Choy 18-asrda tezlik bilan Britaniya imperiyasining qimmatbaho resurslaridan biriga aylanadi. U o‘sha davrlarda kutilmagan tarzda odamlarni o‘limdan asrab qolgan bo‘lishi ham mumkin.

Choy Xitoyda miloddan avvalgi mingyilliklardan iste’mol qilingan bo‘lsa-da, u Buyuk Britaniyaga anchayin kech – 17-asrda kirib keladi. Yevropaga esa 1610 yilda ilk marta portugal va golland savdogarlar olib kelishgan. Hozirda choy Britaniyada eng sevimli ichimlik hisoblanadi.

Bu ichimlik o‘z davrida juda ko‘p rollarda bo‘lgan: globar tovar, tasalli beruvchi ichimlik, zulmkor siyosat ramzi. Biroq choyning odamlar hayotini asrab qolgani ko‘pchilikka ma’lum emas.

Kolorado universiteti iqtisodchisi Fransiska Antmanning o‘rganishlariga ko‘ra, choy 1700 yillarda uni ichgan ko‘pchilikning hayotini saqlab qolgan bo‘lishi mumkin. Bu choydagi antioksidantlar yoki undagi boshqa foydali moddalar sababli yuz bermagan.

Hammasi oddiy: odamlar suvni qaynatish suv orqali yuqadigan patogenlardan himoya ekanini tushunmagan bir davrda choy ichish uchun suv qaynatilgan. Va bu amaliyot ko‘pchilikni erta o‘limdan asrab qolgan.

Bu davrdagi ingliz demografiyasi tarixchilar uchun uzoq vaqtdan beri yechilmagan jumboq bo‘lib qolmoqda. 1761 yildan to 1834 yilgacha yillik o‘lim ko‘rsatkichi ancha past bo‘lgan: bu davrda har 1000 kishiga 28, 25 ta o‘lim holati to‘g‘ri keladi. Biroq bu muddatda yashash standartlari va oylik maoshlar oshmagandi. Sanoat inqilobi davrida ko‘pdan ko‘p odamlar shaharlarga to‘plangan va u yerlarda sanitariya ham ko‘pda orzu edi.

Mana shu o‘rinda choy ichish odatining shakllangani o‘lim kamayishining asosiy sababi bo‘lib yuzaga chiqishi mumkin. Sababi odamlar choy ichish uchun suvni qaynatishgan. Qaynagan suv esa diareya kasalliklariga sabab bo‘ladigan bakteriyalarni o‘ldiradi.

"Shaharlarda odam ko‘paygani va ulardagi sanitariya darajasi hisobga olinsa, o‘sha paytdagi eng katta qotil suv edi, deb aytish mumkin”, deydi Fransiska Antman. Lekin nazariy jihatdan qiziqarli bo‘lgan bu qarashni to‘la isbotlash hali ham qiyin.