O‘zbekiston | 23:30 / 13.01.2024
18178
2 daqiqa o‘qiladi

Jurnalist haq bo‘lsa, buni tan olishimiz kerak - Shavkat Mirziyoyev

Davlat rahbari O‘zbekistonda milliy kontent yaratish dolzarbligini aytdi, shuningdek, ommaviy axborot vositalaridagi tanqidlarga munosabat bildirdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 12 yanvar kuni Xavfsizlik kengashining Qurolli kuchlar va harbiy-ma’muriy sektorlarning 2023 yildagi faoliyati yakunlari va yaqin istiqbolga mo‘ljallangan vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishida axborot xavfsizligi masalalariga to‘xtalib o‘tdi.

Jumladan, davlat rahbari O‘zbekistonda milliy kontent yaratishning dolzarbligini ta’kidladi.

«Biz O‘zbekiston axborot makonida milliy kontent yaratishni o‘z qo‘limizga olmas ekanmiz, dunyodagi voqealarga milliy manfaatlarimiz nuqtai nazaridan baho bermas ekanmiz, bu ishlar xorijdan turib amalga oshirilishiga imkon yaratib beramiz. Chunki odamlardagi yangilik, tahliliy ma’lumotlar, real voqealarga ehtiyojni biz to‘ldirmas ekanmiz, buni boshqalar qiladi. Bunga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, prezident ommaviy axborot vositalaridagi tanqidlarga ham munosabat bildirdi.

«Har qanday tanqidga javob berishga (tayyor bo‘lishimiz), jurnalist haq bo‘lsa, buni tan olishimiz kerak. Nohaq bo‘lsa, unga tushuntirish orqali yolg‘on xabarlarning oldini olishga o‘rganishimiz va buning nopok va yolg‘onligini butun jamiyatimizga tushuntirishimiz kerak», dedi davlat rahbari.

Mavzuga oid