Iqtisodiyot | 21:04 / 10.01.2024
8279
3 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekko‘mir”ni ishonchli boshqaruvga berish muddati yana uzaytirildi

“O‘zbekko‘mir” AJdagi davlat aksiyalarini Qozog‘istonning “Central Asia Energy” kompaniyasiga ishonchli boshqaruvga berish muddati yopiq hujjat bilan 2025 yil 31 dekabrgacha uzaytirildi. Avvalgi kelishuvga ko‘ra, bu muddat 2023 yil oxirida tugashi kerak edi.

Foto: Kun.uz

“O‘zbekko‘mir” AJ ustav kapitalidagi davlat aksiyalar paketini “Central Asia Energy” MChJ xorijiy kompaniyasiga (Qozog‘iston) ishonchli boshqaruvga berish muddati 2025 yil 31 dekabrga qadar uzaytirildi.

Kun.uz manbasiga ko‘ra, 2023 yilning so‘nggi ish kuni – 29 dekabrda Vazirlar Mahkamasining bu haqdagi 689/8-son qarori yopiq tarzda qabul qilingan.

Qarorda ko‘rsatilishicha, ishonchli boshqaruv muddatini uzaytirish taklifi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi (davlat nomidan aksiyador), Energetika vazirligi hamda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tomonidan kiritilgan.

“O‘zbekko‘mir” AJdagi davlatga tegishli aksiyalar paketi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 13 noyabrdagi 909-sonli va 2019 yil 14 dekabrdagi 998-sonli yopiq qarorlari bilan “Central Asia Energy”ga ishonchli boshqaruvga berilgan edi.

Hukumatning 2022 yil 6 oktyabrdagi 574-sonli qarori bilan, shartnomaning amal qilish muddati 2023 yil 31 dekabrgacha uzaytirilgandi. Endilikda bu muddat 2025 yil 31 dekabrgacha cho‘zildi.

Qarorda ko‘rsatilishicha, ishonchli boshqaruv davrida “O‘zbekko‘mir” AJ tomonidan ko‘mir qazib chiqarish hajmi 2019 yilga nisbatan 2022 yilda 3 807,6 ming tonnadan 5 073,9 ming tonnaga, kaolin xomashyosi ishlab chiqarish hajmi 377,2 ming tonnadan 815,6 ming tonnaga, sof tushumlar hajmi 485,1 mlrd so‘mdan 1 036,5 mlrd so‘mga, soliq to‘lovlari 125,8 mlrd so‘mdan 270,3 mlrd so‘mga oshgan.

“O‘zbekko‘mir” AJ matbuot kotibi Ne’mat Dushayev Kun.uz'ga bergan izohida ishonchli boshqaruv muddati uzaytirilgani korxona faoliyatiga oid ko‘rsatkichlardagi ushbu ijobiy o‘zgarishlar bilan bog‘liqligini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yildagi hukumat qarori bilan, ishonchli boshqaruvchiga 2024 yil 1 yanvarga qadar bir qator imtiyozlar berilgan edi. Jumladan, Qozog‘iston kompaniyasi yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i, litsenziyalash va sertifikatlash bilan bog‘liq to‘lovlar, yig‘imlar va davlat bojlari hamda bojxona bojlarini to‘lashdan ozod qilingandi.

Shuningdek, “O‘zbekko‘mir” AJga ham soliq va bojxona imtiyozlari berilgandi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston prezidentining 2023 yil 18 avgustdagi qaroriga asosan, “O‘zbekko‘mir” AJ ustav kapitalidagi 97,9 foiz davlat aksiyalar paketi bo‘yicha aksiyador funksiyasini bajarish, boshqa bir nechta yirik korxonalar qatorida, Strategik islohotlar agentligidan yana Iqtisodiyot va moliya vazirligiga qaytarilgan edi.

Mavzuga oid