfaatlar to‘qnashuvi yoki Jo Baydenning o‘g‘lining xorijiy loyihalarida moddiy ishtiroki to‘g‘risidagi iddaolariga ters keladi.

Poralarning taxminiy sxemasi

Surishtiruvdagi asosiy element ilk marta 2019 yilda, o‘sha paytdagi prezident Donald Trampga nisbatan birinchi impichment chog‘ida sizib chiqqan voqea bo‘lmoqda.

Bu FTB ixtiyoriga kelib tushgan va tekshirilmagan axborot bo‘lib, unga ko‘ra go‘yoki Jo Bayden o‘g‘li Hanter Bayden direktorlar kengashiga a’zo bo‘lgan Burisma energetika kompaniyasiga nisbatan tergov olib borayotgan taniqli prokurorni ishdan bo‘shatishi uchun Ukraina hukumatiga bosim o‘tkazgan.

Garchi undagi axborotlar tekshirib ko‘rilmagan bo‘lsa-da, shu yil iyulida ayovalik respublikachi senator Chak Grassli tomonidan ommaga qilingan hujjatda Burisma prezidenti Mikola Zlochevskiy ota-bola Baydenlarga 5 mln dollardan bergani haqida gap boradi. Bu to‘lovlar chindan ham amalga oshirilganmi-yo‘qmi, amalga oshirilgan bo‘lsa, pullarni aynan kim va qay tariqa olgani to‘g‘risida hech qanday dalil-isbot keltirilmagan.

Tramp administratsiyasi qoshidagi AQSh Adliya vazirligi bu ayblovlarni sakkiz oy mobaynida surishtirgan, alal-oqibatda surishtiruvini «dalillar yetishmasligi» tufayli to‘xtatgan.

Keyinroq demkorat kongressmen Jyeymi Raskin bilan intervyusi stenogrammasidan ma’lum bo‘lishicha, Zlochevskiy Joy Bayden yoki uning administratsiyasida hech kim bilan aloqaga ega bo‘lmagani, Bayden vitse-prezident bo‘lib ishlaganida shaxsan unga yoki kompaniyasiga biror yordam ko‘rsatmaganini aytgan.

Archer ham o‘z ko‘rsatmalarida unga bunday to‘lovlar haqida hech narsa ma’lum emasligini bildirgan.

Hanter Bayden foydasiga nepotizmda ayblov

Ichki daromadlar xizmati (IRS)ning ikki xodimi ko‘rsatmalariga asoslanib, Vakillar palatasidagi respublikachilar Adliya vazirligi Hanter Baydenning ko‘p yillik soliq sohasidagi qonunbuzilishlariga ataylab aralashgan, degan xulosaga kelishgan. Ular vazirlik juda «imillab» harakat qilayotgani va ataylab soliq tekshiruvlariga to‘sqinlik qilayotganini ta’kidlashgan.

Adliya vazirligi bu ayblovlarni rad etgan. Keyinroq respublikachilar tomonidan iyul oyi boshlarida chaqirilgan boshqa guvohlar ham na prezident Bayden, na bosh prokuror Merrik Garland surishtiruvga aralashganini haqida ko‘rsatma berishgan.

Biroq, Bayden prezidentligi davrida Adliya vazirligi Trampga qarshi kurash vositasiga aylantirilgan, deb ishonuvchi respublikachilar vazirlik Trampni javobgarlikka tortish uchun Baydenning manfaatini ko‘zlab harakat qilayotgani, biroq Baydenning o‘g‘liga nisbatan yumshoqroq munosabatda bo‘layotganini ta’kidlashgan.

Ular hattoki shu yil ichida prokurorlar va Hanter Bayden o‘rtasida u ayrim qonunbuzilishlarini tan olishi, biroq qamoq jazosidan qutulib qolishi borasidagi kelishuvga ham ishora qilishgan.

Hanter Bayden qamaladimi?

