Jahon | 23:48 / 08.01.2024
8691
2 daqiqa o‘qiladi

Shvetsiya hukumati fuqarolarni ehtimoliy urushga tayyorlanishga chaqirdi

Fuqarolar urushga «individual darajada ma’naviy jihatdan tayyorlanishi» kerakligini ta’kidlandi.

Foto: Getty Images

Shvetsiya fuqaro mudofaasi vaziri Karl-Oskar Bulin vatandoshlarini ehtimoliy urushga tayyor turishga chaqirdi. Uning so‘zlarini Shvetsiya hukumati portali keltirmoqda. 

«Buni mendan oldin ham ko‘p odamlar aytgan, biroq buni rasmiy maqomda, yanada aniqroq aytsam: Shvetsiyada urush boshlanishi mumkin», dedi vazir shvedlarni qo‘rqitmoqchi emasligini qo‘shimcha qilib. 

Bulin o‘z nutqida tinchlik «o‘zgarmas konstanta» emasligini ta’kidladi, «hatto Shvetsiya an’anaviy tinch mamlakat bo‘lishiga qaramay». Bulin barcha shvedlarni umumiy Shvetsiya mudofaasini yaratishga yordam berishga chaqirdi. 

Shvetsiya Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Mikael Byuden vazirning so‘zlariga izoh berar ekan, barcha fuqarolar urushga «individual darajada ma’naviy jihatdan tayyorlanishi» kerakligini aytdi. «Hammasi jiddiy va hatto vaziyat yanada yomonlashishi mumkin», deb qo‘shimcha qildi Byuden. 

Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlanganidan ko‘p o‘tmay, betaraflik siyosatiga amal qilgan Shvetsiya va Finlyandiya NATO a’zosi bo‘lish uchun ariza berdi. 

2023 yil aprel oyida Finlyandiya NATO a’zosi bo‘ldi. Biroq, Shvetsiya qachon ittifoqqa qo‘shilishi hozircha noma’lum. 

NATO a’zosi bo‘lish uchun mamlakat arizasi tashkilotning barcha a’zolari tomonidan ma’qullanishi kerak. Shvetsiyaning NATO a’zosi bo‘lishi uchun faqat Turkiya uzoq vaqtdan beri qarshilik qilayotgan edi. Biroq, 2023 yil iyul oyida Turkiya hukumati mamlakat arizasini ma’qullashga va’da berdi. Hozircha Turkiya parlamenti bu borada biror qaror qabul qilmagan. 

Avvalroq, Niderlandiya armiyasi bosh qo‘mondoni fuqarolarni Rossiya bilan urushga tayyorgarlik ko‘rishga chaqirgan edi.

Mavzuga oid