08:49 / 16.01.2024
1949

O‘zbekistonda maishiy chiqindilarning yillik hosil bo‘lish hajmi 16 mln tonnaga yetishi mumkin

Hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekistonda maishiy chiqindilarning yillik hosil bo‘lish hajmi prognozi 14-14,5 mln tonna atrofida baholanib, aholining o‘rtacha 1,5 foizga ko‘payish sur’atini hisobga olganda, ushbu ko‘rsatkich 2028 yilga borib 16-16,7 mln tonnaga yetishi mumkin. Bu haqda Qonunchilik palatasi deputati Mohira Xo‘jayeva ma’lum qildi.

Foto: Kun.uz

Bildirilishicha, sohada bir qator kamchilik va muammolar saqlanib qolayotganligi sanitar tozalash korxonalarining samarali faoliyatiga, aholi punktlarining sanitariya va ekologik holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Mavjud qattiq maishiy chiqindi poligonlarining sanitariya talablari va ekologik me’yorlarga muvofiq kelmasligi, sohada ko‘rsatilgan xizmatlar uchun markazlashgan elektron to‘lov tizimining to‘liq joriy qilinmaganligi, sohada ko‘rsatilgan xizmatlar uchun debitorlik qarzlarning yuqori ekanligi, buning natijasida esa tadbirkorlik sub’yektlari hisoblangan sanitar tozalash korxonalarining iqtisodiy holatining qoniqarsiz holatga tushib qolishi, sohada mukammal nazorat va faol rag‘batlantirish mexanizmlarining mavjud emasligi shular jumlasidan.

Prezidentning “Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan vakolatli davlat organlariga aholining maishiy chiqindilar bilan bog‘liq xizmatlar sifatidan to‘liq qoniqishini ta’minlash, ushbu xizmatlar darajasini xalqaro standartlarga yetkazish hamda nazorat tizimini kuchaytirish maqsadlarida bir qator vazifalar yuklatildi.

Farmonga asosan, qator vazirlik va idoralarga sohadagi huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha qo‘shimcha vakolat va majburiyatlar yuklatilmoqda. Ekologiya va ichki ishlar organlari hamda Milliy gvardiyaga belgilangan tartibda avtomobil yo‘llarida yo‘l harakati qoidalari buzilganligini maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalarini o‘rnatgan tadbirkorlik sub’yektlariga ekologik huquqbuzarliklarni qayd etish va Davlat ekologik nazorat inspeksiyasiga xabar berish huquqi berilmoqda.

Bunda, tadbirkorlik sub’yektlari javobgarlikka tortish choralari ko‘rilishi natijasida jarima sifatida undirilgan mablag‘larning 20 foizi miqdoridagi pul mukofoti bilan rag‘batlantirilishi belgilab qo‘yilmoqda.

Aholiga o‘z tashabbusi bilan chiqindixonalarga aylangan yoki tizimli ravishda chiqindilar noqonuniy ravishda tashlab ketilishi kuzatiladigan hududlarda o‘z mablag‘lari hisobidan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalarini o‘rnatish yuzasidan Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligiga buyurtma berish imkoniyati yaratilmoqda. Javobgarlikka tortish choralari ko‘rilishi natijasida jarima sifatida undirilgan mablag‘larning 20 foizi miqdoridagi pul mukofoti bilan buyurtma bergan shaxslar rag‘batlantirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Mavzuga oid
Top