Lekin bu kelishuv chilparchin bo‘lgan, endi prezidentning o‘g‘liga soliq qonunchiligini va o‘qotar quroldan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun federal darajada ayblovlar qo‘yilmoqda: Delaver shtatida Hanter Bayden revolverni noqonuniy sotib olganlikda ayblanmoqda. Kaliforniyada esa soliqlarni to‘lamaganlikda.

Hanter Bayder ochilgan ikkala ish bo‘yicha ham qamoq jazosidan qutulib qolishi mumkin. Foto: theepochtimes.com

Sud eshittiruvlarida prokurorlar Hanter Baydenning shohona hayot tarzini batafsil tasvirlab berib, u lobbistlik qilayotgan firmaning xorijiy hamkorlari, jumladan Ukraina va Xitoydagi sheriklarini sanab bermoqda.

Birinchi ish bo‘yicha prokuratura versiyasiga ko‘ra, 2018 yilda revolver xarid qilganida Hanter maxsus shaklda narkotik moddalar iste’mol qilishini ko‘rsatmagan. Kichik Bayden aybini tan olmagan. Uchta modda bo‘yicha formal jihatdan u 25 yilga qamalishi mumkin, lekin real muddat berilmasa kerak: Hanter shu paytgacha sudlanmagan, o‘sha revolverdan umuman foydalanmagan. The New York Times nashriga ko‘ra, bunday ayblovlar odatda noqonuniy qo‘lga kiritilgan qurol bilan o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etilganda qo‘shimcha ravishda tirkaladi.

Hanter Baydenga qarshi ikkinchi ish u hozir istiqomat qilayotgan Kaliforniyada qo‘zg‘atilgan. Unda uchta modda bo‘yicha 9 ta epizod bor: bir necha yil soliqlarni to‘lamaslik, soxta soliq deklaratsiyasi taqdim etish va soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash. Ayblov xulosasida 2016–2019 yillarda Hanter Bayden kamida 1,4 mln dollar federal soliqlarni to‘lamagani yozilgan. Shu davr ichida u 7 mln dollar daromad qilgan.

Bu mablag‘ning katta qismini u xorijlik hamkorlari bilan birgalikdagi ishi ortidan topgan. Ukrainaning Burisma kompaniyasida ishlagani uchun u yiliga 1 mln dollardan olgan, 2017 yildan boshlab esa 500 ming dollar (o‘sha yili otasi AQSh vitse-prezidenti lavozimidan ketgan). Yana 1 million dollarni Hanterga sud hujjatlarida G.P. deb belgilanayotgan ruminiyalik biznesmen to‘lab bergan. Hanter go‘yoki unga poraxo‘rlik ayblovlarini olib tashlashda yordam berishni va’da qilgan. Kichik Baydenning uchinchi daromad manbayi — Xitoyning CEFC China Energy energetika fondi.

Soliqlarni to‘lash o‘rniga «javobgar dabdabali hayot kechirish uchun millionlarni sarflagan», deyiladi ayblov xulosasida: «2016 yildan 2020 yilning 15 oktyabrigacha narkotiklar, eksport va qizlarga, dabdabali hotellar va ko‘chmas mulk ijarasi, noyob avtomobillar va kiyim-kechaklar hamda soliqdan boshqa shaxsiy narsalarga pul sarflab kelgan». Ish materiallarida konkret raqamlar bor: 188 ming dollar «kattalar uchun vaqtichog‘likka», 683 ming dollar — «turli ayollar» uchun to‘lovlarga.

Ikkinchi ish bo‘yicha Hanter Bayden 17 yilga qamalishi mumkin. Lekin u ikki yil muqaddam soliqdan qarzlarini to‘liq yopib bo‘lgani, shu paytgacha sudlanmagani inobatga olinsa, bu ayblov bo‘yicha ham qamalmay qolish ehtimoli katta.

Mavzuga oid
Top