Blinken yana Yaqin Sharqda. G‘azo atrofidagi siyosiy vaziyat qanday?
Isroil G‘azo sektoriga hujum boshlaganiga 3 oydan oshdi. 2024 yil boshlanishi bilan Qo‘shma Shtatlar davlat kotibi Entoni Blinken Yaqin Sharqqa navbatdagi safarini uyushtirdi. Xo‘sh, oxirgi haftalrada G‘azo inqirozi atrofidagi geosiyosiy tendensiyalar qanday o‘zgaryapti? “Geosiyosat” bu haqdagi savollarni siyosiy tahlilchilar Kamoliddin Rabbimov va Shavkat Ikromovga berdi.
— Blinkenning Yaqin Sharqqa navbatdagi safari, Turkiya rahbari bilan ham uchrashgani nimani anglatadi?
Shavkat Ikromov: — Blinken bu urush boshlangandan beri to‘rtinchi marta Yaqin Sharqqa keldi, Iordaniya, Isroilda ham bo‘ldi. Tinch aholi o‘limining oldini olish bo‘yicha muzokaralar olib bordi. Erdo‘g‘an bilan uchrashuvda ham keskin mavzular yo‘q, eski masalalar muhokama qilingan, ya’ni G‘azoda kim qolishi, aholiga yordam kabilar.
Urush boshlagandan buyon Turkiyaning ta’siri oshib bormoqda, shuning uchun ham AQSh Turkiyaga ko‘proq e’tibor qaratyapti endi. Keyingi muzokara jarayonlari Turkiyaga topshirilishi ham mumkin. Ammo joriy vaziyatda keskin o‘zgarishga olib keluvchi bayonotlar berilmadi. Turkiyada NATO kelajagi, Ukraina masalalari ham muhokama qilindi. Iordaniyadagi uchrashuvda ham shu kabi masalalar ko‘rildi. Tomonlar mintaqada faqat diplomatik yo‘l bilan tinchlik o‘rnatishga ishonmoqda.
Kamoliddin Rabbimov: — AQShning birinchi maqsadi urushning kengayib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik. Yamandagi husiylar hujumlar qilib turibdi, Telegraph gazetasi ma’lumotiga ko‘ra, husiylarning harakati bo‘yicha Humayniy ishtirokida rejalar tuzilgan. Ikkinchi tomondan AQSh Iroqdagi vaziyat izdan chiqishidan xavotirda, chunki Iroq davlatchiligi ancha zaif, bosh vazir vaziyatni to‘liq nazorat qilolmaydi, parlamentda eronparast amaldorlar ham yetarli. «Hizbulloh» tashkiloti ham vaziyatni kuzatib boryapti, uning lideri Haman Nasrullo juda ham kuchli siyosatchi hisoblanadi.
Umuman AQShning maqsadi Isroilni himoya qilish, shu yo‘lda Saudiya, Turkiya kabi davlatlar bilan muloqot qilish va mintaqada urushni kengayishiga yo‘l qo‘ymaslik. Arab davlatlari ham Blinkenga bosimlar qilyapti. Saudiyaning Londondagi elchisi agar Isroil qilgan ishni boshqa davlat qilganda, dunyo davlatlari bunday siyosiy tuzumni allaqachon yiqitgan bo‘lar edi, degan gapni aytdi. Yuqorida aytilganidek, Turkiya ta’siri oshyapti. Blinken urush tugagach, G‘azoni kim nazorat qiladi va uning tiklanishiga qaysi davlatlar qanday yordam bera oladi, degan masalani aniqlashtirmoqchi.
— Bir necha kun avval Politico nashrida AQSh Yaqin Sharqdagi urushning ehtimoliy kengayishiga tayyorlanayotgani haqida xabarlar keng tarqaldi, bunga asos bormi, bor bo‘lsa ehtimoliy nuqtalar qaysilar?
