Shoygu Putinga hisobot berdi va «Rossiya armiyasi dunyodagi eng jangovar armiya» ekanini aytdi
Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu prezident Vladimir Putinga Ukrainada ketayotgan «maxsus harbiy operatsiya» bo‘yicha hisobot berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Qurolli kuchlari qarshi hujum vaqtida hech narsaga erisha olmadi va katta yo‘qotishlarga duch keldi.
«Chet ellik kuratorlar tomonidan tayyorlangan qarshi hujum paytida Ukraina Qurolli kuchlari hech narsaga erisha olmadi va katta yo‘qotishlarga duch keldi. Urush boshlanganidan beri Ukraina 383 ming harbiy xizmatchini (halok bo‘lganlar va yaralanganlar) yo‘qotdi. Biz Polshadan 1427 nafar, Amerikadan 466 nafar, Buyuk Britaniyadan 344 nafar yollanma askarni o‘ldirdik», dedi Shoygu.
Shuningdek, vazir armiyani qayta qurollantirish bo‘yicha katta hajmdagi ishlar olib borilganini ma’lum qildi.
«Biz armiyani qayta qurollantirish bo‘yicha misli ko‘rilmagan qadamlar tashladik. Harbiy-sanoat majmuasining quvvatini 4 barobarga, tanklar ishlab chiqarishni 5,6 barobarga, uchuvchisiz samolyotlar ishlab chiqarishni 16,8 barobarga, artilleriya o‘q-dorilarini 17,5 barobarga oshirdik. Qo‘shinlar hamma narsa bilan ta’minlangan. Ilgari qurollarni ishlab chiqish uchun 5-8 yil kerak bo‘lgan bo‘lsa, hozir 4-7 oy davom etadi. «Ulug‘ Vatan urushi»dan beri bunday bo‘lmagan», dedi Shoygu.
Uning ta’kidlashicha, Rossiya harbiy texnologiyalari NATO mamlakatlaridagi texnologiyalardan ustunligini ko‘rsatdi.
«Rossiya texnologiyalari NATO mamlakatlaridagi texnologiyalardan ustunligini ko‘rsatdi. Yaradorlarning omon qolish darajasi sezilarli darajada yaxshilandi, ularning 98 foizi tuzalib ketdi. Rossiya harbiylari jasorat ko‘rsatmoqda: 320 ming kishi mukofot oldi, 272 nafari Rossiya Qahramoni unvonini oldi. «Maxsus harbiy amaliyot» armiya va xalqni birlashtirdi. Har kuni bir yarim ming kishi shartnoma tuzmoqda. Haqiqat tarafida bo‘lishni istovchi xorijlik ko‘ngillilar soni yetti barobar oshdi», dedi Shoygu.
Vazir 2024 yilda amalga oshirish rejalashtirilgan tadbirlarni ham sanab o‘tgan.
«Maxsus harbiy amaliyot» Rossiya har qanday zamonaviy dushmanning harakatlariga javob berishga qodirligini ko‘rsatdi. Rossiya armiyasi dunyodagi eng yaxshi o‘rgatilgan va eng yaxshi jangovar tayyorgarlikka ega armiya. U jangda isbotlangan eng ilg‘or qurollarga ega. Tez orada qurolli kuchlar soni bir yarim millionga yetkaziladi.
2024 yilga mo‘ljallangan vazifalarimiz: maqsadlarga to‘liq erishilgunga qadar «Maxsus harbiy amaliyot»ni davom ettirish, Suriya va Qorabog‘da tinchlik saqlanishini ta’minlash, «Sarmat»ni harbiy navbatchilikka joylashtirishni yakunlash, shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchilar sonini 745 ming kishiga yetkazish. Armiyani izchil rivojlantirish va uning salohiyatini oshirish yo‘li davom etadi», dedi Shoygu.
Meduza nashri Sergey Shoygu nutqini tahlil qilgan va ko‘plab ma’lumotlarning haqqoniyligiga shubha bildirgan.
