O‘zbekiston sayyohlar uchun Markaziy Osiyodagi eng xavfsiz davlat sifatida tan olindi
Qozog‘iston esa mintaqada sayyohlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish darajasi bo‘yicha eng yaxshi bo‘ldi.
O‘zbekiston sayyohlar xavfsizligi bo‘yicha Markaziy Osiyoda eng yaxshi davlat sifatida tan olindi. Qozog‘iston esa mintaqada sayyohlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish darajasi bo‘yicha eng yaxshi bo‘ldi. Bu haqda sayyohlarni xavfsizlik va tibbiy xizmat bilan ta’minlashga ixtisoslashgan International SOS tashkiloti mutaxassislari xulosa berdi.
Interaktiv xavflar xaritasiga ko‘ra, O‘zbekiston xavf darajasi past bo‘lgan davlatlar qatoriga kiritilgan. Mamlakatda zo‘ravonlik darajasi past, tartibsizliklar va teraktlar kam uchraydi, xavfsizlik va favqulodda vaziyatlar xizmatlari samarali, infratuzilma ham yaxshi ekani qayd etilgan.
Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston o‘rtacha xavfli davlatlar guruhiga kiritilgan.
Hammasi bo‘lib, xarita beshta xavf darajasini ko‘rsatadi - kichikdan o‘ta yuqori darajagacha.
Sayyohlar uchun dunyodagi eng xavfsiz davlatlar Shveytsariya, Sloveniya, Daniya, Norvegiya, Finlyandiya, Islandiya va Grenlandiya oroli hisoblanadi. Afg‘oniston, Ukraina, Iroq, Yaman, Liviya, Somali va Janubiy Sudan o‘ta xavfli deb tasniflangan.
International SOS ekspertlari dunyo mamlakatlarini tibbiy yordamning rivojlanish darajasi va undan foydalanish imkoniyatlari bo‘yicha ham tahlil qilgan. Ushbu ko‘rsatkichga ko‘ra, mintaqadagi vaziyat Qozog‘istonda eng yaxshi hisoblanadi.
O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston «yuqori xavf» davlatlari sanaladi. Bu davlatlarda shoshilinch, tibbiy va stomatologik kabi asosiy tibbiy yordam turlari bor. Ixtisoslashtirilgan yordam esa katta shaharlarda ham cheklangan. Retsept bo‘yicha beriladigan sifatli dori-darmonlar yo‘q bo‘lishi mumkin. Oziq-ovqat yoki suv orqali yuqadigan infeksiyalar tez-tez uchraydi.
International SOS sog‘liqni saqlash va xavfsizlik xizmatlari bo‘yicha dunyodagi yetakchi kompaniya hisoblanadi. Unda 90 mamlakatda joylashgan xavfsizlik, tibbiyot, logistika va raqamli texnologiyalar bo‘yicha 13 ming nafar mutaxassis ishlaydi.
Mavzuga oid
22:53 / 16.12.2024
Emin Agalarov Chorvoq bo‘yida Sea Breeze Uzbekistan turistik markazini qurmoqchi
18:14 / 16.12.2024
Surxondaryoning uchta tumanida zamonaviy turistik markazlar tashkil etiladi
09:49 / 13.12.2024
Milliy turizm yagona platformasi ishga tushirilmoqda
09:24 / 12.12.2024