Kamoliddin Rabbimov: — Asosiy xavotir nuqtasi Yamandagi husiylar. Ularga ta’sir qiluvchi yagona davlat Eron. Yaqin Sharqdagi vaziyat izdan chiqib, AQSh ta’siri pasayishini istaydi Rossiya. Iroq bosh vaziri AQSh harbiylari chiqib ketishini aytganda ham Rossiya tashqi ishlar vazirligi qo‘lladi. Rossiya va Eronning maqsadi Yaqin Sharqda AQSh ishtirokini kamaytirish.
Yana bir qiziq holat: Iroqdagi AQShga tegishli bazalarga Eronga yaqin bo‘lgan kuchlar tomonidan juda ko‘plab hujumlar bo‘lyapti, ammo AQSh javob berolmayapti. AQSh Eron bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri urushni istamaydi, chunki ayni vaziyatda resurslar yetmaydi.
Shavkat Ikromov: — Politico nashrida urush kengayishi bo‘yicha taxminiy ssenariy ham berilgan. Birinchi o‘rinda Yaman hududi, Livan hududlari, Iroq va Eron hududlari ham aytilgan. Yamanda urush harakatlari bo‘lsa, bu urush Yaman bilan emas, u yerdagi husiylar bilan bo‘ladi. Husiylar bilan urishish muvaffaqiyatga olib kelmasligini ko‘plab AQSh tahlilchilari aytmoqda. Saudiya 7 yil husiylar bilan urushdi, ammo natijasi bo‘lmadi. Shuning uchun bu yerda urush bo‘lishi ehtimoli kamroq, shundoq ham Qizil dengizdan yuk tashish so‘nggi oyda 35 foizga qisqarib, Saudiya va boshqa davlatlar iqtisodiyotiga katta ta’sir qilyapti. Saudiya mintaqaviy xavfsizlikka harakat qilayotgan bir paytda barchasi yo‘qqa chiqishi mumkin. Shu sababli Ko‘rfaz arab davlatlari diplomatlari ham keskin bayonotlar beryapti Isroilga nisbatan. Qo‘shma shtatlarga ham ishonchsizlik bildirilmoqda. Arab davlatlari ligasi va Islom hamkorlik tashkilotining G‘azoga yordam berish bo‘yicha kengashi tuzildi, unga rahbarlik qilayotgan Saudiya tashqi ishlar vaziri masalani muhokama qilish uchun Pekin va Moskvaga bordi, shuning o‘zi rasmiy Vashingtonga ishonchsizlikni bildiradi.
Livan bo‘yicha gapiradigan bo‘lsak. Har doim Isroil va Falastin o‘rtasidagi urushlarda Livanning bir qismi urushga tortilgan. «Hizbulloh» va Isroil o‘zaro urushdan tiyilishga harakat qiladi, chunki katta urushga sabab bo‘lib ketadi.
Eron va Iroq masalasi alohida bir masalasi. Ayni paytda Eronda urush harakatlari boshlashga AQSh ham jur’at qilolmaydi, resurslar yetmasligidan tashqari bu yil saylovlar yili AQShda, bunday paytda urushga kirish ma’qul hisoblanmaydi.
Iroq hududida xarbiy harakatlar olib borish esa Turkiya va Rossiya bilan muzokaralarni talab qiladi. Shu nuqtai nazardan aytish mumkin, yangi frontlar ochilib, urush kengayib ketishi haqiqatga yaqin emas.
— Saudiyaning diplomatiyadan tashqari ta’sir richaglari bormi yana?
Shavkat Ikromov: — 1973 yilda Saudiya neft quvurlarini yopish orqali neft inqirozini keltirib chiqargan edi. Yana shunday qilish imkoni bor. Ammo Saudiya diplomatiya bilan masalani hal qilmoqchi. Saudiya G‘azoda tinchlik bo‘lishidan eng ko‘p manfaatdor. Negaki Saudiya uzoq yillardan beri mintaqaviy barqarorlikka intiladi va buning ortidan iqtisodiy taraqqiyotga erishishni ko‘zlaydi, 2030 yilgacha iqtisodiy kuchli davlatlar 20 taligiga kirmoqchi, aniq strategiyalari, katta-katta loyihalari bor. G‘azodagi vaziyat esa bularni to‘xtatib qo‘yyapti.
