O‘zbekiston | 20:40 / 15.01.2024
3908
3 daqiqa o‘qiladi

«Tadbirkorlarning barqarorlik reytingi» platformasi 1 martga qadar ishga tushadi

Unga ko‘ra, tadbirkorlar faoliyat davri, rentabellik darajasi, to‘lov intizomi, aholi bandligidagi o‘rni va ish haqi kabi 23 ta mezon asosida 4 ta toifaga ajratiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 15 yanvar kuni tadbirkorlarning barqarorlik reytingini joriy qilish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. 

Ta’kidlanishicha, reyting joriy qilinishi tadbirkorlar faoliyati uchun o‘ziga xos rag‘bat bo‘ladi. Unga ko‘ra, tadbirkorlar faoliyat davri, rentabellik darajasi, to‘lov intizomi, aholi bandligidagi o‘rni va ish haqi kabi 23 ta mezon asosida 4 ta toifaga ajratiladi. Bu soliq, adliya va sud organlari ma’lumotlari asosida shakllanadi. Har bir tadbirkor o‘z o‘rni va bahosini real vaqtda bilib borishi mumkin bo‘ladi. 

Reytingi yuqori tadbirkorlar uchun barcha soliq tekshiruvlari bekor bo‘ladi, qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi bir kunda va boshqa soliq turlari bo‘yicha ortiqcha to‘lov uch kunda qaytarib beriladi. Tovarlarni import qilishda va sotishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini bojxona va soliq organlarida o‘zaro hisobga olish imkoniyati yaratiladi. Auksionda olingan davlat aktivlari va yer uchastkalari qiymatini bo‘lib to‘lash muddati 3 yildan 5 yilgacha uzaytiriladi. Bunda kamida 15 foiz miqdorida dastlabki to‘lovni biryo‘la amalga oshirganda, qolgan summaga yillik foizlar hisoblanmaydi. 

Qayd qilinishicha, tadbirkorlar faoliyatiga soliqchilar emas, elektron tizim baho beradi. Kelgusida subsidiya, imtiyoz va preferensiyalar reytingdan kelib chiqib beriladi. Ko‘rsatkichi past bo‘lganlar intizomli tadbirkorlar safiga kirish va ko‘proq imkoniyatga ega bo‘lish uchun harakat qiladi. 

Ta’kidlanishicha, bu reyting tadbirkorlarga o‘z hamkorlari to‘g‘risida ishonchli ma’lumot beruvchi himoya tizimiga aylanadi. Ya’ni, shubhali shartnomalar va insofsiz raqobatga chek qo‘yilib, «yashirin» iqtisodiyot qisqaradi. 

Davlat rahbari bu tizimni puxta ishlab chiqib, adolatli va samarali yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi. 

– Tadbirkorlarning takliflari asosida biznes uchun sharoitlarni tobora yaxshilab boryapmiz. Yaqinda qabul qilingan qarorlar bilan 16 ta litsenziya va 34 turdagi hisobotni bekor qildik. Tadbirkorlar sinfi jamiyatda yetakchi kuchga aylanmoqda, yoshlar ularga qarab intilmoqda. Endi ushbu reyting orqali tadbirkorlar o‘rtasida qonunlarga itoat qilish, intizomli va harakatchan bo‘lishni rag‘batlantirish zarur. Buni joriy qilish va samaradorligini ta’minlashda Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoat kengashining o‘rni katta bo‘lishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Taqdimotda «Tadbirkorlarning barqarorlik reytingi» platformasi 1 martga qadar ishga tushirilishi belgilandi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid