Rossiya hammani “demokratiya inqirozi”ga ishontirmoqchi. Aslida vaziyat qanaqa?
Oxirgi 10-15 yilda Rossiya propagandasining muhim g‘oya va maqsadlaridan biri – “demokratiya inqirozi” haqida tinmay gapirish, buni asoslash, odamlarga shu fikrni singdirish bo‘lib qoldi. Rus mediasi ta’sirida qolayotgan O‘zbekistonda ham bunga ishonuvchilar ko‘payib boryapti. Aslida-chi, demokratiya atrofidagi hozirgi global tendensiyalar qanaqa?
Ukraina urushi boshlanganidan keyin, Rossiya va kollektiv g‘arb nafaqat bilvosita urush maydonida, balki ekzistensial to‘qnashuvga ham bormoqda.
Rossiyaning demokratik qadriyatlarga qarshi kampaniyasi bir qancha maqsadlarni ko‘zlaydi.
Birinchidan, Rossiya hokimiyati to‘liq va tizimli avtoritarizmga o‘tib bo‘ldi. Yaqin o‘tmishda post-sovet hududining eng demokratik davlatlaridan biri bo‘lgan Rossiya, o‘z jamoatchiligini demokratik jarayonlardan sovutish va Kreml hokimiyatini legitimlashtirish uchun ham demokratiya g‘oyalariga qarshi kurash boshladi.
Ikkinchi sabab – bu g‘arbga qarshi kurashish uchun, tarixan g‘arb bilan bog‘langan g‘oyalar va mafkuralar bilan, aniqrog‘i, liberalizm bilan kurashish maqsad qilindi. Odatda, sivilizatsiya darajasida kurashayotgan taraflar, qarama-qarshi tarafning g‘oyalarini, mafkurasini qadrsizlashni – o‘z g‘alabasining shartlaridan biri sifatida ko‘radi.
Butun Markaziy Osiyo davlatlari qatori, O‘zbekiston ham haliga qadar Rossiyaning axborot hududida qolmoqda. Rossiya OAVlari tomonidan tarqatilayotgan har qanday qarashlar, istasak-istamasak, O‘zbekiston jamoatchilik fikriga kirib kelaveradi, chuqurlashadi va standartlashadi. Shuning uchun ham, bugun hattoki liberal qarashdagi intellektuallar ongida ham “demokratiya inqirozi” haqidagi qarashlar, farazlar va gumonlar ancha o‘rchigan.
Bugun AQSh geosiyosiyo inqirozda. Dunyoda AQSh boshchiligidagi kollektiv g‘arbga qarshi geosiyosiy “isyon” boshlangan. Bu isyonda bosh rollarda – Rossiya, Xitoy Xalq Respublikasi, Eron, Turkiya, arab davlatlari va boshqalar bor. Ayni mana shu fonda, g‘arb demokratiyalarining o‘zida ichki, strukturali ziddiyatlar va muammolar ham nisbatan kuchaygan.
Misol uchun, AQShdagi ikki asosiy partiya o‘rtasidagi kurash, mafkuraviy-siyosiy darajadan oshib, hattoki davlatchilikni bloklash darajasidagi keskinliklarga borib yetmoqda. G‘arbiy Yevropa demokratiyalarida esa, ultra-o‘nglar va ultra-so‘llar bosh ko‘tarmoqda. Ayniqsa, ultra-o‘nglar shu paytgacha shakllangan siyosiy konsensuslarni butunlay qayta kurib chiqish niyatida.
Xo‘sh, bu degani, demokratik qadriyatlar va mexanizmlarning yaroqsizlanganini anglatadimi? G‘arb inqirozi zamirida siyosiy plyuralizm turibdimi?
AQSh – dunyodagi eng eski demokratiyalardan. AQSh respublikachiligi shakllanishi bilanoq ikki partiyaviylik shakllangan edi, va bu ikki partiyaning kurashi, har doim “inqirozlarning asosi” sifatida ko‘rilgan. Lekin, shunday bo‘lsa-da, AQSh demokratiyasi va davlatchiligi, mana uch asrki, yashayapti. Kechagi SSSR va boshqa totalitar davlatlar va mafkuralar esa bugun yo‘qolib ketgan.
G‘arbiy Yevropaga kelsak, bu yerdagi xalqlar demokratiya, erkinlik va siyosiy plyuralizmga qarshi isyon qilmayapti. Yoki, demokratiya va siyosiy plyuralizm g‘arb davlatlari uchun inqirozlar yaratayotgani yo‘q. Gap shundaki, G‘arbiy Yevropa jamiyatlari globallashuvdan to‘yindi, ularni migratsiya va emigratsiya bezovta qilmoqda.
G‘arbdagi siyosiy va iqtisodiy inqirozlarning boshqa sabablari ham ko‘p. Lekin, g‘arb jamiyatlari erkinlikdan, siyosiy plyuralizmdan charchagani yo‘q, voz kechayotgani yo‘q. Aksincha, hukumatlardan va davlatlardan shu paytgacha shakllangan siyosiy konsensusni kengaytirishni, siyosiy plyuralizmni kengaytirishni talab qilmoqda.
Insoniyat globalizmga kirib keldi. Bundan keyin kuch ishlatish orqali, jabr-zulmlar orqali boshqarish borgan sari qiyinlashib boraveradi. Demokratiyaning, liberalizmning markazida turuvchi g‘oya – bu erkinlik, jabr-zulmga toqatsizlik. Bundan keyin erkinlik bilan tizimli va keng ko‘lamli kurashish – imkonsiz.
Insoniyat zulmga qarshi topgan eng yaxshi chora bu – demokratiya. O‘zbekiston ham, Konstitutsiyaga ko‘ra, huquqiy, demokratik davlat. O‘zbekistonda davlat hokimiyatining eng asosiy burchi va majburiyati – inson huquqlarini ta’minlashdir.
Rossiya propagandasi aytganidek, demokratiya va liberalizm tizimli inqirozda emas. Demokratiyaning asosiy vazifasi – jamiyatdagi, odamlardagi yashirincha va oshkora noroziliklarni, jamiyatdagi va davlatdagi inqirozlarni ilg‘ash va yechim izlashdir. Ya’ni demokratiya – muammolarni siyosiy maydonga olib chiqadi. Qaysi davlatda demokratiya ishlasa – ushbu davlatda siyosiy inqiroz ko‘rinadi.
Lekin avtoritar davlatlardagi vaziyat, aslida, ancha og‘irroq. Chunki globallashgan dunyoda jamiyatni erkinlik bilan to‘yintirish, va erkinlik orqali, davlat institutlarining faol va legitim ishlashi orqali barqarorlikka erishish vazifasi hech qayoqqa yo‘qolmaydi.
Axborot davrida, eng muhim narsa – insonlarning davlatga, hokimiyatga ishonchi darajasi hisoblanadi. Kuch ishlatish bilan, yoki manipulyatsiya qilish bilan, bu ishonchni qozonib bo‘lmaydi. Faqat erkin va rozi-rizo odamlardan iborat jamiyatlargina tabiiy barqaror bo‘ladi.
Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos
Mavzuga oid
22:02 / 05.10.2024
G‘arb va Ukraina urushni tugatish sxemasini muhokama qilmoqda - OAV
21:58 / 05.10.2024
Rossiyada kvadrobika taqiqlanishi mumkin
12:50 / 05.10.2024
Fitso urushdan keyin RF bilan munosabatlarni tiklashni yoqlab chiqdi
08:50 / 05.10.2024