«Shoygu bir narsada haqli – Rossiya armiyasi 20 oylik urush davomida katta tajriba orttirdi, garchi asosan salbiy bo‘lsa-da. Ma’lum bo‘lishicha, Rossiya Qurolli kuchlari hujumkor maqsadlariga erisha olmagan (kuchli dushmanga qarshi). 2023 yil davomida armiya bir necha hujum operatsiyalarini o‘tkazdi, ularning hech biri muvaffaqiyat bilan yakunlanmadi. Yagona nisbiy muvaffaqiyat – Baxmut, Soledar va ularning atrofini bosib olish – asosan armiyaga raqobatchi «Vagner» XHK tomonidan erishildi», deb yozdi nashr.
Nashr tahliliga ko‘ra, Rossiya qo‘mondonligi Ukrainadagi urushda asosiy muammoni hal qila olmayapti.
«Rossiya qo‘mondonligi haligacha hal qila olmaydigan asosiy muammo – bu aviatsiyaning Ukraina osmonida hukmronlik o‘rnatishga qodir emasligi. Vaholanki, ular son jihatdan kam bo‘lgan (lekin kuchli havo mudofaasi bilan) havo kuchlari bilan to‘qnashmoqda. Aviatsiyaning zaifligi qo‘shinlarning dushman mudofaasini yorib o‘tolmasligi va manyovr operatsiyalarini o‘tkazishga qodir emasligiga olib kelmoqda. Rossiya Aerokosmik kuchlari soni kamaydi: urush paytida ular yuzga yaqin samolyotni yo‘qotdi, ulardan 30 dan ortig‘i zamonaviy edi (bu faqat video va foto dalillar bilan tasdiqlangan yo‘qotishlar) va harbiy sanoatdan faqat bir nechta (yoki o‘nlab) samolyotlarni oldi xolos», deb yozdi nashr.
Meduza tahliliga ko‘ra, Rossiya Ukrainada ko‘plab harbiy texnikani yo‘qotdi.
«Boshqa ko‘plab turdagi uskunalar soni ham kamaydi – va kamayishda davom etmoqda. Shunday qilib, 2023 yilda Rossiya Qurolli kuchlari 900 ga yaqin tankni yo‘qotdi, ular shikastlangan yoki tashlab ketilgan (video bilan isbotlangan). 2022 yilda 1600 ga yaqini yo‘qotilgan edi. Harbiy sanoat, katta ehtimol bilan armiyani 300 dan ortiq bo‘lmagan tanklar bilan ta’minlamoqda, shu jumladan yangi va qayta tiklangan sovet modellari bilan», deb yozdi nashr.
Rossiya urushga moslasha olgani va harbiylar sonini oshirishga erishgani qayd etilgan.
«Shu bilan birga, Rossiya Qurolli kuchlari moslashish qobiliyatini ko‘rsatdi – masalan, armiyaning yangi tarmog‘i – uchuvchisiz aviatsiya noldan yaratildi, bunda Rossiya armiyasi hozirda Ukraina armiyasidan ustundir. Texnika yetishmasligiga qaramay, rus armiyasining soni ham oshdi. Biroq, uning tarkibida yangi (2023 yilgi) chaqiriq «ko‘ngillilari»ning salmoqli qismi borligi haqida hali hech qanday dalil yo‘q. Armiyaning asosini «eski» shartnoma bo‘yicha askarlar va 2022 yil kuzida safarbar qilinganlar tashkil qilmoqda», deb yozdi nashr.
Mavzuga oid
21:05 / 28.12.2024
Zelenskiy: Putin Slovakiya bosh vaziriga Ukrainaga qarshi «ikkinchi energetika fronti» ochishni buyurdi
18:30 / 28.12.2024
Putin AZAL samolyotiga «Rossiya havo hududida fizik va texnik ta’sir bo‘lgani uchun uzr so‘radi» – Ozarboyjon prezidenti sayti
17:58 / 28.12.2024
Putin samolyot halokati yuzasidan Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyevdan uzr so‘radi
09:31 / 28.12.2024