O‘zbekiston | 19:35 / 25.12.2023
9220
3 daqiqa o‘qiladi

“Qizimni uzatib qutulay degan niyatda bo‘lish kerak emas” - Tanzila Norboyeva erta unashtiruvlar haqida

Senat raisi Tanzila Norboyeva Kun.uz muxbirining savoliga javoban Qashqadaryoda maktab qizlarining unashtiruvi bilan bog‘liq holatlarga munosabat bildirib, bu urf-odat masalasi ekanini, uni javobgarlikka tortish emas, ota-onalar bilan ishlash orqali tartibga solish kerak, deb hisoblashini aytdi.

Qashqadaryo viloyatida maktab yoshidagi qizlar unashtirib qo‘yilayotgani muhokamalarga sabab bo‘lgan edi. O‘zbekistonda Oila kodeksida nikoh yoshi belgilangan, bu bilan bog‘liq vaziyatda qonunbuzilishi kuzatilsa, Jinoyat kodeksiga asosan javobgarlik bor. Ammo erta unashtiruvlarga nisbatan qonunchilikda hech qanday chora mavjud emas.

25 dekabr kuni Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva yoshlar bilan o‘tgan uchrashuvidan so‘ng, Kun.uz muxbirining shu haqdagi savoliga javob berdi.

Norboyevaning fikricha, unashtiruvga huquqiy jarayon sifatida emas, milliy urf-odat sifatida yondashish kerak

“Buni odamlarimizning tushunchasiga bog‘lash kerak. Qachonki, odamlar o‘z farzandlariga bilim berib, kasb-korli qilib, hayotga tayyor bo‘lgan keyingina oilali qilishni maqsad qilib qo‘ysa, masala o‘z-o‘zidan hal bo‘ladi.

Bizning qonunchiligimizda bu bo‘yicha hech qanday muammo yo‘q. Gap qonunga amal qilmaslikda. Mas’uliyat esa birinchi navbatda ota-onada bo‘lishi kerak, qo‘yingki, mana mahalla faollarida ham. Chunki ota-onada qandaydir sababga ko‘ra, “qizlarimni tezroq uzatib yuboray, tezroq qutulay”, degan noto‘g‘ri fikr bor. Hech qachon hech qaysi ota-onada farzanddan tezroq qutilay degan fikr bo‘lmasligi kerak. Men o‘ylaymanki, har bir ota-ona farzandini tug‘ib, voyaga yetkazib, keyinchalik katta bo‘lib, har xil jarayonlarda bo‘ladi, mana shularni ko‘rib, xursand bo‘lib yuraylik degan niyatda bo‘lishi kerak. Hech qaysi ota-ona “qiz bolani uzatib yuborib, qutulay” degan niyatda bo‘lishi kerak emas.

Shuning uchun bu otasi yoki onasi bo‘ladimi, yaxshi tilak tilashi kerak. Shuning uchun [qonunlardagi cheklovlar] unashtiruvga bog‘liq emas”, – deydi Norboyeva.

U FHDYo organlaridan rasmiy nikohdan o‘tgandan keyingina shar’iy nikoh o‘qilishi lozimligi, aks holatda diniy soha vakillari javobgarlikka tortilishini eslatdi.

Ma’lumot uchun, bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonov 22-23 dekabr kunlari erta nikohlar va maktab yoshidagi qizlarga nisbatan unashtiruv marosimlari o‘tkazilishi kabi salbiy holatlar yuzasidan Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala, Kasbi va Koson tumanida o‘rganishlar o‘tkazdi.

Farzandlarini erta turmushga bermoqchi bo‘lgan ota-onalar suhbatga chaqirilib, erta nikohning salbiy oqibatlari tushuntirilgan. Bunday holatga yo‘l qo‘ygan ota-onalar ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkinligi eslatilgan. Viloyatning Koson tumanida 17 yoshli qizning belgilangan to‘yi va u bilan bog‘liq barcha marosimlar to‘xtatilgan.

Mavzuga oid