Jahon | 22:24 / 24.04.2024
15296
2 daqiqa o‘qiladi

Eronda reper Tumoj Solihiy o‘lim jazosiga hukm qilindi

Solihiy hukumatga qarshi namoyishlarni qo‘llab-quvvatlagani uchun «yer yuzida fasodni tarqatishda» aybdor deb topildi.

Tumoj Solihiy

Eron Islom inqilobi sudi mamlakatdagi hukumatga qarshi namoyishlarni qo‘llab-quvvatlagan mashhur 33 yoshli reper Tumoj Solihiyni o‘lim jazosiga hukm qildi. Bu haqda Reuters yozdi. 

Musiqachi 2022 yil oktyabr oyida namoyishchilarni qo‘llab-quvvatlagan, shu jumladan, bu haqda qo‘shiqlar yozib, omma oldida chiqish qilganida hibsga olingan. Solihiy «yer yuzida fasodni tarqatishda» ayblangan, buning uchun o‘lim jazosi nazarda tutilgan. 

Reper 2023 yilda ham o‘limga hukm qilingan, ammo Eron Oliy sudi qaroriga ko‘ra, jazo 6 yilu 3 oy qamoq bilan almashtirilgan edi. 

2024 yil 24 aprelida reperning advokati Amir Raisyon Eronning «Sharq» gazetasiga bergan intervyusida Oliy sud qaroriga qaramay, Isfaxon shahri sudi reperni o‘lim jazosiga hukm qilganini aytdi. U hali qonuniy kuchga kirmagan hukm ustidan shikoyat qilishga va’da berdi. 

Eronda ommaviy norozilik va tartibsizliklar 2022 yil sentabrida ro‘molni «noto‘g‘ri o‘ragani» uchun axloq politsiyasi tomonidan hibsga olingan 22 yoshli Mahsa Aminiy o‘limidan so‘ng boshlangan. Ayol hibsga olinganidan ko‘p o‘tmay vafot etdi. Huquq himoyachilariga ko‘ra, u politsiya bo‘limiga olib ketilayotganda boshidan og‘ir jarohat olgan. Rasmiylar o‘limga yurak xuruji sabab bo‘lganini aytishdi. Namoyishlar bir necha oy davom etdi, to‘qnashuvlarda yuzlab odamlar halok bo‘ldi. Ko‘plab namoyishchilar hibsga olindi va qatl etildi.

 

Mavzuga oid