Jahon | 20:41 / 01.01.2024
35807
4 daqiqa o‘qiladi

Putin Belgorod o‘qqa tutilishiga munosabat bildirdi

U Ukraina bo‘ylab zarbalarni ko‘paytirish bilan tahdid qilgan.

Foto: Kreml sayti

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukraina qurolli kuchlarining Belgorod bo‘ylab zarbalarini terakt deb baholadi. U bu haqda Ukrainadagi urushda yarador bo‘lganlar bilan Moskva yaqinidagi Vishnevskiy nomidagi harbiy hospitalda o‘tkazilgan uchrashuv chog‘ida ma’lum qilgan.

«Belgorodda bo‘lgan ishlar — bu, shubhasiz, terrorchilik aktidir. Chunki, ular ikkita «Olxa» raketasi bilan chalg‘itib baravar o‘t ochish reaktiv tizimlaridan zarbalar yo‘llashdi. Bu nima ekanini siz harbiylar bilasiz. Bu biror nishonga emas, butun maydonni qamrash uchun zarba beradigan qurol. Va bu qurol bilan ular shahar markaziga zarba yo‘llashdi. Shunchaki Yangi yil arafasida sayr qilib yurgan tinch aholi vakillariga yo‘naltirilgan zarba», — degan Putin harbiylardan biri bilan muloqotda.

RF prezidenti Belgorod o‘qqa tutilishi tufayli «qoni qaynagani»ni bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, RF bunday o‘t ochishlarga javoban harbiy obektlar bo‘ylab zarba beradi. «Doim shunday qilamiz. E’tibor bergan bo‘lsangiz, tom ma’noda keyingi kuni shunday zarbalar berilgan. Va bugun ham, menimcha shunday zarbalar berilmoqda va ertaga ham shunday qilinadi», — degan u.

«Ular [ukrainlar] bizni qo‘rqitish va mamlakat ichida ishonchsizlik muhiti yaratishni istamoqda. Biz zarbalarni ko‘paytiramiz. Tinch aholiga qarshi biror jinoyat jazosiz qolmaydi», — deya qo‘shimcha qilgan Putin.

U Ukrainadagi harbiy harakatlar hududidagi vaziyatni qoniqarli deb atagan.

«Biz yuqori baho berib yubormaslikka harakat qilamiz. Qoniqarli», — degan Putin harbiy xizmatchilardan birining u harbiy harakatlarning borishini qanday baholashi haqidagi savoliga javoban.

RF prezidenti Rossiya qurolli kuchlarining salohiyati va imkoniyatlari muttasil ravishda ortib borayotganini  ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, rossiyalik harbiylar zamonaviy qurollarni qo‘llashni shu qadar tez o‘zlashtirmoqdaki, bunga «dunyodagi birorta armiya qodir emas».

Putin Rossiya hukumati Ukrainadagi mojaroni «imkon qadar tezroq» yakunlashni istashi va «abadiy jang qilish» niyatida emasligi, ammo harbiy harakatlar faqat Moskva shartlari bo‘yicha yakunlanishi mumkinligini ta’kidlagan. «O‘z pozitsiyalarimizni topshirmoqchi emasmiz. <...> Bunaqa bo‘lmaydi», — deya qayd etgan u.

  • Ukraina qo‘shini 30 dekabr kuni kunduzi Belgorod markaziga zarba yo‘llagandi. Bu Ukraina qurolli kuchlarining keng ko‘lamli urush boshlanganidan buyon Rossiya hududiga yo‘llagan yo‘llagan eng kuchli zarbalari edi. Natijada 25 kishi halok bo‘lgan va 100 dan ortiq kishi yaralangan. Rossiya Belgorodga zarba Buyuk Britaniya ishtirokida yo‘llanganini bildirgan.
  • Ukraina nashrlarining maxsus xizmatlardagi manbalari Belgorod bo‘ylab zarba ukrain shaharlari 29 dekabr kuni RF armiyasi tomonidan yoppasiga o‘qqa tutilishiga javoban amalga oshirilganini yozgan.
  • Belgorod o‘qqa tutilishiga javoban RF qo‘shini o‘sha kuni kechqurun Xarkiv bo‘ylab zarbalar berdi. Bu hujum oqibatida 28 kishi jarohatlangan, ular orasida — britaniyalik jurnalist ham bor.

Mavzuga oid