Jahon | 22:34 / 16.01.2024
13605
3 daqiqa o‘qiladi

«Putin - yirtqich, muzlatilgan ovqatni yoqtirmaydi» - Zelenskiy

Ukraina prezidenti Davosda Rossiya prezidenti cheksiz urushni xohlashini aytdi. 

Foto: president.gov.ua

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Davosdagi Jahon iqtisodiy forumi ishtirokchilari oldida nutq so‘zlab, Vladimir Putinni «cheksiz urushni istaydigan «yirtqich» deb atadi. 

Zelenskiy o‘z nutqi avvalida Ukrainada keng ko‘lamli urush qariyb ikki yildan beri davom etayotganini, Qrim anneksiya qilinganiga esa qariyb o‘n yil bo‘lganini eslatdi. Bundan tashqari, uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya boshqa davlatlar hayotiga ham aralashmoqda, masalan, 13 yildan beri davom etayotgan Suriya urushiga. 

«Aslida, bir kishi kamida 13 yillik tinchlikni o‘g‘irlab, ularni butun dunyoga ta’sir qiladigan og‘riq va inqirozlar bilan almashtirdi», dedi Zelenskiy. U Putinni urush timsoli bo‘lgan odam deb atadi. 

«Putin nima istayotgani, nima qilayotgani va maqsadlari kim ekani haqida ochiq gapiradi. Urushning davomiyligi haqidagi savolga «bu urush doimiy, uning oxiri yo‘q», deb javob beradi. U shuni xohlaydi… U boshqalarga azob-uqubat keltiradigan mojarolardan zavqlanadi. Uning tinchlik takliflariga javobi Shimoliy Koreya va Erondan tobora ko‘proq qurol yetkazib berilishi bo‘ldi. Unga o‘xshagan rejimlar urush bilan yashaydi», dedi Zelenskiy. 

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, 2024 yil Ukrainadagi urushda hal qiluvchi bo‘lishi kerak, ammo mojaroni muzlatish yechim bo‘lmaydi. 

«Eslatib o‘taman, 2014 yildan keyin Donbassda urushni muzlatishga urinishlar bo‘lgan edi. Bu jarayonning o‘ta nufuzli kafillari – Germaniyaning o‘sha paytdagi kansleri, Fransiyaning o‘sha paytdagi prezidenti bor edi. Ammo Putin — muzlatilgan ovqatdan qoniqmaydigan yirtqich. Biz esa o‘zimizni, farzandlarimizni, uylarimizni, hayotimizni himoya qilishimiz kerak... Va biz tajovuzni mag‘lub etish mumkin degan g‘oyani normallashtiramiz - hatto o‘n yil va undan ko‘proq vaqt davom etayotgan Putinning tajovuzkorligini», dedi Zelenskiy. 

Bundan tashqari, Zelenskiy Rossiya atom sanoatiga qarshi sanksiyalar joriy etishni taklif qilib, ularning yo‘qligini «G‘arbning yaqqol zaifligi» deb atadi, vaholanki, Putin «atom elektr stansiyasini garovga olgan dunyodagi yagona terrorchi». 

15 yanvar kuni Shveytsariyada «Davos forumi» ochildi. Davosdagi forumning ochilish kunida Zelenskiy NATO Bosh kotibi Yyens Stoltenberg va AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken bilan ham uchrashdi.

Mavzuga oid