O‘zbekiston | 20:28 / 03.01.2024
10194
3 daqiqa o‘qiladi

Mahalla raisining vakolat muddati uzaytirilishi mumkin 

Shuningdek, «mahalla yettiligi» tarkibidagi lavozimlarga tayinlashda ushbu mahallada yashovchi nomzodlarga ustuvorlik berish rejalashtirilmoqda. 

O‘zbekistonda mahalla raisining vakolat muddati 3 yildan 5 yilgacha uzaytirilishi mumkin. Shu maqsadda «Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahririni ishlab chiqish rejalashtirilmoqda. Bu haqda «O‘zbekiston mahallalari uyushmasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish va mahallalarda boshqaruv tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarorida so‘z boradi. 

Qonunning taklif etilayotgan yangi tahririda quyidagilar nazarda tutilgan:

- hududlarning tarixiy xususiyatlari va aholi punktlarining geografik joylashuvini hisobga olgan holda mahallalarni tashkil qilishning aniq mezonlarini belgilash;

- «mahalla yettiligi»ning o‘zaro hamkorlikda ishlash mexanizmlari hamda ularning kollegial mas’uliyati va javobgarligi doirasini aniq belgilash, mahalla raisining ularning sa’y-harakatlarini birlashtirish va yo‘naltirish, rag‘batlantirish va intizomiy jazolash bo‘yicha vakolatlarini mustahkamlash;

- mahalla tomonidan jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i va yer solig‘i bo‘yicha oshirilgan koeffitsiyentlar qo‘llash yuzasidan tegishli xalq deputatlari Kengashlariga taklif kiritish;

- «mahalla yettiligi» tarkibidagi lavozimlarga tayinlashda ushbu mahallada yashovchi nomzodlarga ustuvorlik berish;

- mahalla raisining so‘roviga javob bermaslik yoki taqdimnomasida qo‘yilgan masalani ko‘rib chiqmaslik uchun javobgarlik belgilash;

- xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlariga mahalla raislari o‘z faoliyatida jiddiy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yganda, ularga nisbatan ishonchsizlik bildirish va ushbu masalani ko‘rib chiqish vakolatlarini berish. 

«Fuqarolar yig‘ini raisi saylovi to‘g‘risida»gi qonun (2018 yilda qabul qilingan) ham yangi tahrirda qabul qilinishi ko‘zda tutilgan. Unda mahalla raisi saylovini aholi tomonidan umumiy, teng, to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish orqali o‘tkazish, shuningdek, mahalla raisining ma’lumoti va malakasiga qo‘yiladigan talablar aks ettiriladi. Shu bilan birga, mahalla raisining vakolat muddatini uch yildan besh yilgacha uzaytirish ham nazarda tutilgan. 

Qonun loyihasini O‘zbekiston mahallalar uyushmasi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar tomonidan 1 martgacha ishlab chiqish topshirilgan.

Mavzuga oid