— Kechagi xabarlarga ko‘ra Qatar kelishuvning yangi shartlarini taklif qildi: asirga olinganlarni ozod qilish, Isroil askarlarini G‘azodan olib chiqish va HAMAS yetakchilarini G‘azo sektoridan chiqarib yuborish. Bu kelishuv amalga oshsa, G‘azo taqdiri nima bo‘ladi?
Kamoliddin Rabbimov: — Bu talablarni Isroil qabul qilolmaydi. Netanyahu biladiki, oldiga qo‘ygan vazifalarini minimal bajarmasdan turib, tashqi bosim bilan G‘azodan chiqib ketsa, hokimiyatda uzoq qololmaydi. Shundoq ham urushdan keyin hokimiyatdan ketish ehtimoli juda katta. Chunki oldiga qo‘ygan missiyasi bor edi, birinchi navbatda arab davlatlari Isroilni tan olishi, ammo vaziyat o‘zgarib ketdi.
Urush boshida Isroil HAMASni yo‘q qilmoqchi edi. Shuning uchun ham Isroil HAMASni chiqarib yuborishga rozi bo‘lmaydi. Qatarning bu talabi amalga oshishi ehtimoli kam. Ammo Isroil vaziyatdan qanday chiqishni ham bilmaydi. Hatto xalqaro institutlar doirasida bosim qilish boshlandi. JAR Isroilni Haaga sudiga berdi, buni bir qancha davlatlar qo‘lladi ham. Bunday bosimlarga bardosh berish qiyin, bardosh berganda ham asoratlari qoladi. Homiyligidagi Isroil shu ishlarni qilgandan keyin AQSh boshqalardan inson huquqlarini talab qilishi qiyin masala. AQSh uchun Isroil og‘ir asoratli yukka aylanib bo‘ldi.
Shunday bir vaziyatda Qatar talablarini Isroil ham, HAMAS ham bajarmaydi, menimcha. HAMAS uchun hozirgi vaziyat qulay, ya’ni aholi ularni qo‘llaydi, yaxshi yashiringan, 10 yil davomida yerosti tunnellari tizimini shakllantirgan. HAMAS vakillarini to‘la topish deyarli imkonsiz ish, shunday bir sharoitda urushning cho‘zilishi HAMAS uchun manfaatli.
Isroil bosqinchi davlat sifatida allaqachon namoyon bo‘lgan. AQSh fuqarolari Isroil o‘zini himoya qilish huquqiga ega deydi, ammo Yevropa aholisi Isroilni tanqid qiladi, ayniqsa so‘nggi 20-30 yil ichida yevropaliklar Falastin tomonida.
Shavkat Ikromov: — Isroil va HAMAS bir-birini yo‘q qilmaguncha urishishini aytadi. Urush qanday tugashidan qat’i nazar, HAMAS maqsadlarining bir qanchasiga erishdi. Masalan, mintaqadagi AQSh boshlagan me’yorlashtirish jarayonini izdan chiqarmoqchi edi, bunga erishdi. HAMASning G‘azodan chiqishi haqida gapirish reallikdan yiroq. HAMAS G‘azoga shunday joylashganki, go‘yoki yo‘qdek. HAMAS liderlarini yo‘q qilish mumkin, lekin ularning o‘rinbosarlari tayyorlab qo‘yilgan, HAMAS bu urushga har tomonlama tayyorlangan. Shu ma’noda hali kurash davom etadi va Qatar taklif etayotgan yechim o‘zini oqlamaydi.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
10:30
Xalqaro sud qarori: Netanyahu va Gallant hibsga olinsa nima bo‘ladi?
22:51 / 22.11.2024
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
21:25 / 22.11.2024
Rossiya ortidan AQSh ham yadro strategiyasini o‘zgartirdi
14:54 / 22.11.2024