13:05 / 09.01.2024
1360

O‘zbekiston va Eron qo‘shma biznes-forum o‘tkazishga kelishib oldi

O‘zbekiston delegatsiyasi Tehronda o‘tkazilgan laboratoriya asbob-uskunalari va kimyoviy moddalar xalqaro ko‘rgazmasida qatnashdi.

Foto: Dunyo AA

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda mamlakatning Erondagi elchixonasi xodimlaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi Tehronda bo‘lib o‘tgan Iran Lab-2024 11-xalqaro ko‘rgazmasida qatnashdi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Mazkur ko‘rgazma Eronning yuqori sifatli laboratoriya asbob-uskunalari va kimyoviy moddalari bilan yaqindan tanishish hamda o‘zaro hamkorlik aloqalarini o‘rnatish uchun muhim platforma hisoblanadi.

Joriy yilgi namoyishda 450 dan ortiq mahalliy kompaniyalar qatnashdi va 10 mingdan ziyod mahsulotlar taqdim etildi. Jumladan, umumiy laboratoriya jihozlari, laboratoriya materiallari, neft-kimyo sanoati, elektr energiyasi, elektronika, dasturiy ta’minot, biotibbiyot muhandisligi va biomateriallar, mexanika va metallurgiya, umumiy fizika, qishloq xo‘jaligi va ekologiya, strategik texnologiyalar sohasidagi mashina va uskunalar ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otdi.

Ko‘rgazma doirasida, O‘zbekiston elchisi Fariddin Nasriyev Eron fan va texnologiyalar bo‘yicha vitse-prezidentining Iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha o‘rinbosari Javod Mashoyix, Siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Mehdi Ilyosiy hamda Xalqaro fan va texnologiya hamkorlik markazi direktori Amir Husayn Mirobodiy bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazdi.

Bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar yakunida tomonlar qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, kimyo sanoati, to‘qimachilik, qurilish materiallari sanoati kompaniyalari ishtirokida qo‘shma biznes-forum o‘tkazishga kelishib oldi.

Mavzuga oid
Top