20:33 / 26.12.2023
16651

Bronxit kasalligi xavflari haqida ma’lumot berildi 

Bronxlarning yallig‘lanishi (bronxit) qish faslida yuqori nafas yo‘llarining eng ko‘p uchraydigan xastaligi ekani ta’kidlanmoqda. 

Foto: Pixabay

Qishning sovuq kunlarida insonlarda nafas yo‘llari bilan bog‘liq kasalliklardan biri bronxit bo‘lib, vaqtida davolanmasa, og‘ir asoratlarga olib kelishi mumkin. Bu haqda oliy toifali shifokor Ravshanbek Umarov ma’lumot berdi. 

Qayd qilinishicha, bronxlarning yallig‘lanishi (bronxit) yuqori nafas yo‘llarining eng ko‘p uchraydigan xastaligi, uning o‘tkir va surunkali turlari farqlanadi. Ko‘pincha ob-havoning o‘zgarishi, immun tizimining susayishi, yomon odatlarga (ichkilikbozlik, kashandalik) ruju qo‘yish hamda turli zararli moddalar (gaz, chang, kuchli efir moylarini) nafas orqali ichga yutish kabi holatlar halqum, hiqildoq yoki traxeyani zararlab, o‘pka tomon tarqaladi. Oqibatda bronxit va zotiljam kelib chiqadi. 

Shifokorning ta’kidlashicha, kasallikning o‘tkir turida bemor holsizlanadi, mushaklari qaqshaydi, yo‘tal paydo bo‘ladi, ko‘krak sohasi qisilib, og‘riydi. Biroz o‘tib, unga tumov ham qo‘shiladi, ba’zi hollarda esa tana harorati ko‘tarilishi mumkin. Qolaversa, bemorda muntazam ravishda yo‘tal tutib, yiring aralash balg‘am ajraladi. Bronxit to‘liq davolanmasa, kasallik cho‘zilib, surunkali tusga o‘tadi va o‘zidan og‘ir asoratlar qoldiradi. 

«Gaymorit, otit va zotiljam kabi asoratlar aksariyat hollarda bronxit qaytalashi oqibatida kelib chiqadi. Yurak-qon tomir tizimida kasalligi bo‘lgan va ancha quvvatdan qolgan bemorlarda bronxit tufayli mayda bronxlar ham zararlanadi», dedi Umarov. 

Kasallik rivojlanganda bemor isitmasi baland bo‘ladi, havo yetishmaydi, hansiraydi. Shuningdek, labi ko‘karadi, tez-tez yo‘talib, tinka madori quriydi. Yiringli balg‘am tashlab, ko‘kragida og‘riq turadi. Hatto, o‘pkasida mayda pufakchali nam, quruq xirillashlar eshitiladi. Qolaversa, nafas sustlashadi, tomir urishi tezlashib, yurak tovushi bo‘g‘iqlashadi, hatto, bronxlar devori va atrofidagi to‘qimalar zararlanadi. 

Shifokorning ogohlantirishicha, bunday vaqtda bemorlarni zudlik bilan shifoxonaga yotqizish lozim.

Top